O‘zA O`zbek

01.02.2018 15:38 Chop etish versiyasi

Korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi platformasida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mansabdor shaxslar tomonidan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qonunda ko‘zda tutilgan huquqni qo‘llash amaliyotida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etilgan.

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi bilan hamkorlikda "Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish" mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida shular haqida so‘z bordi.

Mamlakatimizda hali ham davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmi yaratilmagani, bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ularga yuklatilgan vazifalarni ijro etishlarini obyektiv baholashga to‘siq bo‘layotgani ta’kidlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida davlat organlari faoliyati ustidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Davra suhbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish, mazkur sohada tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash sohasida ijtimoiy sheriklikning mazmun-mohiyati va o‘ziga xos jihatlari ochib berildi.

Bahs-munozaralar davomida davlat organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bitimlar va shartnomalar tuzish masalalari muhokama etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari hamda davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha jamoat kengashlarini ularning tarkibiga jamoat tashkilotlari va OAV vakillarini kiritgan holda tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida O‘zLiDeP va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining ijtimoiy sheriklik doirasida "Yo‘l xaritasi" loyihasi tayyorlandi. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borish va davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha jamoat kengashlarini tuzish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
8 048