O‘zA O`zbek

02.07.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Ko‘p tarmoq – ko‘p daromad

Ko‘p tarmoq – ko‘p daromad
Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 21 ming gektar ekin maydonining 8 ming gektarida g‘alla, 6 ming 800 gektarida paxta yetishtirilmoqda.

– Mirishkorlarimiz davlatga 22 ming 300 tonna g‘alla, 22 ming tonna paxta sotish shartnoma rejasini bajarish uchun astoydil mehnat qilmoqda, – deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Umarov. – G‘alla yetishtirish va g‘o‘za parvarishida “Beshbuloq”, “O‘zbekiston”, “Yangi hayot” suv iste’molchilari uyushmalari yetakchilik qilmoqda. “Orol ne’matlari”, “Burgutli Uchqun”, “Nurli bo‘ston fayz” kabi fermer xo‘jaliklari davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan uddaladi.

Tumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining alohida o‘rni bor.

– Joriy yilda 30 gektar yerda g‘alla yetishtirdik, 20 gektarda paxta parvarishlayapmiz, – deydi “Orol ne’matlari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari B.Begmatov. – G‘alla hosildorligi o‘rtacha 80 sentnerni tashkil etdi. Davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini 127,4 foizga uddalab, 85,5 tonna o‘rniga 110 tonna sara don topshirdik. Ayni paytda somonni maxsus texnika yordamida preslab, qish mavsumiga jamg‘armoqdamiz.

Xo‘jalikda 450 bosh qoramol, 300 bosh qo‘y-echki, 150 bosh yilqi boqilmoqda. Joriy yil 20 gektarlik havzada baliqchilik tashkil etildi. Sun’iy ko‘lga yil boshida sazan, oq amur, do‘ng peshona kabi baliq chavoqlari tashlandi.

Fermer xo‘jaligining 13,2 gektar bog‘i va 2 gektar tokzorida ham mo‘l hosil yetishtirildi. Ayni paytda 45 tonna olxo‘ri eksport qilish uchun tayyor.

Xo‘jalikda parvarishlanayotgan 3 ming 500 o‘rdak soni yaqin vaqtlarda 10 mingga yetkazilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yil kuzda tashkil etilgan 10 sotixli issiqxonada yetishtirilgan pomidor, bodring va turli ko‘katlardan 20 million so‘m daromad olindi.

Doimiy 70, mavsumiy 130 kishi ish bilan ta’minlangan xo‘jalikning yillik daromadi ham qilinayotgan mehnatga yarasha salmoqli. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi va chorva mahsulotlaridan hamda fermer xo‘jaligiga qarashli tantanalar zali, maishiy va savdo obyektlaridan jami 1 milliard 500 million so‘m daromad qilindi.

Daromad bor joyda yangi loyihalarni amalga oshirish, tarmoqni kengaytirishga harakat bo‘lishi tabiiy.

– Bu yilgi daromaddan 200 tonna sig‘imga ega sovutgich-omborxona qurishni rejalashtirganmiz, – deydi fermer. – Albatta, bu katta mablag‘ talab qiladigan ish, shuning uchun bankdan yana 1 milliard so‘m kredit oldik. Kelgusida tevarak-atrofda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kuz-qishga sifatli saqlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Umuman, tumanda “Orol ne’matlari” kabi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni yil sayin ortib bormoqda. Ko‘p tarmoq – ko‘p daromad berishini “Orol ne’matlari” fermer xo‘jaligi faoliyati misolida ko‘rayotgan boshqa xo‘jaliklar ham shunday yo‘ldan borishni maqsad qilgan.

A.Qayumov, O‘zA
3 655