O‘zA O`zbek

14.08.2019 15:09 Chop etish versiyasi

Koʻkorol mahallasi raisi Orif Poʻlatov eng yaxshi sheʼrxon

Koʻkorol mahallasi raisi Orif Poʻlatov eng yaxshi sheʼrxon

Ohangaron shahrida fuqarolar yigʻini raislari oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan sheʼrxonlik tanlovining Toshkent viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishda mahalla institutining oʻrni beqiyos. Boisi, qush uyasida koʻrganini qilgani kabi mahalla ahli raisdan ibrat oladi. Ushbu ibrat namunasi ota-onalardan farzandlarga, oʻsib kelayotgan yosh avlodga oʻtadi. Bu jarayon, yaʼni sheʼriyatga oshnolik, kitobga muhabbat odamni kamolot sari yetaklaydi. 

Shu maqsadda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlar tomonidan mahalla raislari oʻrtasida sheʼrxonlik tanlovi oʻtkazilib kelinmoqda. 

Ohangaron madaniyat va istirohat bogʻida oʻtkazilgan tanlovning viloyat bosqichida tuman va shaharlardan kelgan 22 mahalla raisi 2 ta shart boʻyicha oʻzaro bellashdi. 

Tanlov natijalariga koʻra, Boʻka tumanining “Koʻkorol“ mahalla fuqarolar yigʻini raisi Orif Poʻlatov gʻolib, deb topildi va koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Tanlovda Ohangaron tumanining Qiziloy mahallasi raisi Yoqubjon Umbetov ikkinchi, Nurafshon shahrining Yuksalish mahallasi raisi Gulnora Fayzullayeva uchinchi oʻringa sazovor boʻldi.

Gʻolib va sovrindorlarga maxsus diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

A.XUDOYQULOV, OʻzA
800