O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 23:44 Chop etish versiyasi

Koʻngillardan koʻngillarga koʻchayotgan obodlik

Koʻngillardan koʻngillarga koʻchayotgan obodlik “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumanidagi Oʻzbekiston qishlogʻi kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

Mazkur qishloqda dastur doirasida olib borilayotgan ishlar sust ekani haqida OʻzA veb-saytida 2018 yil 29 iyunda “Ezgu maqsad roʻyobiga boqimandalik kayfiyati halal bermoqda” sarlavhali tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi. Bu tanqiddan toʻgʻri xulosa chiqarilib, oʻtgan qisqa vaqt ichida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Qishloqdagi noqonuniy qurilgan bino va inshootlar buzib tashlanib, 148 oila istiqomat qilayotgan 12 koʻp qavatli uyning tom qismi yangilandi, yoʻlaklardagi eshik-romlar yangisiga almashtirildi.Tashqi qismi, yoʻlaklar taʼmirlangandan soʻng uylar oʻzgacha chiroy ochdi.

Ayni paytda qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari avjida. Bu ishda aholi vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Qishloqda bekor yurgan kishini uchratmaysiz.

Qishloqdagi ishsiz fuqarolar tuman bandlikka koʻmaklash markazi tomonidan haq toʻlanadigan jamoat ishi sifatida qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Ishsizlardan tashkil topgan 7 ta brigadada 80 kishi mehnat qilayotir. Maxsus texnika va mutaxassislarni hisobga olmaganda, dastur doirasidagi barcha ishlarni qishloq ahlining oʻzi amalga oshirayotir.

Eng muhimi, “Obod qishloq” dasturi nafaqat qishloq qiyofasini,balki odamlarning dunyoqarashini, hayotga munosabatiniham oʻzgartirib yubordi. Shu choqqacha boqimandalik, befarqlik kayfiyatida yurgan kishilar ham harakatga tushgan. Hech boʻlmasa, hovlisidagi kamchiliklarni oʻzi tuzatayotir. Hamma oʻz hayotini yanada farovon qilishga intilmoqda.

Ish koʻlami esa kattagina, hammaga yumush topiladi. Hozirgacha hududdan 40 ming tonna chiqindi olib chiqildi, mavjud 24 koʻchaning barchasiga ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. 28,8 kilometrlik ichki yoʻllarga shagʻal va asfalt yotqizilayotir.

Dastur doirasida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan qishloq tadbirkorlari mini-market, 8 doʻkondan iboratsavdo majmuasi, hammom, toʻyxona qurmoqda. Bundan tashqari, tarkibida sport zali, sartaroshxona, goʻzallik saloni, fitobar boʻlgan maishiy xizmat koʻrsatish markazi barpo etilayotir.

Boʻsh turgan binolar tadbirkorlar tomonidan taʼmirlanib, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish korxonalariga aylantirilayotgani, yaʼni ish oʻrni yaratilayotgani odamlarning turmushga munosabati oʻzgargani tasdigʻidir.

– Qishloq markazidagi boʻsh turgan binoni rekonstruksiya qilib, savdo va ishlab chiqarish majmuasi barpo etmoqdamiz, – deydi “AsadbekJasmin” xususiy korxonasi rahbari Zokir Joʻrayev. – Majmuada non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, oziq-ovqat, kiyim-kechak va poyabzal doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yonida 180 oʻrinli toʻy va boshqa tadbirlar oʻtkaziladigan choyxona boʻladi. Bu ishlarga 300 million soʻm oʻz mablagʻimiz va 200 million soʻm bank krediti sarflandi.

Qishloqning yana bir tadbirkori Laylo Ubaydullayeva tuman hokimligi tomonidan berilgan 10 tikuv mashinasi bilan yangi sexni ishga tushirdi. Ayni paytda ushbu sexda 20 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

“Obod qishloq” dasturi asosida hududda yashovchi yigirmatadbirkor imtiyozli shartlarda kredit olib, oʻz biznesini kengaytirdi.

Maktabgacha taʼlim muassasasini rekonstruksiya qilishga 2 milliard 600 million soʻm yoʻnaltiriladi. Rekonstruksiya davomida 6 inshootdan iborat binolar oynavand yoʻlaklar bilan bogʻlanadi. Ingliz va rus tillari, jismoniy tarbiya va musiqa, oʻqish va yozishni oʻrgatish uchun zamonaviy sharoit yaratilishi koʻzda tutilgan. Yaqinda muassasaga 40 million soʻmlik stol-stul va kitoblar keltirildi.

Dastur doirasida sobiq qishloq vrachlik punkti oʻrnida oilaviy poliklinika barpo etilmoqda. Bino taʼmiri uchun 800 million soʻmlik ish bajarilishi koʻzda tutilgan.

Muxtasar aytganda, Mirzachoʻlni oʻzlashtirishning dastlabki davrida barpo etilib, keyingi yillarda eʼtibordan chetda qolgan Oʻzbekiston qishlogʻi bugun “Obod qishloq” dasturi tufayli tobora zamonaviy qiyofa kasb etmoqda, odamlar turmush farovonligi yuksalmoqda. Eng muhimi, koʻngillardan koʻngillarga koʻchayotgan bu obodlikdan qishloq ahli behad mamnun.

Toshqul Beknazarov, OʻzA