O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 17:14 Chop etish versiyasi

Korrupsiyaga qarshi kurashgan leytenant 2 million soʻm bilan mukofotlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashgan leytenant 2 million soʻm bilan mukofotlandi
Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati

Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi Yoshlik mahallasi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektori, leytenant Shuhrat Muhamedovga hududda yashovchi fuqaro murojaat qiladi.

Murojaatda A.Azlarov tanishi J.Abdusattorovni (ism va familiyalar oʻzgartirilgan) bir ayol bilan nikohlagani bildiriladi. Masalaning yomon tomoni, J.Abdusattorovning oilasi borligini bila turib A.Azlarov yashirincha nikoh oʻqiydi.

Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, barchasi oʻz isbotini topadi. Qilmishining misi chiqqan A.Azlarov xavotirga tushib, ishni bosti-bosti qilish chorasini izlaydi. Profilaktika inspektori, leytenant Shuhrat Muhamedovga 500 ming soʻm pora taklif qiladi.

Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, profilaktika inspektorining bildirgisi asosida shu kunning oʻzidayoq oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro A.Azlarov 300 ming soʻm miqdoridagi pullarni pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qoʻlga olinadi. Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 5 sentyabr kuni fuqaro A.Azlarovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini taʼminlashda Ichki ishlar vazirligi ham korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda vazirlik tizimida xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyatida poraxoʻrlik va tamagirlik bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xizmat faoliyatini suiisteʼmol qilib, pora olganligi aniqlangan xodimlarga nisbatan qonun talablari asosida murosasiz choralar koʻrilmoqda. Shu bilan birga, tizimdagi xodimlar orasida oʻz vazifasiga sidqidildan yondashib, xizmat burchini barcha narsadan ustun qoʻyadigan xodimlar doimiy ravishda munosib ragʻbatlantirib kelinmoqda. Bu esa soha xodimlarini vatanparvarlik, el-yurtga sodiqlik ruhida xizmat olib borishida muhim omil boʻlmoqda.

Xususan, oʻz xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondashib, qonunchilik buzilishining oldini olish, fuqarolar orasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan boʻlgan ishonchning mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshganligi hamda yuksak kasb mahoratini namoyon etganligi uchun mahalla profilaktika inspektori leytenant Shuhrat Muhamedov 2 million soʻm pul bilan mukofotlandi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA