O‘zA O`zbek

07.02.2018 16:02 Chop etish versiyasi

Korporativ boshqaruvning muhim omillari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 8-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan akademiya tinglovchilari uchun doimiy ravishda davlat va jamoat boshqaruvi sohasidagi vazirlik, idoralar va tashkilotlarda turli mavzularda interaktiv mashg‘ulotlar, davra suhbatlari va amaliyotlar o‘tkazilmoqda.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida “O‘zbekistonda korporativ boshqaruvning rivojlanishi: shart-sharoitlar, tendensiyalar va istiqbollar” mavzuidagi davra suhbati ham shunday maqsadda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari, Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, “Toshkent” respublika fond birjasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish markazi vakillari ishtirok etgan tadbirda qo‘mita raisi R.G‘ulomov va boshqalar yurtimizda korporativ boshqaruvning rivojlanishi, xo‘jalik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarining joriy etilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish amaliy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

– Ana shunday ustuvor vazifalardan kelib chiqib, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Qurbonaliyev. – Xususan, bu borada xalqaro tajribalar o‘rganilib, 400 dan ziyod aksiyadorlik jamiyatida Korporativ boshqaruv kodeksi joriy qilindi. Kodeksga asosan 293 aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv tizimi baholandi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ular orasida 32 ta aksiyadorlik jamiyatida ushbu ko‘rsatkich yuqori, 244 tasida qoniqarli, qolganlari past va qoniqarsizdir. Bugungi tadbirda yurtimizda korporativ boshqaruvni rivojlantirish jarayonidagi bu kabi dolzarb masalalar yechimi va ularni hal etish choralari haqida ishtirokchilarga bilim va tushuncha berish juda muhim hisoblanadi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida 2 ming 67 nafar tinglovchi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining o‘quv kurslarida ta’lim oldi. Ulardan 202 nafari Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv kurslarida, 95 nafar faol va iqtidorli tinglovchi Germaniyaning yetakchi kompaniyalarida tajriba orttirish imkoniga ega bo‘ldi.

– Bugun korporativ boshqaruvga oid muhim va dolzarb mavzularda ma’ruzalar tingladik, – deydi akademiya tinglovchisi O‘.Ahrorov. – Mavzuga doir interaktiv mashg‘ulotning o‘tkazilishi ushbu soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmamizni yanada mustahkamladi. Unda korporativ boshqaruv tizimini amaliyotda keng joriy etish, uning ahamiyati, bu borada xorij tajribasi hamda xo‘jalik jamiyatlari ijroiya organi faoliyati samaradorligini baholash mezonlari haqida ma’lumot, ko‘rsatma va yo‘l-qo‘riqlar berildi. Bu yerda olgan bilim va tajriba faoliyatimizni samarali tashkil etish uchun muhim ahamiyatga egadir.

Tadbirda tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
9 350