O‘zA O`zbek

25.08.2018 10:50 Chop etish versiyasi

Koʻhna kesh xorijlik mehmonlarni chorlaydi

Koʻhna kesh xorijlik mehmonlarni chorlaydi
Shahrisabz shahri va “Oqsaroy” tarixiy maydoni oʻzgacha husn kasb etgan. Sayyohlarning keti uzilmaydi. U yerdagi koʻhna tarixiy obidalar oʻzining mahobati bilan kishini oʻziga rom etadi.

Sohibqiron yurti boʻlmish Shahrisabzda joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Xalqaro maqom sanʻati anjumani oʻtkazilishi kutilmoqda. Shu bois ayni paytda u yerda anjumanni yuqori saviyada oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Ayniqsa, anjuman doirasidagi tadbirlarni badiiy jihatdan yuksak saviyada tashkil etish borasidagi keng koʻlamli ishlar tahsinga loyiq. Xususan, “Oqsaroy” tarixiy maydonida 1 ming 600 oʻringa moʻljallangan sahna va tomoshabinlar uchun amfiteatr barpo etilmoqda.

– Bu amfiteatrni loyihalashtirish davomida avvalambor maydonning landshaft dizayni buzilmasligiga eʻtibor qaratilgan, – deydi “Trest-12” masʻuliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Farhod Moʻminov. – Maydonning tarixiy qismidan qurilayotgan sahna oʻrnidagi noyob daraxtlar (lola, lipa, qora sosna, sekoya), butasimon va manzarali oʻsimliklar, 540 kvadrat metr yashil maysazor (gazon), bruschatkali trotuar, tungi yoritish torsherlari, kanalizatsiya va drenaj tarmoqlari koʻchirildi. Amfiteatr qurilishida zamonaviy metallokonstruksiyadan foydalanilmoqda. Buni afzalligi shundaki, uni istalgan paytda yigʻishtirib olish yoki qaytadan qurish mumkin. Ayni paytda 100 nafardan ziyod ishchilarimiz soʻnggi pardozlash ishlarini bajarmoqda.

Shahrisabz shahrida anjuman ishtirokchilarini kutib olish va ularning maroqli hordiq chiqarishlari uchun ham alohida tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shahar hududidagi mavjud mehmonxonalar qayta rekonstruksiya qilinayotir. Boshqalari yangidan barpo etilmoqda. Masalan, shahar markazida bunyod etilayotgan “Astanova Malohat Uzoqovna” xususiy korxonasiga qarashli “Kesh palace” mehmonxonasi ulardan biri.

– Mehmonxonamiz 60 oʻringa moʻljallangan, – deydi mehmonxona ish yurituvchisi Bahodir Tursunov. – Mehmonxonamizning qurilish ishlari 2016 yildan boshlangan. Joriy yilda kredit mablagʻi evaziga qoʻshimcha mebel va jihozlar bilan boyitdik. Nasib etsa mehmonxonamiz Mustaqilligimizning 27 yillik toʻyi arafasida foydalanishga topshiriladi. Qurilish ishlarida asosiy eʻtiborni sifatga qaratganmiz. Barcha xonalar zamonaviy mehmonxona jihozlari bilan taʻminlangan. Shahrimiz ajoyib toʻy arafasida turibdi. Biz oʻsha toʻyga oʻz hissamizni qoʻshib, shahrimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatishni maqsad qilganmiz.

Xalqaro maqom anjumanida ishtirokchilar soni koʻpaygani munosabati bilan Qarshi va Shahrisabz shaharlarida mehmonxonalar, qoʻshimcha joylar tayyorlanmoqda.

Masalan, Shahrisabzda ilk bor oilaviy mehmon uylari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunday uylar hududning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilib, xususan joriy yilning sentyabr oyida Shahrisabzda oʻtkazilishi moʻljallangan Xalqaro maqom sanʻati anjumaniga tashrif buyuradigan sayyohlarni bir vaqtning oʻzida milliylikni saqlagan holda zamonaviy sharoitlar bilan kutib olish imkonini beradi.

– Prezidentimizning 2018-yil 7-iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalardan unumli foydalangan holda fuqarolarimiz oilaviy mehmon uylarini ochib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati vakolatli vakili Otabek Olimjonov. – Buning uchun ularga tijorat banklari orqali imtiyozli mikrokreditlar ajratilmoqda. Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumani aholisi bilan atigi bir hafta davomida olib borilgan bevosita muloqot natijasida oilaviy mehmon uylari tashkil qilish orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga qiziqish bildirgan 67 tashabbuskor fuqarolar aniqlandi. Ularning 44 nafariga “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki Shahrisabz filialining imtiyozli mikrokreditlari jalb qilindi. Fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirilishi natijasida bir vaqtning oʻzida 370 dan ortiq mehmonlarni shinam va zamonaviy oilaviy mehmon uylariga joylashtirish imkoniyati va 170 dan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi. Hozirga qadar 26 ana shunday oilaviy mehmon uylari (155 oʻrinli) oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib, xorijiy va yurtimizning boshqa viloyatlaridan kelayotgan sayyohlar va mehmonlarni joylashtirish uchun tayyorlab qoʻyildi.

Bundan tashqari, barpo etilayotgan mehmonxona va restoranlarni malakali ishchi va xizmatchilar bilan taʻminlash maqsadida Shahrisabz oziq-ovqat va maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejida Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi tashabbusi bilan maxsus kurs tashkil etilgan boʻlib, u yerda 90 nafar oʻquvchi oʻqitilmoqda.

Kursga chet tillarini yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchilar qabul qilingan boʻlib, ular bir oy davomida mehmonxona va restoran xizmati, gid tarjimonlik, adminstratorlik yoʻnalishlari boʻyicha tajribali mutaxassislardan taʻlim oladi. Kursni tamomlagach oʻquvchilarga sertifikat taqdim etiladi va bu hujjat asosida mehmonxona va restoranlarda ish boshlash imkoni paydo boʻladi.

– Gid tarjimonlik azaliy orzuim edi, – deydi kollejning 3-bosqich oʻquvchisi, shahrisabzlik Barno Tohirova. – Bu yerda bizga poytaxtdan tashrif buyurgan tajribali oʻqituvchilar taʻlim bermoqda. Amaliy mashgʻulotlarni bevosita shahrimizdagi mehmonxonalarda oʻtayapmiz. Nasib etsa, gid tarjimon boʻlib, shahrimiz tarixini sayyohlarga iftixor bilan soʻzlab beraman.

Shahar koʻchalari qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tungi yoritgichlar bilan jihozlanmoqdaki, bu shaharning tungi koʻrinishiga ham oʻziga xos chiroy bagʻishlagan. Yoʻl yoqalari obodonlashtirilib, manzarali daraxt koʻchatlari, gullar ekilgan.

Muxtasar qilib aytganda koʻhna Keshda Xalqaro maqom sanʻati anjumaniga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Qilinayotgan bunday keng koʻlamli saʻy-harakatlar albatta oʻz natijasini beradi. Anjuman bahonasida shaharga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar bir paytlar Sohibqiron bobomiz saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixodek hayratlanishadi. Oʻz taassurotlarini hayajon bilan doʻstlariga aytishadi...

Oʻ.Barotov, OʻzA
2 178