Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 12:08 Chop etish versiyasi

Ko‘p qavatli uyning muammosi ham ko‘pmi?

Kattaqo‘rg‘on Samarqand viloyatidagi ikki yirik shahardan biri bo‘lib, azaldan hunarmandlik markazi, madaniyat va ma’rifat maskani sifatida dong taratgan. O‘ttizdan ortiq mahallaning aksariyati uzoq tarixga ega va ularning har birida yashovchi aholi muayyan kasb-hunar bilan shug‘ullangan.

O‘tgan asrda shaharda ko‘plab korxona va tashkilotlar, muassasalar tashkil etilishi bilan ishchi-xodimlarga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida ko‘p qavatli uylar bunyod etildi. Bugunga kelib Kattaqo‘rg‘ondagi 210 ta ko‘p qavatli uyda 18 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Tabiiyki, bir necha o‘n yillar davomida foydalanib kelinayotgan ko‘p qavatli uylarni saqlash, issiqlik manbai, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan har yili zarur chora-tadbirlar ko‘rish, kuz-qish mavsumiga tayyorlash taqozo etiladi.

Aslida har bir xonadon, oila o‘zi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga harakat qiladi, hovli-joyini tartibga keltiradi, yoz oylaridayoq qish tadorigini ko‘radi. Ko‘p qavatli uylar aholisi esa bu yumushni ko‘pchilik bo‘lib, birgalikda amalga oshirishi lozim. Bu ishda ularning o‘zi tashkil etgan uy-joy mulkdorlari shirkati bosh bo‘lishi kerak.

– Prezidentimizning 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida dastur ishlab chiqilgan, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi bosh mutaxassisi Jamshid Ahmedov. – Ushbu dasturda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish uchun tegishli sohalar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan va ularning faoliyati hokimlik tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda. Mavsumga tayyorgarlik jarayonida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining texnik holati, kommunal xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, shu paytgacha ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha tijorat banklari tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 4 milliard 799,9 million so‘m kredit mablag‘larining 2 milliard 652 million so‘mi o‘zlashtirildi. Shuning hisobidan 35 ko‘p qavatli uy mukammal, 14 tasi joriy ta’mirlandi. Bu uylarning tom qismi, 13 tasining yerto‘lasi, 128 uyning kirish yo‘laklari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 62 uyning kirish yo‘lagiga temir eshik o‘rnatildi, yo‘laklarga zamonaviy romlar qo‘yildi. 1,9 ming metr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi. 11,3 ming metr/kvadrat uy oldi qismi yo‘laklari beton qorishmasi bilan qoplandi.

Hisobotlar, yuqori idoralarga taqdim etilgan ma’lumotlarda hammasi risoladagidek, barcha uylar mavsumga to‘liq tayyor go‘yo. Amalda-chi, vaziyat qanday? Bir qator ko‘p qavatli uylar holati bilan tanishib, aholi bilan suhbatlashib, savollarga javob izladik.

– Uyimizga “Dilorom Pardayeva” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi, – deydi 9-uyda yashovchi Qahramon Najimov. – Ochig‘i, yog‘in-sochin kunlar yaqinlashsa, yuragimizni hovuchlab o‘tirardik. Chunki, uyning tom qismi yillar davomida ta’mirlanmagani bois xonadonimizning to‘rt-besh joyidan chakka o‘tardi. O‘tgan yili qo‘shnilar bilan o‘zimiz tomni qora qog‘oz va bitum bilan yopdik, ammo bu ham uzoqqa bormadi. Bu yil nihoyat sifatli tunuka bilan yopishdi. Bundan barchamiz xursandmiz.

Biroq, mazkur hududda mavsumga tayyorgarlik o‘z vaqtida amalga oshirilyapti, deb bo‘lmaydi. Jumladan, aynan 9-uy hovlisidagi yo‘laklar hanuz beton qilinmagan, atrof obodonlashtirilmagan. Bolalar maydonchasi o‘rni tartibga keltirilmagan. Bu yerga o‘rindiqlar, oddiy o‘yin qurilmalari o‘rnatish hech kimning xayoliga kelmaganga o‘xshaydi.

Mavsumga tayyorgarlik bilan bog‘liq ishlardagi kamchiliklar 12-uyda ham mavjud.

– Shu uyning 16-xonadonida yashayman, – deydi Gulnora Alimova. – Sovuq kunlar boshlanmasdan turib elektr ta’minotida uzilishlar boshlandi. Buning sababini so‘rasak, uyimizdagi barcha xonadonlar bitta liniyada ekani va bu ortiqcha kuchlanishga olib kelayotganini aytishadi. Lekin muammoni bartaraf etish chorasini ko‘rishmaydi. Yo‘laklardagi elektr shitlari ham tartibsiz holatda.

Darvoqe, yana bir holat e’tiborimizni tortdi. Shahardagi deyarli barcha ko‘p qavatli uylarni qish mavsumida issiq suv va issiqlik bilan ta’minlash bir necha yillardan buyon asosiy muammo bo‘lib kelmoqda. Markazlashgan qozonxona va isitish tarmog‘i allaqachon ishdan chiqqan. Buning oqibatida aholi xonadonini turli elektr va gaz pechlari bilan isitishga majbur bo‘lmoqda. Har bir ko‘p qavatli uyga zamonaviy, kichik qozonxona o‘rnatish bo‘yicha bir qator loyihalar mavjud. Lekin hozircha ularni amalga oshirish qiyin kechmoqda. Bu borada ayni paytda poytaxtimiz va boshqa yirik shaharlarda muqobil energiya manbaalari va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha joriy etilayotgan tizimni qo‘llash haqida o‘ylab ko‘rilsa yaxshi bo‘larmidi?

G‘olib Hasanov, O‘zA
492






Все о погоде - Pogoda.uz