Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.07.2018 12:00 Chop etish versiyasi

Ko‘ngillilar dasturi: amaliyot va samara

Ko‘ngillilar dasturi: amaliyot va samara Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Ko‘ngillilar dasturi (BMTK) hamkorligida jamoatchilik ko‘ngillilarini tayyorlash bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda.

Jamoatchilik ko‘ngillilari aholi o‘rtasida tibbiy bilim va madaniyatni yuksaltirish, xususan, mintaqada tabiiy iqlim o‘zgarishi va ekologik vaziyat yomonlashuvi oqibatida ko‘p tarqalgan nafas yo‘llari, yurak qon-tomir, oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish hamda ona va bola salomatligini mustahkamlash masalalarini targ‘ib qiladi.

– Dasturning asosiy maqsadi Orol dengizi hududida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni yumshatish va hudud aholisining turmush darajasini oshirish, sog‘liqni saqlash masalalarini yuksaltirishga yordam berishdan iborat, – deydi Ko‘ngillilar dasturi koordinatori Ruslan Dauletnazarov. – Hozirgi kunda Mo‘ynoq tumanidan 120, Qorao‘zak tumanidan 180 ko‘ngillilar tayyorlanib, aholining tibbiy bilimini oshirish bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlagan. Nukus tumani hududida tashkil etilgan ikki kunlik treninglarga asosan qishloq aholisi jalb qilindi.

Dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Shumanay, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Qanliko‘l, Chimboy va Nukus tumanlaridan 2000 nafar ko‘ngillilar tayyorlash belgilangan.

BMTK dasturi – butun dunyoda tinchlik o‘rnatish va taraqqiyotga hissa qo‘shish maqsadida yaratilgan dasturdir. BMTK o‘z hamkorlari bilan birga dunyo bo‘ylab ko‘ngillilarni birlashtirish, keng ko‘lamli loyiha va dasturlarda qatnashish uchun yo‘l ochib berish orqali jahonda ko‘ngillilik harakatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Seminar-treninglar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikat, o‘quv materiallari tarqatilmoqda.

2 487