O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi

Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi

Ammo bu maqol hammaga ham tegishli emas ekan. Bir necha bor odamlarni aldagani, firibgarlik qilgani, ishonchini suiisteʼmol qilgani uchun xorazmlik Raʼno Qosimova (ism-sharif oʻzgartirilgan) kechirilgan boʻlsa-da, yana shu ishni takrorlayverdi. U ushbu jinoyatni qasddan sodir etaverdi. Nazarida bu ishini hech kim bilmaydigandek tuyuldi.

Ammo xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. Oʻzganing mulkini firibgarlik bilan qoʻlga kiritishga odatlanib qolgan fuqaro urganchlik B.Rahimovni ushbu tumandagi Yuqoribogʻ qishlogʻi hududida yangi qurib bitkazilgan ikkita hovli-joyning kadastr hujjatlarini uch oy ichida tayyorlab berishi mumkinligi, buning evaziga 8 million soʻm pul toʻlovi borligini aytib, uni aldagan. Pul evaziga boʻlsa-da, ishni bitirib beraman degan koʻmakchi eshik qoqib turganidan quvongan yurtdoshimiz unga pulni qoʻshqoʻllab topshirgan.

Ammo aslida qoʻli hech qayerga yetmaydigan firibgar sodda insonni chuv tushirganidan quvonib, pullarni oʻz ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan. 

Vaqt choʻzilib ketayotgan boʻlsa-da, oʻzini juda ishbilarmon qilib koʻrsatgan firibgar ayol ushbu fuqaroning yana birorta ishi boʻlsa, pulini olib yechim topib berishga koʻndirgan. Urganch tumanidagi Qorovul qishlogʻida joylashgan ochiq yer maydonidan 30 millionga yer olib berishni vaʼda qilib, oldindan 3 million soʻm olgan. Ish choʻzilib ketavergach, B.Rahimov ishongani firibgar ekanini anglab yetgan. 

Huquq-tartibot organlariga qilingan murojaatidan soʻng, mazkur ish yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Ammo firibgarlik yoʻli bilan pul olgan fuqaro bu ishlarni tan olmagan.

Ammo shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Asl aybdor firibgarlik qilgan ayolmi oʻzi? Oʻz kasbini suiisteʼmol qilgan mutaxassisdan ishini bitirib berishini soʻrab pul bergan fuqaroda ayb yoʻqmi? Agar vaʼda qilingan ishni bitirib berganida ham bu pora emasmidi? Nega oʻzi davlat idoralariga borib muammosini hal etmadi?

“Qars ikki qoʻldan chiqadi”. Shunday ekan firibgarni qoʻllab-quvvatlayotgan, koʻr-koʻrona unga ishonib, yordam berayotganlarda ham ayb bor. Ular jinoyatning ildiz otishiga sabab boʻlmoqda.

Ushbu masalaning eʼtiborli tomoni shundaki, R. Qosimova hovli-joylarining kadastr hujjatlari toʻliq emasligi, rasmiylashtirish jarayoni choʻzilishi, tayyorlanishi kerak boʻlgan hujjatlar koʻpligi, ushbu hujjatlarni tayyorlash uchun har bir hovli-joy uchun 5 million soʻmdan jami 10 million soʻm xarajati borligini aytgan.

Lekin B.Rahimov bu mutaxassis, “oʻz kasbining ustasi” bilan shu vaqtda 8 million soʻmga kelishgan. Agar ushbu belgilangan pullar davlat hisobiga tushishi kerak boʻlganida, uni shuncha qisqartirish mumkin boʻlarmidi? Shu maʼlumotning oʻziyoq bu ish shubhali ekanini anglatishi kerak emasmidi?

Surishtiruv jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 95-moddasiga asosan baho berilib, firibgarning voqeani rad etib bergan koʻrsatmalari muqarrar javobgarlikdan qutilish maqsadida qilingan saʼy-harakat deb baholandi. Tergovoldi tekshiruv davrida toʻplangan hujjatlar, yuzlashtirish bayonnomasi, yuzlashtirish tergov harakatlari yozib olingan DVD disk hamda boshqa ish materiallarida toʻplangan dalillar bilan isbotlangan deb hisoblandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 11 oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 35-sonli qarorining 18-bandida, “Agar shaxsning qasdi oʻzganing mulkini koʻp miqdorda egallashga yoʻnaltirilgan boʻlib, u aybdorga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra oxiriga yetkazilmagan boʻlsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qatʼiy nazar, qasd yoʻnaltirilganligidan kelib chiqib, koʻp miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak” – deb belgilangan.

Sudlanuvchi Raʼno Qosimova takroran qasddan firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 25 va 168-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. 2 yil 3 oy ozodlikni cheklash jazosi va 23 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ochiqlikda oʻtkaziladigan cheklash davrida fuqaro muntazam nazoratda boʻladi.

Bu qaror ushbu fuqaroning kelgusida jinoyat sodir etmasligi, oilasi va fa


rzandlari yonida boʻlib, oʻz kamchiligini tuzatishi uchun bir imkoniyat tarzida qoʻllanildi.

2 380
Barno Meliqulova, OʻzA