O‘zA O`zbek

25.05.2019 08:00 Chop etish versiyasi

Kollejlar xususiylashtiriladimi?

Kollejlar xususiylashtiriladimi?

Mamlakatimizda yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, kasb-hunar ta’limi tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, tan olish lozim, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash eng og‘riqli masalalardan biridir.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 13 may kuni qabul qilingan «Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi muammolarni hal qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi.

Hujjatga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari hamkorligida kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun, shuningdek, mehnat bozoridagi real ehtiyojni hisobga olgan holda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish loyihasi ishga tushiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik nima?

Bugun mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlariga bu tajriba muvaffaqiyatli tarzda joriy qilindi. Davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini barcha sohalarga joriy etishda chet el tajribasini o‘rganish, tahlil qilish va ulardan foydalanish O‘zbekistonning yanada rivojlanishida muhim omil bo‘ladi.

Davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish ta’lim muassasalarining xarajatlarini rejalashtirish va sarflash shaffofligini ta’minlash choralarini ko‘rish, faoliyatining ochiqligi va ular mustaqilligining oshirilishi davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va ularning investitsion jozibadorligini oshiradi.

Kollejlarni davlat-xususiy sheriklikka o‘tkazish kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlarda yaratilayotgan yangi ish joylari, shuningdek, mehnat bozoridagi real ehtiyojga ko‘ra, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Kollejlar tayyor mutaxassis yetkazib beradi

— Ta’kidlash joiz, uzoq yillardan buyon kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi og‘riqli nuqtalardan biri edi, — deydi Respublika kasb-hunar ta’limi markazi boshqarma boshlig‘i O‘tkir ALIMJONOV. — Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritadigan kasb-hunar kollejlari esa ushbu muammoga yechim bo‘ladi. Bunda kadrlar tayyorlash masalasida rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari ommalashtiriladi. Endilikda korxona bevosita kadrlar tayyorlash jarayonida ishtirok etishi, o‘zi uchun zarur xodimga ushbu kasbning qaysi jihatlarini chuqurroq o‘rgatish lozimligi bo‘yicha talab va tavsiyalarini bildirishi mumkin. Shunga ko‘ra, biz ta’lim dasturlarimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Ya’ni malakali arxitektor, dizayner, dehqon, fermer, texnolog, muhandis singari mutaxassislar bevosita dars jarayonida ishtirok etib maslahatlarini berib borishi mumkin.

Ushbu kollejlarda o‘tiladigan darslar faqat nazariya bilan cheklanib qolmaydi. Buyurtmachi korxonalar bilan kelishilgan holda o‘quvchi dars davomida olgan bilimini bevosita amaliyotda sinovdan o‘tkazib boradi. Yirik korxonalarga biriktirilgan kollejlar o‘sha korxonaning bir qismiga, ya’ni korxona uchun kerakli kadrlarni ishlab chiqaruvchi tarmog‘iga aylanadi.

Mutaxassislar tayyorlash muddati qanday?

Tabiiyki, bu jarayonda savol tug‘iladi. Kadrlarga ehtiyoji bor korxona davlat-xususiy sheriklik asosidagi kollejga buyurtma bergach, o‘zi uchun kerakli kadrlar yetishib chiqishini qancha kutadi? Bu muddatda o‘sha kadr bajarishi lozim bo‘lgan ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketmaydimi?

— Yangi tartibga ko‘ra, uch yildan keyin kadr tayyorlab berish degan tushuncha yo‘q, — deydi Respublika kasb-hunar ta’limi markazi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Aziz MELIBOEV. — Avvallari kollej o‘quvchilari kasbdan qat’i nazar, uch yillik o‘qishni tamomlagandan so‘nggina biror korxonaga ishga kirishi mumkin edi. Endilikda oddiyroq kasb bo‘yicha mutaxassislar qisqaroq, murakkab kasb bo‘yicha mutaxassislar esa 2 yilgacha bo‘lgan muddatda tayyorlanadi. Bu jarayonda buyurtmachi korxona uchun yengillik shundaki, nazariya va amaliyot bir vaqtning o‘zida olib boriladi. Ya’ni o‘quvchi o‘qish davomida o‘rganganlarini bevosita ish jarayonida ham qo‘llashi va bu orqali korxonaning ushbu mutaxassisga bo‘lgan talabini qondirishi mumkin bo‘ladi. Bu tajriba dunyoning qator rivojlangan davlatlarida «dual ta’lim» tizimi deb nomlanadi. Unga ko‘ra, o‘quvchi haftaning ba’zi kunlarida nazariy, qolgan kunlarida amaliy bilim oladi.

Deylik, gidroponik usuldagi issiqxona tashkil qilgan korxona buyurtmachi sifatida kollej bilan shartnoma imzoladi. Uning talabiga ko‘ra, tayyorlanayotgan kadr ma’lum muddat davomida sohadagi yangiliklarni o‘rganib, ish beruvchi bilan kelishgan holda amaliyotga joriy qilishi mumkin. Natijada ham amaliy, ham nazariy bilimlarini mustahkamlab borgan o‘quvchi o‘qishni tamomlaguncha tajribali mutaxassis bo‘lib yetishadi.

Tadbirkor bo‘lish uchun ham uquv kerak

Bugun mamlakatimizda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imtiyozlar yaratilgan, tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilmoqda. Biroq hamma ham o‘sha kredit bilan tadbirkor bo‘lolmaydi. Buning uchun tajriba, uquv va malaka zarur. Deylik, kollejni bitirgan o‘quvchi buyurtmachi korxonada ishlashni xohlamadi. Aksincha nazariy va amaliy bilimlarini qo‘llab, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Buning uchun unda yetarli tajriba va kasbiy malaka borligi bois uning muvaffaqiyatga erishishi nisbatan yengilroq kechadi.

Zero, qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha sohani ipidan ignasigacha bilish, turli kutilmagan vaziyatlarga tayyor bo‘lish muvaffaqiyatga yetaklaydi. Shunday ekan, o‘qish jarayonida amaliyotda bevosita ishtirok etgan o‘quvchilar tajriba to‘plashi va o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi ham mumkin bo‘ladi. Zero, u amaliyot davomida kamchiliklar va yutuqlarni sarhisob qilish va faoliyatini mustahkam asos bilan boshlash imkoniga ega bo‘ladi.

O‘qitish tizimi qanday bo‘ladi?

Xususiy sherikchilik asosidagi kasb-hunar kollejlarida o‘qitish shartnomada ko‘rsatilgan tartibda bo‘ladi. Ya’ni buyurtmachi va davlat o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, o‘qish davomidagi xarajatlarning ma’lum qismi davlat tomonidan, qolgani esa korxona tomonidan to‘lab borilishi ko‘zda tutilgan. Shundan kelib chiqqan holda o‘qitish xarajatlari ishlab chiqiladi. Bu jarayonda korxona o‘zi buyurtma bergan xodimlarining o‘qishi uchun ketadigan xarajatlarni o‘z hisobidan qoplab boradi. Lekin ikki taraflama shartnomadan tashqarida bo‘lgan xarajatlarga davlat budjetidan mablag‘ yo‘naltirilishi ham mumkin bo‘ladi. Shuningdek, o‘z qiziqishi doirasidagi kasbni o‘rganish istagidagi o‘quvchi istagan kollejiga borib, pul to‘lab bilim olishi va hunar egallashi mumkin bo‘ladi.

Savol tug‘iladi, kollejlar buyurtmachi uchun zarur kadrni yetkazib bergandan so‘ng qarovsiz holda qolib ketmaydimi?

— Kollejlar faqat bitta buyurtmachi yoxud ma’lum ta’lim shakli bilan cheklanib qolmaydi, — deydi O‘tkir ALIMJONOV. — Muntazam ravishda mutaxassisliklar ham, buyurtmachilar ham o‘zgarib turishi mumkin. Bugun yurtimizning barcha hududlarida yangi-yangi korxonalar ishga tushmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ishchi kuchiga ehtiyojni yuzaga keltiradi. Shunday ekan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi kasb-hunar kollejlari doimiy talabga muvofiq faoliyat yuritadi.

Ta’kidlash joiz bu jarayonda kollej direktorining ishbilarmonligi, faoliyatini tartibli tarzda yo‘lga qo‘yishi va kelajak rejalarini to‘g‘ri tuzishiga ham ko‘p narsa bog‘liq.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida kasb-hunar kollejlarida o‘qitish sifati va samaradorligini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, pirovardida turmush farovonligini yuksaltirish, farzandlarimizning tanlangan mutaxassisliklarini puxta egallashlari uchun zarur imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Darvoqe:

Kollejlar qaerlarda tashkil qilinadi?

Bu yil eksperiment tarzida davlat-xususiy sheriklik asosidagi kollejlarni tashkil etish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, ular respublikaning har bir hududiga chiqib, mazkur loyiha bo‘yicha talabgor korxonalar va kollejlarning bugungi kundagi holatini o‘rganadi. Natijada talabga ko‘ra, har bir hududda davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat ko‘rsatadigan kollejlar tashkil etiladi. Mazkur loyiha ma’lum muddatga belgilangan bo‘lib, yakunda uning samaradorligi ishchi guruh tomonidan tahlil qilinadi. Shunga ko‘ra, loyiha yildan-yilga kengaytirib boriladi.

Ayni paytda ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni tashkil etish uchun kasb-hunar kollejlari hamda ularga biriktirilgan yirik korxonalar va klasterlar ro‘yxati tuzilgan. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmi bo‘yicha tashabbus bildirgan korxonalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Tez orada Davlat-xususiy sheriklik prinsipi asosida kasb-hunar ta’limida kadrlar tayyorlashni tartibga soladigan nizom loyihasi tayyor bo‘ladi.

Farhod TOLIPOV
Manba: «Mahalla» gazetasi

O'zA
1 342