O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Ko‘zi ojizlar uchun ham normativ-huquqiy kitoblar chop etiladi

Ko‘zi ojizlar uchun ham normativ-huquqiy kitoblar chop etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” huquqiy axborot markazi” davlat muassasasida “Ochiq adliya” (“Open Justice”) dasturi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat tashkiloti vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar, o‘quvchi-yoshlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda markaz faoliyati va vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidagi (Lex.uz) o‘zgarish, yangilik va qulayliklar, “Adolat” nashr belgisi bilan chop etilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ma’lumki, “Adolat” huquqiy axborot markazi mamlakatimizdagi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini yuritish, qonun hujjatlarini milliy bazada rasmiy nashr etish, normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlarga elektron shaklda yetkazish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan belgilangan tartibda foydalanishi, autsorsing shartlarida yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlarning rasman chop etilishini ta’minlash ham markaz vazifasiga kiradi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, markaz bazasi – Lex.uzda hozirga qadar 75 ming 913 normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar joylashtirilgan. Bugungi kunda bu bazani butun dunyoda turib kuzatib borish mumkin. Jumladan, AQSh, Germaniya, Angliya, Janubiy Koreya, Belarus, Rossiya, Ukraina kabi davlatlarda ham foydalanuvchilar bor. Birgina oktabr oyida saytni dunyoning 115 ga yaqin mamlakatidan qariyb 670 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatgan. Saytdagi qonun hujjatlari nafaqat davlat tilida, balki, rus, ingliz va qoraqalpoq tillarida ham e’lon qilinmoqda.

– Bugungacha “Adolat” nashr belgisi bilan mamlakatimizda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida 900 ga yaqin nomda qariyb 10 million nusxa adabiyotlar nashr etilib, aholiga yetkazildi, – dedi “Adolat” huquqiy axborot markazi direktori Alijon Ochilov. – Nashr etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega, ommabop adabiyotlar haqida “Adolat” huquqiy axborot markazining telegram, facebook, instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallariga muntazam ravishda axborot kiritib borilmoqda. Bu esa har bir qabul qilinayotgan farmon, qaror, normativ-xuquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ahamiyatini fuqarolarga tezkorlik bilan yetkazish, ularni qiziqtirgan savollar, masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish imkonini soddalashtirmoqda. Shuningdek, joriy yilda 1519 ta qabul qilingan qonun hujjati 142 davlat organi va tashkilotiga himoyalangan aloqa kanallari orqali yetkazib berildi.

Markazda nashr etilgan O‘zbekiston Respublikasi kodekslari, qonunlari, yuridik va boshqa turdagi adabiyotlarni kitobxonlar www.adolatmarkazi.uz internet do‘konidan sotib olmoqda.

Tadbir ishtirokchilari markaz tomonidan nashr etilayotgan kitoblar narxini arzonlashtirish kerakligini aytdi. Markaz mutaxassislari bu holatni o‘rganib chiqishni, ko‘zi ojizlar uchun ham maxsus kitoblar chop etilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.

706
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA