O‘zA O`zbek

01.08.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirusga qarshi vaksinani kim birinchi ishlab chiqaradi AQSHmi yoki Rossiya?

Koronavirusga qarshi vaksinani kim birinchi ishlab chiqaradi AQSHmi yoki Rossiya?

COVID-19 virusiga qarshi tezlik bilan ishlab chiqilayotgan vaksina xavfli emasmi? Vaksinani kim birinchi boʻlib ishlab chiqadi? Axborot maydonidagi ishonchli manbalardan ushbu savollarga javob topishga urinib koʻrdik.

Bir qancha davlatlarda COVID-19ga qarshi vaksina tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda. Koʻpgina davlatlar koronavirusning ikkinchi toʻlqinida virusga qarshi vaksina bilan himoya qilinishga umid qilmoqdalar. Jiddiy savol tugʻiladi, rekord darajadagi qisqa muddat ichida ishlab chiqilayotgan vaksina samarali boʻladimi?

Rossiya qisqa muddat ichida vaksina ustidagi ishlarini yakunlashini bir necha marotaba maʼlum qildi. Rossiyaning Bosh vazir oʻrinbosari Tatyana Golikovaning taʼkidlashicha hozirda vaksina boʻyicha ikkita samarali tadqiqot mavjud. Ulardan biri Gamalei nomidagi Moskva epidemiologiya instituti va mamlakat Mudofaa vazirligi hamkorligida olib borayotgan tadqiqotdir.

Golikovaning soʻzlariga koʻra ushbu institut sentyabrda vaksina ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi kerak. Rossiyaning vaksina ustidagi ikkinchi tadqiqoti Novosibrskning “Vektor” markazida olib borilmoqda. “Vektor” markazi vaksinani sentyabrda roʻyxatdan oʻtkazib, oktyabr oyida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.

Yil yakuniga borib, AQSHning “Moderna” kompaniyasi ham vaksina ishlab chiqara boshlashini maʼlum qilgan. Ushbu markaz vaksinasi hozirgacha 30 ming nafar koʻngillilarda sinab koʻrilgan.

Vaksina samarali va xavfsizligiga toʻliq ishonch hosil qilingach, markaz 10 milliondan ortiq miqdorda vaksina ishlab chiqarishi kutilmoqda.

2020-yil soʻnggida Angliyaning Oksford universiteti vaksinasi ham tayyor boʻlishi kutilmoqda.

Bahorda tadqiqotchilar vaksina ishlab chiqish ishlari bir yil muddatdan kam boʻlmasligini taʼkidlagan edilar. Endilikda qisqa muddat ichida koronavirusga qarshi vaksina tayyor boʻlgani aytilmoqda. Bu vaksinalar xavfli va samarasiz ekanligini anglatmaydimi?

Mazkur savolga Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi xalqaro vaksinalar ishlab chiqarish instituti xodimi Mixael Favorov “Euronews” telekanali muxbiriga quyidagicha javob bergan.

“Bu savolga aniq javob berish qiyin. Chunki, shu vaqtgacha hech qachon bunchalar qisqa vaqt ichida vaksina ishlab chiqilmagan va tabiiyki uning natijasi ham kuzatilmagan. Biroq, texnologiyalar oʻzgarmoqda. 10 yil avval iloji yoʻq boʻlgan ishlar bugun oddiy holga aylanmoqda. Vaksinaning birinchi faza sinovlari koʻpincha oson kechadi. Eng qiyini va asosiysi ikkinchi faza hisoblanadi. Ikkinchi fazada vaksina olganlarni olti oy davomida kuzatish lozim. Bu faza sinovlari toʻliq Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti meʼyorlari asosida oʻtkazilishi shart”, deydi institut ilmiy xodimi Mixail Favorov.

Ilmiy xodimning qayd etishicha, vaksina sinov jarayonlari uzoq muddat talab etgani sabab noyabr va hatto yanvar oylarida ham ommaviy ravishda odamlarni emlash jarayoni boshlanmasligi mumkin. Uning fikricha sinovlar tugagach, vaksina ishlab chiqarish jarayoni ham maʼlum vaqt talab qiladi. Hamda vaksina tayyor boʻlgunicha qoʻyilgan talablar, bir nechta fazali sinov jarayonlari uni toʻliq xavfsizligini taʼminlab beradi.

Shuningdek, Mixail Favorov“Euronews”ga bergan intervyusida Rossiyaning Gamalei nomidagi instituti ishlab chiqqan vaksinani koʻrmagani va uni samaradorligini isbotlab berishmaganini maʼlum qilgan. Uning fikricha mazkur institut vaksinani hayvonlarga qilib koʻrmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri odamlarda sinay boshlagan.

Shu bilan birga tadqiqotchi kuz faslida virusning ikkinchi toʻlqini boshlanishi ehtimoli yuqori ekanligini aytmoqda. “Koʻpincha respiratorli yaʼni nafas yoʻli viruslari kuz, qish fasllarida kuchayishi kuzatiladi. Koronavirus ham bundan mustasno boʻlmasligi mumkin”, deydi Mixail Favorov.

3 091
O'zA