Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 15:53 Chop etish versiyasi

Konstitutsiya bilimdonlari aniqlandi

Konstitutsiya bilimdonlari aniqlandi “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Konstitutsiyamiz – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, xususan, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini, bu borada ta’lim muassasalarida Konstitutsiyamiz alohida fan sifatida chuqur o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida "Konstitutsiya alifbosi", "Odobnoma", "O‘qish", "Atrofimizdagi olam", "Tabiat" fanlari o‘tilmoqda. O‘tiladigan darslarda o‘kuvchilarga ilk huquqiy saboqlar – qoida, burch, vazifa kabi tushunchalarni oddiy hayotiy misollar asosida o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.

3 (1).jpg

Shuningdek, 5-7 sinflarda “Konstitutsiya olamiga sayohat” darsi, 8-sinfda "O‘zbekiston davlati va huquq asoslari", 9-sinfda "Konstitutsiyaviy huquq asoslari", 10-sinfda "Davlat va huquq asoslari" fanlari yordamida ijodiy fikrlay oladigan, hayotiy muammolarga mustaqil ravishda to‘g‘ri munosabat bildira oladigan, bilimli yoshlarni shakllantirishga e’tibor qaratiladi.

Har yili an’anaviy tarzda barcha umumta’lim maktablarida o‘quvchi-yoshlarga Konstitutsiyani chuqur o‘rgatish maqsadida targ‘ibot oyligi o‘tkazilib kelinmoqda. Bu o‘g‘il-qizlarning Konstitutsiyamiz haqidagi bilimini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Mazkur tanlov ham o‘quvchilarning Bosh qomusimiz haqidagi bilimini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tanlovning quyi bosqichlarida 2 milliondan ziyod o‘g‘il-qiz qatnashdi.

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 14-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Qurbonova insho yo‘nalishi bo‘yicha birinchi, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 103-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Iroda Husniddinova ikkinchi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi 21-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nilufar Mirzabekova uchinchi o‘rinni egalladi.

10.jpg

Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi 30-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dildora Saidakbarova birinchi, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 66-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulhayo Shokirova ikkinchi, Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Guli Rahimova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shahnoza Mamaturopova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
5 310