O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Koʻkrak bezi saratoni ayollarda eng koʻp uchraydigan xavfli oʻsma kasallik

Koʻkrak bezi saratoni ayollarda eng koʻp uchraydigan xavfli oʻsma kasallik

Koʻkrak bezi saratoni dunyo boʻylab ayollarda eng koʻp uchraydigan xavfli oʻsma kasalligi hisoblanib, 50 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar orasida keng tarqalgan. Oxirgi statistik maʼlumotlar esa sut bezi saratoni 30 yoshga toʻlmagan ayollar orasida ham aniqlanayotganini koʻrsatmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra har 15 soniyada dunyoning biron bir joyida ayollarga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyilmoqda, har 50 soniyada kimdir ushbu kasallikdan vafot etmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, saraton kasalligini erta aniqlash va davolash oʻlim xavfini kamaytiradi. Kasallikning oldini olish choralaridan yana biri xotin-qizlar oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borishdir. Ayollarimizning kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar, uning oldini olish usullari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishi muhim ahamiyatga ega.

Shu bois, Oʻzbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi bu borada keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda. Poytaxtimizda assotsiatsiya tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda koʻkrak bezi saratonining oldini olish oyligi doirasida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.

– Kasallikning paydo boʻlishiga turli xil omillar sabab boʻlishi mumkin, – deydi Oʻzbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi direktori Mirzagʻolib Tillashayxov. – Assotsiatsiyamiz tomonidan ana shu kasallikni erta aniqlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilgan boʻlib, 40 va 50 yosh oraligʻidagi ayollar ikki yilda, 50 va undan katta yoshdagi ayollar har yili bir marotaba tegishli skrining tekshiruvidan oʻtishi tavsiya etiladi.

Tadbirda koʻkrak bezi saratonining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy rolik namoyishi oʻtkazildi. Mutaxassislarning mavzuga doir maʼruzalari tinglandi. Turkiya, Rossiya, Isroil davlatlari soha xodimlarining ilmiy-izlanishlari bilan oʻrtoqlashildi.

Tadbir ishtirokchilari kerakli bilimlarga ega boʻlish bilan birga oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

2 442
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA