O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Korrupsiyaga qarshi xalqaro standart boshqaruv tizimi uchun zarurmi?

Korrupsiyaga qarshi xalqaro standart boshqaruv tizimi uchun zarurmi?
TAHLIL VA TAVSIYA

Korrupsiya dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. U jiddiy ijtimoiy, maʼnaviy, iqtisodiy va siyosiy muammolar keltirib chiqaradi hamda davlat organlari faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, rivojlanishga toʻsqinlik qiladi va raqobatni oʻldiradi.

Korrupsiya tufayli dunyo iqtisodiyoti 2,6 trillion dollarni yoʻqotmoqda, bu dunyodagi mavjud yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan koʻprogʻini tashkil etadi. Mamlakatlar hukumatlari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun turli xil davlat dasturlarini qabul qilmoqdalar, ammo uning natijasi kutilganidek samarali boʻlmayapti.

Korrupsiyani idrok qilish indeksi (Corruption Perception Index)2018-yil uchun eʼlon qilingan maʼlumotlariga koʻra dunyo mamlakatlarining 2/3 dan koʻprogʻi 0 dan 100 gacha boʻlgan shkalada 50 dan past ball toʻpladi va oʻrtacha ball 43 ga teng boʻldi. Bundan koʻrinadiki, koʻpgina mamlakatlar korrupsiyani sezilarli darajada nazorat qilishga qodir boʻlmay kelmoqdalar.

ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari – Foydalanish uchun talablar va tavsiyalar” xalqaro standartining ishlab chiqilishini global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashda muhim qadam deb hisoblash mumkin.

ISO 37001:2016 nimani anglatadi?

ISO 37001:2016 – bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini oʻzida jamlagan, korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladigan xalqaro standartdir.

ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, qoʻllab-quvvatlash, tahlil qilish va takomillashtirish uchun talablarni va rahbariy koʻrsatmalarni belgilaydi.

Standart 44 ta mamlakatdan jalb qilingan 80 nafar mutaxassisdan maxsus shakllantirilgan ISO/PC 278 “Anti-bribery management systems” ishchi qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, tashkilot faoliyatida korrupsiya bilan bogʻliq yuzaga keladigan quyidagi holatlarga nisbatan amal qiladi:

a) davlat, xususiy va notijorat sektorlarida pora olish;

b) tashkilotlar tomonidan pora olish;

s) tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ishlaydigan xodimlar tomonidan pora olish;

d)tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ish olib boradigan hamkorlari tomonidan pora olish;

e) tashkilotga pora berish;

f)tashkilotning faoliyati bilan bogʻliq tashkilot xodimlarga pora berish;

g)tashkilotning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan hamkorlariga pora berish;

h)toʻgʻridan-toʻgʻri yoki kimdir orqali (masalan, uchinchi shaxs tomonidan taqdim etilgan yoki qabul qilingan pora) pora berish kabi holatlar.

ISO 37001:2016 har qanday yurisdiksiyada va har qanday sektor hamda tarmoqda (davlat, xususiy yoki notijorat tashkilot va hokazo)korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Ushbu standart Malayziya hukumati tomonidan joriy qilingan boʻlib, ham davlat sektorida, ham xususiy sektorda ijobiy natija bergan. Xususan, Malayziyaning bir qator muhim xalqaro tadqiqotlar va indekslar boʻyicha koʻrsatkichlari yaxshilangan.

Shuningdek, Singapur va Xitoyda davlat sektorida, Indoneziya va Tailandda xususiy sektorda ISO 37001:2016 standartidan foydalaniladi.

Buyuk Britaniyada esa Birlashgan Qirollikning Akkreditatsiya Xizmati (Accreditation Service) akkreditatsiya sxemasini ishlab chiqish uchun ISO 37001:2016 boshlangʻich dasturini amalga oshirgan.

Dunyoning eng yirik kompaniyalaridan boʻlgan Microsoft ham ISO 37001:2016 standarti boʻyicha sertifikatga ega.

Nima uchun tashkilotda ISO 37001:2016 ni joriy qilish muhim?

Sir emaski, yirik tashkilot rahbari tashkilotidagi har bir xodimni nazorat qila olmaydi. Buning uchun samarali tizim kerak.

ISO 37001:2016 tashkilotga u qaysi mamlakatda faoliyat koʻrsatishidan qatʼiy nazar, korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqishda, joriy etishda, saqlashda va takomillashtirishda yordam beradi. Tizimni joriy etish:

- maʼmuriy tartib-taomillar, davlat xizmatlari va xaridlarini amalga oshirishda davlat organlarida korrupsiya faktlari toʻgʻrisida maʼlumot olishga;

- markaziy apparat va hududiy tuzilmalar kesimida korrupsiya holati

va tendensiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilishga;

- davlat idoralari, tarmoqlar, hududlar va korrupsiya turlari kesimida korrupsiya holati va tendensiyalari monitoringini amalga oshirishga;

- fuqarolarning, xodimlarning murojaatlari boʻyicha yagona tizim va maʼlumotlar bazasini yaratish, shuningdek davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi oʻqitish va halollik boʻyicha malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashning ISO 37001:2016 boʻyicha sertifikat olishning talablari 

ISO 37001:2016 boʻyicha sertifikat olish uchun korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, joriy qilingan tizimning standart talablariga muvofiqligini mustaqil audit oʻtkazish orqali tasdiqlash kerak. ISO 37001:2016 tashkilotdan bir qator tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi. Xususan:

- korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqish;

- korrupsiyaga qarshi tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish uchun masʼullarni tayinlash;

- xodimlarni oʻqitish;

- korrupsiya xavflarini baholashni oʻtkazish;

- moliyaviy va tijorat nazoratini olib borish, hisobotlar yuritish va boshqalar.

Standartga muvofiq, samarali korrupsiyaga qarshi siyosat uchun vakolatli va javobgarligi belgilangan korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatini joriy etish zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati yetarli resurslarga ega boʻlishi, tayinlangan shaxslari esa tegishli malaka, maqom, vakolatlarga va mustaqillikka ega boʻlishi kerak.

Xavf darajasi past darajadan yuqori boʻlgan barcha lavozimlarga, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurash xizmatining mutaxassislariga nisbatan tashkilot quyidagilarni oʻz ichiga oladigan tartib-taomillarni joriy etishi kerak:

-ishga qabul qilishdan, boshqa lavozimga oʻtkazish yoki yuqori lavozimga koʻtarishdan oldin har bir nomzodni kompleks tekshiruvdan oʻtkazish, ularni ishga qabul qilish va boshqa lavozimga oʻtkazishning asosliligini tekshirish, ularning korrupsiyaga qarshi siyosat va boshqaruv tizimi talablariga muvofiqligiga ishonch hosil qilish;

- boshqa mehnatga haq toʻlashni barcha turdagi ragʻbatlantiruvchi elementlarini(bonuslar, maqsadli koʻrsatkichlar va hokazo)ularni qoʻllashda korrupsiyaning oldini olish uchun yetarli himoya choralari koʻrilganiga ishonch hosil qilish maqsadida davriy tahlil qilib borish;

- xodimlar, yuqori rahbariyat va boshqaruv organi oʻzlarining korrupsiyaga qarshi siyosatiga muvofiqligini tasdiqlash uchun vaqti vaqti bilan deklaratsiyani toʻldirib turadilar.

Shuningdek, ushbu standartga muvofiq boʻlish uchun tashkilot oʻz xodimlarini yetarli darajada xabardor qilish va oʻqitishni taʼminlashi kerak. Standartda korrupsiyaga qarshi tergovni va choralar koʻrilishini taʼminlash uchun joriy qilinishi lozim boʻlgan tartib-taomillar ham belgilangan. Xususan, tergovni tergov predmetiga lavozimi va vazifalari yuzasidan aloqasi boʻlmagan xodimlar olib borishi va tergov boʻyicha maʼlumotlar faqat shunday xodimlarga taqdim etilishi lozim.

Xulosa

ISO 37001:2016 standartini joriy etish Oʻzbekistonda ham fuqarolarning ishonchini orttirish, xodimlarning halolligini oshirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish hamda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning shaffof va samarali tizimini yaratishni maqsad qilgan davlat idoralari uchun juda samarali vosita boʻlishi mumkin.

ISO 37001:2016 sertifikatini olish orqali davlat organi va boshqa har qanday tashkilot oʻzining sheriklariga, davlat idoralari va boshqa manfaatdor shaxslarga korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash va bartaraf qilish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirayotganini namoyish qilishi mumkin.

Aʼzam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

1 597
O'zA