O‘zA O`zbek

20.08.2018 18:13 Chop etish versiyasi

Ko‘zlarimda yashnagan gulistonim...

Ko‘zlarimda yashnagan gulistonim...
Bolalik orzularim qanot yozgan nurli pallalar onam oymomoga tikilib ertak aytardi. Ezg‘ilab yoqqan yomg‘ir ko‘nglimizga hadik aralash ajib hislar bag‘ishlardi. Uyimiz tomidan o‘tgan chakki tovoqlarga tinimsiz tomardi. Biz – bolalarning xayoli onamiz aytgan afsonaviy ertaklar og‘ushiga g‘arq bo‘lardi. Bu ertaklar ezgulik bilan tugardi. Shu-shu onam aytgan ertaklar qahramoniga aylandim. Goh mag‘lub, goh g‘olibman...

...Yoshligi dalada kechgan, maktab, kitob va fandan yiroqlashgan bolaning mahzun nigohi hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. 1985 yilning kuzida Moskvada harbiy xizmat burchimni o‘tab qaytayotganimda poyezdda menga ikki Belarus zobiti hamroh bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdik. Meni Vatan sog‘inchi o‘rtaydi – Ona tuprog‘imni ta’riflayman...

Bugun hayotimizda yangicha ma’no zohir. Hamma narsa xalq manfaati uchun xizmat qilmoqda. Biz sahroda bog‘ qilyapmiz. Cho‘lda bo‘ston yaratamiz. Gap isboti bilan, sariosiyolik Nosirxon ota To‘raqulov Toqchi qishlog‘ining bepoyon qirlarida ikki yuz gektar lalmi bog‘ni yurak mehri bilan ko‘kartirmoqda. Shig‘il hosilli nihollarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Surxon vohasining beqiyos tuprog‘ini kezib yurganimda behisob o‘zgarishlardan boshim ko‘kka yetdi. Yurtning bebaho tuprog‘iga qiyos topishga qiynaldim.

Bugun mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning qadami uzilmay qoldi. Ular tinchlik hukmron mamlakatga keladi...

Faxr eturman to abad, men O‘zbekistonim bilan,

Ko‘zlarimda yashnagan tengsiz gulistonim bilan.

O‘chmagay qalbimda sham, otashli so‘z izlar qalam,

Qancha yozsam shuncha kam, bitmas dostonim bilan.

Hilpirar bayrog‘imiz – bizning yuksak tog‘imiz,

Ketdi dil chanqog‘imiz, osuda har onim bilan.

Charx urib uchgay Humo, tinchlik topar qalbimda jo,

Qo‘l ochib aylang duo, xush davru davronim bilan.

Izlagay imkonga yo‘l, maqsad buyuk dovonga yo‘l,

Eng ulug‘ karvonga yo‘l, boshlovchi sorbonim bilan.

O‘rgilib tuprog‘ida, mehru muhabbat bog‘ida,

Hurriyat ardog‘ida, kuylay dilu jonim bilan.

Sarbaland Axtamquli, har bir g‘azal ishqim guli,

Ezguliklar hosili pishgay yurak qonim bilan.

Axtamquli, shoir.

O‘zA
2 576