O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirus xalqimizni xayrli ishlardan toʻxtata olmaydi

Koronavirus xalqimizni xayrli ishlardan toʻxtata olmaydi

Koronavirus deb atalgan balo dunyo xalqlarini tashvishga solayotgan bugungi kunda ham koʻplab yurtdoshlarimiz oʻzlarining xayrli ishlari bilan odamlarga yaxshilik qilishga intilmoqda.

Navroʻz mehr-oqibat, saxovat, ezgulik ayyomi. Navroʻz azal-azaldan xalqimiz uchun xayrli va ezgu ishlarga tamal toshi qoʻyiladigan muborak kun. Navroʻz arafasida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Keksalar, xastalar, muhtojlar xolidan xabar olinadi, odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin, mushkulini oson qiladigan ishlar ado etiladi. Jumladan, xalqimiz sinovli kunlarni oʻtkazayotgan bir paytda Navroʻz bayrami kuni izboskanlik bir guruh tadbirkor va fermerlar tashabbusi bilan 1 ming 650 metr masofaga asfalt yotqizilganligi fikrimizga bir misoldir.

Tadbirkorlar Azamjon Sodiqov, Abduxalil Abidov, Baxtiyorjon Mamadaliyev, fermerlar Ulugʻbek Mirzaqosimov, Usmonjon Habibullayev oʻzaro maslahatlashib, Navrúz bayrami kuni Izboskan tumani, Manguberdi mahallasidagi Boburshoh kúchasining 1 ming 650 metr qismiga oʻz hisoblaridan asfalt yotqizib, mahalla ahlining duosini oldi.

- Saxovat, mehr-oqibat bor joyda baraka boʻladi, — deydi “Manguberdi” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Abdumannob Yoʻldoshev. – Tadbirkor, fermerlarimizning saxovati bilan mahalla ahliga katta qulaylik yaratildi. Endi mahalladoshlarimiz qishda loy, yozda chang koʻchada yurishdan qutildi.

Maxsus texnikalar yordamida hashar yoʻli bilan amalga oshirilgan bu ishda mahalla ahli, ayniqsa, yoshlar chetda turmadi. Har bir kishi qoʻlidan kelgan ishni bajarib, xayrli ishga oʻz hissasini qoʻshdi.

Mazkur mahalladagi 34-umumtaʼlim oʻquvchilari uchun stipendiya joriy etgan tadbirkor Abduxalil Abidov asfaltlangan koʻchaga yoritish chiroqlari oʻrnatish va toʻlovini oʻz hisobidan amalga oshirib borishini maʼlum qildi. Bundan tashqari, yoʻlning ikki chetiga gul va manzarali daraxt koʻchatlarini ekish, koʻchani yana-da obod qilishga ham kelishib olindi.

Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning yana-da saxovatli, hamjixat boʻlishga, xalqimiz orasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

1 418
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMRZOQOV (surat), OʻzA