O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

KORONAVIRUS: Allaqachon boshlanishni kerak boʻlgan yangi erani tezlashtirmoqda

KORONAVIRUS: Allaqachon boshlanishni kerak boʻlgan yangi erani tezlashtirmoqda

MULOHAZA UCHUN FAKTLAR

Karantin davrida masofadan turib ishlashning ahamiyati har qachongidan ham ortib ketdi. Yangi va nostandart bandlik shakli axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bilish bilan bevosita bogʻliq ekanligi sir emas. Internet tarmogʻining keng rivojlanishi mehnat munosabatlari sohasidagi odamlar uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlarni ochdi.

Aslida masofaviy ish tushunchasi amerikalik olim Djek Nilles tomonidan ilgari surilgan boʻlib, u 1972-yilda ofisda xodimlarni ushlab turish kerak emas, ular qayerda boʻlsa ham manfaat keltirishi birlamchidir, degan gʻoyani bildirgan edi. Chunki zamonaviy kommunikatsiya vositalari xodimlar oʻrtasidagi aloqani masofadan boʻlsa ham olib borish imkonini bera boshlagan edi.

Oʻz nazariyasini amalda sinab koʻrish uchun Janubiy Kaliforniya universitetida muvaffaqiyatli tajribalar oʻtkazdi. Uning loyihalari Amerika milliy ilmiy jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan.

Hukumat masofadan turib ishlash gʻoyasini rivojlantirishga, uni shaharlarda keskin boʻlgan transport muammolarining yechimi sifatida koʻrishga qiziqish bildirdi. Yangi mehnat tashkiloti bu masalalarni yechish barobarida, chekka qishloq hududlari aholisi bandligini taʼminlashi mumkin edi.

AQSHda hozirgi vaqtda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning deyarli uchdan bir qismi, kompaniyalarning esa 60 foizi ish bilan bandlikning noanʼanaviy yaʼni moslashuvchan shakllari bilan qamrab olinganki, bu qulay vaziyat bugungi inqiroz sharoitida juda qoʻl kelmoqda.

Ishlab chiqarish va xizmat binosini ijaraga olish katta xarajat talab qilayotgan hozirgi paytda korxona va tashkilotlarda funksiyalarning bir qismini masofada turib ishlashga oʻtkazish salmoqli mablagʻlarni tejash, raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.

Masofadan ishlash davlat organlarida, tashkilot va kompaniyalarda qogʻoz va hujjat yozishmalari xarajatlarini 67 foizga, jamoat transporti vositalari sarfini 5 foizga, mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi xarajatlarini 14 foizga va jamoat transport vositalari xarajatlarini 5 foizga kamaytirar ekan.

AQSHda kichkina korxonalar masofadan ishlash hisobiga har yili 10 ming dollardan ortiq mablagʻ tejab qolmoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida bugungi kunda masofadan turib mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan asosan oliy taʼlimga ega 26-42 yosh oʻrtasidagi kishilar shugʻullanayotgani maʼlum boʻldi.

Shu jumladan, agar masofada turib ishlayotgan xodimlarning 45 foizi kichik va oʻrta biznes sohasi hissasiga toʻgʻri kelsa, yirik kompaniyalarda bu koʻrsatkich 29 foizni tashkil qilmoqda. Masofaviy ish turlari esa soʻnggi 15 yilda 11 marotabaga koʻpaygan.

Nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Bunday formatdagi ishni boshlayotgan xodimlar uchun jiddiy sinov. Ular kutilgan natijaga erishishlari uchun jarayonni puxta oʻzlashtirib olishlari kerak. Chunki bir nafar xodim tomonidan qoidalarga rioya qilinmasligi jamoadan zanjir uzilishiga va ishning toʻxtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Masofadan turib ishlashda avval diqqatni jamlagan holda, alohida uy sharoiti boʻlishi, chalgʻituvchi narsalardan holi muhit yaratilishi muhim. Masalan uyda muzlatgich, televizor, uy hayvoni yoki qilinishi zarur boʻlgan uy yumushlari boʻlsa, chalgʻimaslik mumkin emas.

Hammasiga ulgurish uchun vaqtni toʻgʻri taqsimlab olish, ayrim uy ishlarini tushlik vaqtidan unumli foydalangan holda bajarib olish mumkin. Masofadan ishlash jarayonida asosiy muvofiqlashtiruvchi bilan yaqin amaliy muloqotni oʻrnatish, uyda oʻzingiz uchun har tomonlama qulay boʻlgan, shu bilan birga ishxona rahbariyati bilan bogʻlanish uchun maqbul boʻlgan kiyimni kiyish, tez-tez qisqa muddatlarda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanib borish nihoyatda dolzarbdir.

Chunki uy sharoitida bir joyda oʻtirish, harakatsizlik salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, vaziyatni toʻliq nazoratga olish shart.

Murakkab sharoitda bu nima beradi?

Murakkab sharoitlarda, epidemiologik vaziyatlar kuchayganda, favqulodda vaziyatlarda masofadan turib ishlash koʻp jihatdan foydalidir. Bu iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydi, ishchining daromadlari kamayib ketmasligining va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yaxshi vositasi hamdir. Taʼlim olish jarayonlarining ham barqaror davom etishiga hissa qoʻshadi.

Oʻzbekistonda ham hozirda umumtaʼlim maktablarning 6,1 million nafar oʻquvchilari masofadan turib onlayn-saboqlar olayotganini fikrimizni tasdiqlaydi.

Taniqli olim Gerbert Uellsning taʼkidlashicha, insoniyat hayoti davomida Yerda yashash uchun moslashib borgan. Korporativ dunyo bilan ham xuddi shu narsa roʻy beradi: biznes va virusning girdobli harakati davrida ham samarali yechim topish va qulay sharoitlarda yashashda davom etish asosiy vazifa boʻlib qolaveradi.

Nargiza ABDURAXMANOVA

1 364
OʻzA