Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 12:49 Chop etish versiyasi

Ko‘p qavatli uylar qish mavsumiga tayyormi?

Farg‘ona viloyatida kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Tuman va shaharlarda ishchi guruhlari tashkil etilib, tayyorgarlik ishlari qat’iy nazoratga olingan.

Prezidentimizning 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli uylar, umumiy foydalanish joylari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan o‘z vaqtida va yetarli darajada ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Hozirgi kunda tegishli tashkilotlar va ishchi guruhi tomonidan joylarda mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘rganib chiqilmoqda, – deydi Farg‘ona shahar uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i A.Haydarov. – Shahardagi 1 ming 225 ko‘p qavatli uy va barcha tashkilot-korxonalarda bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Shu kungacha ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha tijorat banklari tomonidan ajratilgan 20 milliard so‘m kreditning 12,4 milliard so‘mi o‘zlashtirildi. Ko‘p qavatli uy-joy fondini va mavjud bino-inshootlarning asosiy muhandislik tarmoqlari, texnologik uskunalarini kuz-qish davriga tayyorlash, ehtiyojiga qarab joriy va mukammal ta’mirlash, korxonalarni ko‘mir, mazut, texnik gaz, tuz, tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv bilan ta’minlash, suyultirilgan gazni hududlar bo‘yicha yetkazib berish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ko‘p qavatli uy-joy fondining qish mavsumiga tayyorgarligi holati bo‘yicha joylarda jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, ular tomonidan uy-joylardagi mavjud holat o‘rganilmoqda. Bajarilgan yumushlar sifatini ta’minlash maqsadida mas’ul idoralar vakillaridan iborat jamoatchilik komissiyalari tuzilgan bo‘lib, ish ushbu komissiya dalolatnomasi asosida qabul qilinayotir.

Amalga oshirilayotgan bunday ishlar mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, xonadonlar va korxonalarning qish mavsumini muammosiz o‘tkazishini ta’minlash imkonini beradi.

– Hududimizdagi 31 ko‘p qavatli uyda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muruvvat Haydarova. – Shu kungacha 24 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la, kirish yo‘laklari, tom qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Uylarning kirish yo‘lagiga akfa romlar qo‘yilib, temir eshiklar o‘rnatildi.

Bu borada “Mahliyo kommunal plyus”, “Obod kommunal invest”, “Maqsad kommunalchi” va “Kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining xizmati katta bo‘lmoqda. Ayni kunlarda ishlab chiqilgan tadbirlar asosida barcha ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilayotir. Bunda, albatta, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar muhim o‘rin tutmoqda.

Lekin viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ngildagidek olib borilayapti, deb bo‘lmaydi. Masalan, Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida ko‘p qavatli uylarning issiqlik tizimini qurish va qayta ta’mirlash uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kredit mablag‘i ajratishda “Savdogarbank”, “Trastbank”, “Turonbank”, “Xalq banki”, “Kapitalbank”, “Mikrokreditbank” kabi tijorat banklarining filiallari tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. “Aloqabank”, “Hamkorbank”, “Turonbank”, “Kapitalbank”, “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish rejasi bajarilmagan. Albatta, vaqt kutib turmaydi. Agar mazkur banklar rahbarlari masalani zudlik bilan hal etmasa, muammo ko‘lami yanada ortadi.

Xalqimizda “Qish g‘amini yozda ye” degan naql bejiz aytilmagan. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini quyoshli, g‘animat kunlarda amalga oshirmagan tegishli soha mutasaddilarining yer chizib qolishlari turgan gap.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
970






Все о погоде - Pogoda.uz