O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirus bilan kasallanganlarga xususiy tibbiyot tashkilotlari ham xizmat koʻrsatadi

Koronavirus bilan kasallanganlarga xususiy tibbiyot tashkilotlari ham xizmat koʻrsatadi

“Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot“ telegram kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga, istisno tariqasida, 2020-yil 1-sentyabrga qadar tibbiy xizmat koʻrsatishga ruxsat berildi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish faqat Sogʻliqni saqlash vazirligi va nodavlat tibbiyot tashkiloti oʻrtasida tuziladigan shartnomaga koʻra amalga oshiriladi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, istisno tariqasida, tanlov (tender) oʻtkazmasdan aniqlanadi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarining koronavirus bilan kasallanganlarga tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlari Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, zaruratga koʻra, nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan kelishgan holda ularning laborator-diagnostika xizmatlaridan foydalaniladi.

595
OʻzA