Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 18:32 Chop etish versiyasi

Korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb vazifa

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida odob-axloq qoidalariga rioya etish –korrupsiyaga qarshi kurashishning eng muhim mezoni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, o‘quv yurtlari va mazkur institutning professor-o‘qituvchilari, tinglovchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Soliyev va boshqalar korrupsiyaga qarshi kurashish – mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni davlat organlari faoliyatining ochiqligini va hisobdorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, davlat organlari, mansabdor shaxslarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirishga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.

Qonunda korrupsiya, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi iboralarning mazmuni huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.

Qonun asosida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar o‘z mazmun mohiyati, maqsadi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab berdi.

Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ham korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar belgilanganligi alohida qayd etildi.

Qonun normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida yuqorida ko‘rsatilgan Prezidentimiz qarori bilan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Davlat dasturi 51 banddan iborat chora-tadbirlarni qamrab olgan. Unda korrupsiyaga bevosita yoki bilvosita qarshi qaratilgan, uning tizimli sabablari va sharoitlarini oldini olishga yo‘naltirilgan 10 qonun, qator qonunosti hujjatlari, chora-tadbirlar rejalari loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish, turkum targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalarida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korrupsiyaga oid xuquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Anjumanda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim huquqiy baza yaratilgani ta’kidlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida odob-axloq qoidalariga rioya etish, korrupsiya bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlarini aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etishga oid masalalar yuzasidan mazkur sohadagi nazariyotchi va amaliyotchi mutaxassislar tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
841






Все о погоде - Pogoda.uz