Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 16:53 Chop etish versiyasi

Korrupsiya – jamiyat kushandasi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikning ahamiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston bojxona xizmati faxriylari uyushmasi nodavlat notijorat tashkiloti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Toshkent shahar adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Bu illatga qarshi kurashish – mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur qonun qoidalarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Ushbu qaror bilan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 50 dan ortiq muhim chora-tadbirlar o‘z ifodasini topgan.

Davra suhbatida bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida qonunbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash hamda bojxona organlari saflarini nopok xodimlardan tozalash borasida aniq yo‘nalishga ega bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Toshkent-Aero” IBK tomonidan 2017-yilning o‘tgan davri mobaynida 80 ga yaqin profiklatik ma’ruzalar, uchrashuvlar, individual tartibda tarbiyaviy ishlar va suhbatlar o‘tkazilgan. Xodimlar xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni qay darajada ado etayotganligi, hushyorligi va ogohligini sinovdan o‘tkazish maqsadida turli tekshiruvlar doimiy ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 131






Все о погоде - Pogoda.uz