O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Ko‘rgan ko‘zga, eshitgan quloqqa yomon

Ko‘rgan ko‘zga, eshitgan quloqqa yomon

Nega ko‘cha-ko‘yda o‘zbek tilida noto‘g‘ri yozilgan so‘zlar ko‘p? Ijtimoiy tarmoqlarda son va harflar qorishmasidan iborat “yangi yozuv” usuli qanday paydo bo‘ldi? Nima uchun hatto tilning sha’ni, obro‘siga mas’ul madaniyat xodimlari – taniqli va havaskor xonandayu aktyorlar ham ona tilimizni “buzib” gapiradi?

Shaxsan mening bu masalada fikrim shunday: hamma gap bolalikda tilga munosabat qanday shakllantirilganiga bog‘liq. Aniqrog‘i, inson yoshlikdan to‘g‘ri yozishni o‘rganmadimi, u to‘g‘ri gapirmay, tilni bilmay ulg‘ayadi ham. O‘ttiz yillik pedagoglik faoliyatim mobaynida ko‘rgan va kuzatganlarimdan shunday xulosaga keldim.

Gap shundaki, til bolalikdan o‘rganiladi. Avval oilada, keyin bog‘chada, so‘ng maktabda. Mana shu zanjirda eng muhim bo‘g‘in, albatta, maktab. Chunki oilada ota-ona so‘zlashuv tilida muloqot qiladi, bolaning tili deyarli shu asosda chiqadi, shakllanadi. Xullas, uning yon-atrofida qaysiki so‘z jaranglasa, uni eshitib, olam va odamni taniydi.

Bog‘chada esa sof ona tilini o‘rganish uchun dastlabki qadamlar qo‘yiladi. Asosan, she’r, ertak, hikoya, maqollar orqali bola adabiy tilga yaqinlashadi. O‘z-o‘zidan maktab ona tilining me’yorlari, qonun-qoidalarini o‘rgatuvchi asosiy maskan. Demak, o‘quvchining ona tilini qanchalik yaxshi bilishi ko‘p jihatdan o‘qituvchining mehnatiga bog‘liq.
Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, maktabda bolaga o‘zbek tilini o‘rgatishda ayrim nozik jihatlar bor. Masalan, bitta sinfda yurtimizning turli hududidan kelgan o‘quvchilar tahsil oladi va tabiiyki, ularning so‘zlashuv tili ham bir-biridan farq qiladi. Bu albatta, sheva bilan bog‘liq. Bir viloyatning shevadagi so‘zi boshqa viloyatdan kelgan o‘quvchi uchun notanish, xuddi yangilikday gap. Aynan mana shu nuqtada har ikkisi uchun ham tushunarli bo‘ladigani, albatta, adabiy til va buni o‘rgatish boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining zimmasida.
Ayrim paytlarda hududlarning o‘ziga xos shevasini mazax qilguvchilar bor oramizda. Boshqalar oldida o‘z shevasidan uyalib, uni o‘zgartirishga urinuvchilar ham topiladi. Bular ko‘rgan ko‘zga, eshitgan quloqqa yomon. Lekin na ilojki, haqiqat. Shubhasizki, har ikki holat tilga nisbatan hurmatsizlik. Shevalar ona tilimizning muhim bo‘lagi axir. Faqat qachon va qaerda undan foydalanishni bilish kerak, xolos. Misol uchun, qay bir hududda bo‘lmasin, maktablarda o‘qituvchi dars jarayonlarini adabiy tilda olib borishi shart. Tasavvur qiling, bola uyda, ko‘chada sheva yoki so‘zlashuvga xos so‘zlarni eshitadi. Aslida u qanday talaffuz qilinadi, qanday yoziladi? Bu kabi savollarga to‘liq va to‘g‘ri javobni faqat maktab o‘rgata oladi.

Bugun farzandlarimizni yozuv masalasida ham biroz qiynab qo‘yyapmiz. Bog‘chada, maktabda lotin yozuvida savod chiqargan bola televizor, gazeta va jurnallar, ko‘cha-ko‘ydagi turli ko‘rgazma vositalarida kirill alifbosida yozilgan so‘zlarni ko‘rib, chalkashib ketyapti. Masalan, kirill yozuvida “mo‘jiza” so‘zi, lotin yozuvida “moʻjiza” tarzida yoziladi. Bir qarashda ko‘zga ko‘rinmas va arzimas bo‘lib tuyulgan birgina belgi bolani chalkashtirib qo‘yishi hech gap emas. “Sentabr”ni “sentabr”, “militsiya”ni “militsiya” ko‘rinishida yozishni o‘rgangan o‘quvchida ona tilimizda bir so‘z ikki yozuvda ikki xil yozilishi nega degan savol keltirib chiqarishi ehtimolga yaqin. Bunga o‘quvchilarim misolida ko‘p bor ishonch hosil qildim.

O‘quvchiga so‘zlarni to‘g‘ri yozishga o‘rgatish ona tilini hurmat qilishda o‘ta muhim. Aynan shu asosda bola so‘zdan so‘zni farqini biladi, ma’nosiga e’tibor qaratadi. So‘zni qanday yozilsa, shu tarzda talaffuz qilish kerakligi xotirasiga muhrlanadi.

To‘g‘ri yozish madaniyati ayni paytda savodxonlik darajasidan ham darak beradi. Bu darajani rivojlantirish usuli esa juda oddiy: diktant, bayon va erkin mavzuda insho olish kifoya.

Yozma ishlar o‘quvchining qanchalik to‘g‘ri yozishigina emas, so‘zlarni o‘z o‘rnida, o‘z ma’nosida qo‘llay olishi, gapni to‘g‘ri tuzish ko‘nikmasi va so‘z boyligining holati ham oydinlashtiradi. Shu bois bu tadbirlarni tez-tez tashkil etish maqsadga muvofiq.

Faoliyatim davomida yana shu narsa ishonch hosil qildimki, o‘quvchiga ona tilini o‘rgatishda eng muhim mezon, avvalo, unga muhabbat, hurmat uyg‘otish. O‘quvchi ona tilining nima uchun muqaddasligini, uni bilishning muhimligini anglab yetmas ekan, o‘rganishga xohishi, ishtiyoqi bo‘lmaydi.

Shaxsan men bu borada bunda badiiy adabiyotning, kitobning ko‘magidan a’losini bilmayman. Bolaga ko‘proq she’r, hikoyalar o‘qib berish, u yoqtirgan, yaxshi ko‘rgan narsalarini munosib ta’riflab berish orqali tilga mehr uyg‘otish mumkin. Chunki har bir voqealik o‘quvchi ko‘z o‘ngida so‘z tasviri bilan jonlanadi, o‘sha so‘zning qudrati va quvvati bilan unda qandaydir kechinmalar uyg‘onadi. Shu asosda o‘quvchida so‘zlarning rang-barangligi, ma’nosi, bir biriga bog‘lanishi, qo‘llanilish o‘rni bo‘yicha tushuncha paydo bo‘la boshlaydi.

Hozir farzandlarimiz bog‘cha yoshidanoq rus, ingliz tillarini bilib ulg‘aymoqda. Menimcha, ayni shu davrda o‘zbek tilini o‘rgatishga ko‘proq e’tibor qaratilsa, bola chet tillariga nisbatan ona tilini yaxshi bilib voyaga yetgan bo‘lardi. Chunki, kuzatishlarimga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasasida rus yoki ingliz tilini o‘rgangan bola maktabga kelib o‘zbek tili qonun-qoidalarini o‘zlashtirishga qiynalib qolyapti.

Bularning bari bir qarashda oddiy, ehtimol muhim emasday tuyular. Ammo aslida hech narsa til kabi insonga o‘zini anglashida katta yordam bermaydi. Farzand bolalik payti o‘zini, qoni va joniga singgan qadriyatlarni tushunmasa, maqsadlarini to‘g‘ri belgilay olmaydi. U yoshligidan o‘z tiliga bepisand qaradimi, demak, ulg‘ayguncha va umrining oxiriga qadar shu kayfiyatda qoladi. Ona tilini mensimaganlarni aslida madaniyatli jamiyat ham mensimaydi, hurmat qilmaydi. Afsuski, buni ularning o‘zi yo biladi yo bilmaydi.

Saodat UMAROVA, 
Toshkent shahridagi 276-maktab o‘qituvchisi.

505
Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA