O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Konstitutsiya – birdamlik zanjiri

Konstitutsiya – birdamlik zanjiri

Munosabat 

Har yili Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni yuqori kayfiyat bilan kutib olamiz, o‘zgacha shukuhda bayram qilamiz. Bu bejiz emas. Uning qadr-qimmatini, ahamiyatini har birimiz dil-dildan his etamiz. Chunonchi, Konstitutsiya mamlakatimiz mustaqilligining huquqiy poydevori, inson huquq va erkinliklarining kafolati, birdamlik zanjiri, tenglik mezonidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasini mehr-muhabbatimiz, qalbimiz bilan qarshi oldik, butun vujudimiz bilan tingladik.

Darvoqe, Prezidentimiz tomonidan keltirilgan purma’no iqtibos ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. “Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb ta’kidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi”. Darhaqiqat, davlatning erkin va adolatli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik davlat bo‘lishida Konstitutsiyaning ahamiyati cheksiz. Zero, davlat qurilishida Konstitutsiya va qonunlar ustuvor bo‘lar ekan, mamlakatda taraqqiyot bo‘ladi, adolat bo‘ladi, farovonlik bo‘ladi. Bu esa, ertangi kuniga ishonch bilan yashayotgan xalqimiz uchun juda muhimdir.

Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilgani bejiz emas. Prezidentimiz ma’ruzada ana shu prinsipni amalga oshirish uchun bizda qat’iy siyosiy iroda va yetarli imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdi. Jumladan, inson huquqlarini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish uchun milliy strategiya yaratish taklifini o‘rtaga tashladi. Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini o‘qitishning uzluksiz tizimini yaratish, umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash markazlarida “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari” nomli maxsus o‘quv kurslarini joriy etish taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bugun Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Shunday unutilmas kunda Davlat rahbarining inson huquqlariga oid teran fikrlarini mushohada qilish juda ham quvonarli. Albatta, bunday jonkuyarlik eng odil, eng adolatli mamlakat rahbariga xos. Prezidentimizning kuyunchaklik bilan inson huquqlarini o‘qitishning uzluksiz tizimini yaratish haqidagi qarashlari xalqimizni norozi qilayotgan ayrim qonunni mensimaydigan amaldorlarning huquqiy ongini shakllantirib qo‘yishi shubhasiz. Zero, amaldorning ishchanlik darajasi inson huquqlarini hurmat qilish darajasi bilan o‘lchanadi.

Ma’ruzada oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish, tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma yoki litsenziya olish, soliq to‘lash kabi ko‘plab kundalik hayotiy masalalarni hal etishda “qonunni chetlab o‘tish” holatlari ham qoralandi. Bunday illatning ildizlarini qirqish lozimligi ta’kidlandi. Juda to‘g‘ri. Qonunni chetlab o‘tuvchi, tadbirkorlikka to‘g‘onoq bo‘luvchi, korrupsiyaga moyil shaxslar oramizda bo‘lar ekan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga soya solaveradi. Buning uchun biz jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo toqatsizlik madaniyatini shakllantirishimiz darkor. Korrupsiya bilan kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligini unutmasligimiz lozim. Qolaversa, qonunni chetlab o‘tish bu jinoyat, bu zulm. Imom at Termiziydan rivoyat qilinishicha, gunohlarning ichida eng og‘iri zulmdir.

Ochig‘ini aytganda, sudlar mustaqilligini ta’minlamasdan inson huquqlarini to‘laqonli himoya qilish imkoni bo‘lmaydi. Hali-hamon sud ishlariga tashqaridan bosim o‘tkazish holatlari sezilib turibdi. Bu muammo Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus eksperti xulosasida ham qayd etilgan edi. Shu sababli ham davlatimiz rahbari sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida qat’iy belgilab berdi. Sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart ekanligini ta’kidladi. Darhaqiqat, sudlar faqat qonunga buysinishi lozim. Aks holda, uning xolisligi shubha ostida qoladi.

Inson huquqlarini ta’minlashda advokatura institutining ham o‘z o‘rni va roli bo‘lishi kerak. Bu borada qonun hujjatlari bosqichma-bosqich takomillashtirib borilayotganiga qaramasdan amaliyotda muammolar bisyor. Ma’ruzada ta’kidlanganidek, 33 milliondan ortiq O‘zbekiston aholisiga faqatgina 4 mingta advokat xizmat ko‘rsatayotganini ijobiy baholab bo‘lmaydi. Bunday achinarli holatga barham berish uchun avvalo advokat kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Qolaversa, ularning nufuzi va maqomini oshirish, advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash, ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, har bir advokat malakali huquqiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur choralarni ko‘rish, advokatura faoliyatiga oid qonunlar ijrosi yuzasidan kuchli va samarali nazorat o‘rnatish, sud jarayonida advokat va prokuror o‘rtasidagi tenglik prinsipini amalda ta’minlash choralarini ko‘rish vaqti keldi.

Prezidentimiz mulk huquqi daxlsizligi va davlat himoyasida bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtalganligi ham ayni muddao bo‘ldi. Kelasi yildan e’tiboran hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishi oqilona qarordir. Buni mulk daxlsizligini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy qadamlardan biri, deb aytish mumkin. Shu paytga qadar hokimlar yerdan foydalanish huquqini beradigan qarorlarni o‘zlari qabul qilar, vaqti kelganda esa, ularni o‘zlari bekor qilishi ham mumkin edi. Endi ana shu vakolatni cheklashning fursati yetdi. Chunki, bunday vakolat faqat hokimga berilishi turli adolatsizliklarga sabab bo‘layotganligini ko‘plab misollar ko‘rsatmoqda. Konstitutsiyamizning 53-moddasida turli shakldagi mulklarning tengligi belgilangan bo‘lib, ularning barchasi qonun himoyasidadir. Mulk huquqidan faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilangina mahrum etilishi mumkin. Zero, faqat shu yo‘l bilan xalq roziligiga erishamiz, farovon kelajagimiz kafolatini qonun ustuvorligida ko‘ramiz.

Ma’ruzada davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozimligi tilga olindi. Ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko‘zgusi”ga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi xitob shaxsan Prezidentimizdan yangragani bizni behad quvontirdi.

Darhaqiqat, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak. Rahbarlarning jurnalistlarga nopisand munosabati, o‘zini OAVdan olib qochishi ochiqlik va oshkoralikka putur yetkazish bilan bir qatorda yurtimizning xalqaro maydonda obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Amaldorlar ommaviy axborot vositalaridan gunohkor odam ko‘zini olib qochganidek, qochmasligi lozim. Aksincha, tanqid qabul qilish, hazm qilish va xulosa chiqarish uchun ham zarur. Undan to‘g‘ri xulosa chiqarish, o‘zini o‘zi isloh qilish muvaffaqiyatlar garovidir.

Bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida quyi va o‘rta pog‘onadagi rahbarlar uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv tashkil etish o‘rinli, deb bilamiz. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, inson huquqlarini hurmat qilish mamlakat taraqqiyotining eng muhim shartidir. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga tomoshabin bo‘lmasligimiz, ularning ichida bo‘lib, daxldorlik bilan ishlashimiz, namuna ko‘rsatishimiz, kamarbasta bo‘lishimiz, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yanada jipsroq birlashishimiz lozim. Zero, Konstitutsiya – birdamlik zanjiridir.

4 523
Abdukamol RAHMONOV, O‘zA