O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirusga olingan test natijasi 24 soatda mаʼlum qilinadi

Koronavirusga olingan test natijasi 24 soatda mаʼlum qilinadi


Andijondagi xususiy shifoxonalarda koronavirusga test olinmoqda.

Andijon shahridagi “Sogʻlom tabassum” xususiy korxonasiga qarashli Tibbiy-diagnostika markazi fuqarolarda koronavirus infeksiyasi bor-yoʻqligini tekshiruvchi ana shunday nodavlat tibbiy muassasalardan biri.

Ayni kunda kasallikka gumoni boʻlgan, ammo alomatlarini sezmagan shaxslar mazkur markazda test tahlillarini topshirmoqda.

– Joriy yilning 23-iyulidan test oʻtkazish amaliyotini joriy qilganmiz, – deydi markaz ish yurituvchisi Dilbaroy Qodirova. – Bir kunda oʻrtacha 50 ta murojaat boʻlmoqda. Ular nafaqat Andijon shahrida, balki viloyatning boshqa shahar va tumanlarida yashovchi fuqarolardir. Tahlil natijasi 24 soatda maʼlum qilinmoqda.

Markaz binosi oldiga chodir-palatka tiklangan. Shu yerning oʻzida murojaatlar qabul qilinmoqda. Mutaxassis shifokorlar murojaat qiluvchilar haqidagi maʼlumotlarini qayd etib, tahlil uchun bodomsimon bezdan surtma olishmoqda.

– Men viloyatdagi qoʻshma korxonalardan birida mehnat qilaman, –dedi murojaat qiluvchilardan biri. – Hamkasblarimdan biri kasallikda gumon qilingani uchun ish joyimda shifokorlar mendan ham tahlil uchun surtma olishgan. Menda kasallik aniqlanmadi. Lekin maʼlum muddat isitmalab, uy sharoitida davolandim. Hozir sogʻligim yaxshi. Garchi oddiy isitmaga chalingan boʻlsam-da, har ehtimolga qarshi markazda yana bir bor tekshiruvdan oʻtyapman. Mana shunday markazlarning faoliyat yuritayotgani menimcha, kasallikni erta aniqlashga yordam beradi.

Test olish jarayoni koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblar hamda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda amalga oshirilmoqda.

photo_2020-08-05_12-00-31.jpg

photo_2020-08-05_12-00-32.jpg

photo_2020-08-05_12-00-34.jpg


2 035
F.UBAYDULLAYEV, Z.UMRZOQOV (surat), OʻzA