O‘zA O`zbek

08.09.2018 19:04 Chop etish versiyasi

Koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Turkiyadagi tajriba almashuv

Koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Turkiyadagi tajriba almashuv Yaqinda Oʻzbekistonlik bir guruh koʻkalamzorlashtirish boʻyicha mutaxassislar Turkiya Respublikasida boʻlib, soha boʻyicha ushbu mamlakatda yoʻlga qoʻyilgan tajriba bilan bevosita tanishdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu haqdagi kelishuv, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tarkibidagi “Oʻzyoʻlkoʻkalamzorlashtirish“ unitar korxonasi va Turkiyaning “Arifiye Fidanchilik“ kompaniyasi oʻrtasidagi anglashuv memorandumi – Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning joriy yil may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi. Mazkur hujjat ikki tomonlama amaliy hamkorlikning huquqiy asosi boʻlib xizmat qildi.

Maʼlumot oʻrnida: bosh idorasi Turkiyaning shimoliy-gʻarbiy qismidagi Sakarya viloyatida joylashgan “Arifiye Fidanchilik“ kompaniyasi 1989 yilda tashkil topgan boʻlib, bugungi kunda 2,7 million kvadrat metr maydonga manzarali daraxt va koʻchatlar ekish bilan shugʻullanadi. Yiliga jahonning 20 ga yaqin davlatlariga oʻzining 2 million tup koʻchatlarini eksport qiladi.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyaning Sakarya viloyatidagi safar davomida u yerdagi hamkasblari bilan koʻkalamzorlashtirish, yoʻl boʻylariga dekorativ va manzarali koʻchatlar oʻtqazish va ularni yetishtirish borasida tajriba almashdi. Shuningdek, ekinlarni sugʻorish tizimi va sharoitlari, koʻchatlarga ishlov va shakl berish, oʻsimliklarni parvarish qilishda amaliyotda qoʻllanadigan texnikalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.

Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi
matbuot xizmati

1 691