O‘zA O`zbek

07.08.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Ko‘ngli yorug‘ kishining ertasi ham porloq bo‘ladi

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarida “Har bir oila –tadbirkor” dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun viloyatga 100 milliondollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Bir oila tadbirkorlikning u yoki bu turi bilan shug‘ullanib, o‘z ro‘zg‘ori to‘kinligini bemalol ta’minlay oladi. Faqat bu oilada ishbilarmonlik ko‘nikmasi bo‘lishi, har bir a’zo tadbirkorlik foydali mashg‘ulot ekanini anglab yetishi kerak. Biznesga qo‘l urib, daromad ko‘ra boshlagan kishiga esa qanday pul topishni o‘rgatishning hojati yo‘q. Bugun yurtimizda ana shunday tadbirkor oilalar ko‘paymoqda. Albatta, bunda“Har bir oila – tadbirkor” dasturining ahamiyati beqiyos.

Farg‘ona tumanining “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘ini tadbirkorlari, mirishkor dehqonlari bilan mashhur. Bu yerda 2 ming 500 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududlarda amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi mazkur mahallada ham o‘z egalarini topgan. Murojaat qilgan ko‘plab fuqarolar orasidan 12 nafariningtaqdim etgan biznes loyihasi imtiyozli kredit olish uchun maqbul, deb topildi. Xususan, O.Xolbekov, U.Hojimurodovning issiqxona tashkil etish, X.Mo‘minovning milliy hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadidagi sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlandi.

– 5-6 turdagi yotoqxona mebellari ishlab chiqarmoqdamiz, – deydiyakka tartibdagi tadbirkor Azizbek Hamdamov.– Dastur doirasida“Agrobank” tuman filialidan25 millionso‘mkredit ajratilishini so‘radim. 4 nafar shogirdim bor.Akam Nodirbek bilan ularga ham hunar sirlarini o‘rgatmoqdamiz.

Tadbirkor Nilufar Temirova ham 25 million so‘mbankkrediti olish harakatida.Imtiyozli kredit mablag‘lari uning rahbarligidagi go‘zallik salonida kasb-hunar kollejini tamomlab mehnat qilayotgan 10 nafar yoshlarning ish bilan ta’minlanishi uchun sharoit yaratadi. Go‘zallik salonida kelinlar libosi, tikuvchilik buyumlari sotuvi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Inson qo‘li bilan yaratilgan har bir buyumning o‘z jozibasi bor. Ayniqsa, milliy andozada yaratilayotgan bolalar jihozlarining o‘rni bo‘lakcha. Usta Boqijon Musayev milliy hunarmandchiligimiz an’analariga sodiq. Bolalar uchun belanchak, halinchak, aravacha yasaydi. Undagi naqshlar, rang tasvirlari bolalikning sirli olamiga xos samimiyat va pokiza tuyg‘ular ifodasi. O‘g‘li Yorqinjon ham bo‘sh vaqtida otasiga ko‘maklashib, hunar sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda. Kelini Iqboloy esa ayollar uchun mavsumiy liboslar tikib, mahalla xotin-qizlarining mushkulini oson qilmoqda.

Bu zaminning har bir odami ertasiga ishonch bilan o‘z baxtini, iqbolini hunari, kasb-kori, halol mehnatida ko‘radi. Ko‘ngli yorug‘ insonlarning ertasi ham porloq bo‘ladi. Tadbirkorlik borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar esa oilalar farovonligini yuksaltirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 228