O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Koreyalik jurnalistlar yurtimizdagi OAV haqida qanday fikrda?

Koreyalik jurnalistlar yurtimizdagi OAV haqida qanday fikrda?

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi oʻrtasida jurnalistika sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuv imzolangan edi. Shunga muvofiq kuni kecha yurtimizga Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kyu Sung boshchiligidagi bir guruh OAV vakillari tashrif buyurdi.

Maʼlumki, koʻplab sohalarda xalqaro hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur amaliy tadbir ham ayni maqsadni koʻzlagan. Dastlab koreyalik jurnalistlar poytaxtimizdagi Koreys madaniyat markaziga bordi va ushbu markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda mazkur markaz raisi Viktor Pak Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub fuqarolar bilan ishlash, ularning jamiyatdagi oʻrni, olib borayotgan faoliyati xususida soʻzlab berar ekan, yurtimizda turli millat va elat vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida fikrlarini bildirdi. Shundan soʻng mehmonlar Toshkent viloyati hududida joylashgan “Xvan Man Gыm” muzeyida ham boʻlishdi.

Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kyu Sung va soha mutaxassislari “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatida boʻlib, jurnalistlar va bir qator bosma OAV bosh muharrirlari va jurnalistlar bilan uchrashdi. Yurtimizga amaliy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, mustahkamlash maqsadida kelgan koreyalik hamkasblar oʻzlaridagi OAV faoliyati xususida soʻzlab berdi.

Shuningdek, mehmonlarga yurtimizdagi axborot makoni, media mahsulotlari, bosma nashrlar faoliyati haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Muloqot davomida ikki davlat ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish kerakligi xususida soʻz yuritildi.

Koreyalik jurnalistlar guruhi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi media markazida boʻlib sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro informatsion maydonda raqobatlashadigan raqamli formatdagi milliy telefilmlar, dastur va seriallar, milliy badiiy telemahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan mediamarkazdagi zamonaviy multimedia va texnik vositalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu bilan birga koreyalik jurnalistlar Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ham boʻldi. Ular universitetdagi taʼlim jarayonlari, kadrlar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdi.

– Koreyada taxminan 50 ming nafarga yaqin jurnalist bor, – deydi Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kyu Sung. – Shularning oʻn ming nafari assotsiatsiyaga aʼzo. Shundan taxminan 20 foizi ayollardir. Lekin bugungi kunda ayollarning soni ham koʻpayib bormoqda. Yurtingizga tashrif davomida Oʻzbekiston OAV faoliyati xususida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim. Faoliyatda oʻxshash jihatlar hamda farqli tomonlar bor ekan. Bizda jurnalistlar assotsiatsiyaga kirish uchun talab, shartlar juda qiyin. Aʼzolikka qabul qilingach, davlat ahamiyatiga molik boʻlgan OAVda ishga joylashish ancha osonlashadi. Nufuzli mukofotlarga tavsiya etiladi. Shu bois, assotsiatsiyaga kirish uchun ariza beruvchilar juda koʻp. Sizlarda bu boshqacha ekan. Lekin Oʻzbekistonda ham soʻnggi vaqtlarda ochiqlik, xolislik prinsiplariga tayanilayotgani, oʻzgarishlar boʻlayotganini koʻrish mumkin. Biz bu boradagi hamkorligimizni davom ettiramiz. Oʻzbekistonlik jurnalistlarga fikr almashish, jurnalistlar malaka oshirishini taʼminlashga oid oʻz hamkorligimizni taklif etamiz.

Koreyalik OAV vakillari Samarqand va Xorazm viloyatlarida boʻlishi rejalashtirilgan.

1 744
Barno MELIQULOVA, OʻzA