Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 14:49 Chop etish versiyasi

Konstitutsiya – farovon kelajagimiz garovidir

Parlament quyi palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchilari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan tamoyil va qoidalar negizida yurtimizda milliy qonunchilik tizimi barpo etildi. Bosh qomusimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalishiga, hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan samarali islohotlarga asos bo‘ldi. Fuqarolarimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, siyosiy faolligini oshirishda ham uning ahamiyati beqiyos.

Tadbirda Konstitutsiyamizning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi. Bosh qomusimiz me’yorlarini amaliyotga tatbiq etish borasidagi samarali ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Konstitutsiyamizga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar mohiyati tushuntirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar va ularning ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning tashkil etilganligi jamiyatimizda yoshlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, iqtidorini rivojlantirish hamda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Komissiyaning mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan foydalanish darajasini o‘rganish, joylarda yoshlar masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni doimiy tahlil qilib tegishli tavsiyalar ishlab chiqishga oid istiqboldagi vazifalari muhokama etildi.

Tinglovchilarning Qonunchilik palatasi faoliyati, unda yoshlar masalalariga qaratilayotgan e’tibor, yangi qonun loyihalarining maqsad va vazifalari haqidagi savollariga komissiya a’zolari javob berdi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
5 216