O‘zA O`zbek

29.08.2018 13:25 Chop etish versiyasi

Koʻnglim togʻdek koʻtarildi...

Koʻnglim togʻdek koʻtarildi...

“Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganim haqidagi xabarni eshitganimda Samarqandda, oʻzim tugʻilib oʻsgan Narpay tumanida edim...

Xushxabarning qanoti bor, deganlari rost ekan. Bir, ikki soat oraligʻida otamning hovlisi tabriklovchilarga toʻlib ketdi. Ular orasida menga oʻqish va yozishni oʻrgatib, qalbimga ziyo baxsh etgan keksa oʻqituvchilar, odamiylikdan saboq bergan hamqishloqlarim, bolalikda ogʻir kasal boʻlib qolganimda davolagan qishloq vrachi Ibrohim Qayumovning, meni fan olimpiadalariga tayyorlagan Roʻzibuvi opaning, men uchun atayin Samarqand shahriga borib kitoblar olib kelib bergan Hamdam togʻamning, men bilan bir sinfda oʻqigan sinfdoshlarimning, ayniqsa, ilhomim parilari qishlogʻim ayollarining borligi gʻoyat quvonchli edi...

Qishlogʻimiz odamlarining ommaviy axborot vositalarini diqqat bilan kuzatayotgani, Prezidentimizning el-yurt manfaatini oʻylab chiqarayotgan farmon va qarorlarini katta mamnuniyat bilan kutib olayotganliklari, bu gʻamxoʻrliklarga munosib javob qaytarib, baxtli kunlar shukronasi ila yashayotganligini koʻrish men uchun juda yoqimli edi.

“Insoniyat baxtiga bagʻishlangan nutq” deb, nomlangan essemda Saʼdiy Sheroziyning “Egam elga baxsh etsa baxt, karvoniga yoʻl ochgay” degan satrlarini keltirganman. Xuddi shunday Olloh elimizga baxt baxsh etib, karvoniga yoʻl ochdi. Yoʻlga chiqqan bu karvondagi ulkan xazinaga koʻz tikkanlar, termulganlar koʻp. Bu mashaqqatli va sharafli yoʻlda uygʻoqlar safida boʻlish men uchun ham qarz, ham farz.

Yurtimizda kechayotgan buyuk uygʻonishga baholi qudrat hissa qoʻshayotganimdan saodatliman. Mukofotdan koʻnglim togʻdek koʻtarildi.

Zulfiya Moʻminova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.

OʻzA
1 333