O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Koʻchada qolgan tibbiyot: Qalqamada chaqaloqlar koʻchada tugʻilmoqda

Koʻchada qolgan tibbiyot: Qalqamada chaqaloqlar koʻchada tugʻilmoqda

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 25 oʻringa moʻljallangan Qalqama shifoxonasining qayta taʼmirlanishini eshitib hudud aholisi juda quvongan edi.

Toʻgʻrida, eski kolxoz idorasi oʻrnida mustaqillik yillarining boshida tashkil qilingan shifoxona keyingi yillarda juda xarob ahvolga kelib qolgandi. Mazkur shifoxona Qalqama mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli 16 ta qishloqning 30 ming nafardan ziyod aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelgan. Boisi Qalqama mahalla fuqarolar yigʻini togʻli hududda joylashgan boʻlib, eng yaqin qishloq tuman markazidan 35-40 kilometr, eng olisdagisi 60-65 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ammo aholining quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. 150 nafarga yaqin tibbiyot xodimi mehnat qilib turgan shifoxona, poliklinika va shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimlari butun boshli koʻch-koʻroni bilan koʻchada qoldi. Xoʻsh, nega bunday boʻldi? Muammoning yechimini izlab oʻsha qishloqqa tashrif buyurdik.

Qishloqqa borib koʻrgan manzara bizni nihoyatda hayratga soldi. Aholidan shifoxona xodimlarini soʻrasak qishloq markazidagi goʻzallik salonini koʻrsatishdi. 45 nafar xodim mehnat qiladigan shifoxona ikki xonali goʻzallik salonida faoliyat yuritmoqda. Aytaylik toʻlgʻogʻi tutib qolgan bemor dard bilan kelib qoldi. Hech bir talabga javob bermaydigan shifoxonada unga qanday yordam koʻrsatish mumkin?

– Ochigʻini aytsam oʻtgan bir yil davomida juda qiynaldik biz ham, bemorlar ham, – deydi shifoxona doyasi Gulchehra Xoliqova. – Ayniqsa qish oyilarida vaziyat juda ogʻirlashdi. Hududimizda 8 ming nafarga yaqin tugʻruq yoshidagi, 416 ta homilador xotin bor. Kuniga 4-5 nafar homilador ayol koʻrikka keladi. Dard bilan kelib qolgan ayollarga imkon qadar yordam koʻrsatishga harakat qilyapmiz. Birga qoʻshilib tuman markaziga olib borayapmiz. Hatto hovlimizga kelib tugʻib qoʻyganlar boʻldi. Koʻchada tugʻib qoʻyganlar ham qancha. Shifoxona taʼmirga tushgandan soʻng qishloq ambulatoriyasiga koʻchgan edik. Sharoit boʻlmasa ham joylashdik. Ammo bogʻcha quramiz deb u yerdan ham chiqarib yuborishdi.

– Kecha chayon chaqib ogʻir ahvolda bu yerga keldim, – deydi Oyimhol Suyarova. – Bu ahvolimda tuman markaziga yetib borishim qiyin edi. Shifokorlar shu yerda kerakli yordamni koʻrsatishdi baraka topishsin. Ammo koʻrib turganingizdek sharoit yoʻq. Davolanish uchun imkoniyat yoʻq. Uyimizdan koʻrpa yostiq olib kelib davolanayapmiz. Qani endi kasalxona tezroq ochilsayu biz odamlardek davolansak. Togʻ sharoitida markazga qatnashga hammaning ham imkoni yetmaydi-da.

Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash maqsadida tegishli qarorlarga asosan 2019-yilda investitsiya dasturiga kiritilib, oʻsha yilning aprel oyida barcha talablarga mos, zamonaviy shifoxona qurilishi boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar boshlandi. Dastur boʻyicha mazkur shifoxona joriy yilning yanvar oyida foydalanishga topshirilishi kerak edi, lekin...

Bunisi ham yetmaganidek, qoʻshimchasiga shifoxona va tez tibbiy yordam xodimlari vaqtincha joylashtirilgan qishloq poliklinikasi ham tuman hokimligi mutasaddilari qaroriga koʻra bogʻcha qurishi uchun tadbirkorga berib yuborilgan. Natijada 60 nafardan ortiq tibbiyot xodimi mehnat qilib turgan qishloq poliklinikasi ham koʻchama koʻcha sarson. Izlab-izlab ularni qishloqdagi toʻyxonaning qoʻshimcha binolaridan topdik.

– Ikki oydan buyon ahvolimiz shu, – deydi poliklinikaning oʻsmirlar boʻyicha hamshirasi Gulzibo Hamroyeva. – Binomiz bogʻchaga berilib ketdi. Endi bizga bino yoʻq. Mutasaddilar shifoxona ishga tushsa, shu yerga joylasizlar, deb aytishmoqda. Oldiniga qishloq maktabiga borib joylashdik. Keyin u yerdan ham chiqarishdi. Hech ilojini topa olmagach toʻyxonaning qoʻshimcha binolariga kelib joylashdik. Ha, demay toʻylar boshlansa, bu yerdan ham chiqishga toʻgʻri keladi. Xullas koʻchada qoldik uka. Bu masala boʻyicha hamma joyga murojaat qilganmiz. Kasalxona ishga tushmagan. Quruvchiga yetarlicha mablagʻ berilmagani uchun qurilish yakunlamayotgan ekan. Bemorlar esa sarson. Nima qilaylik, na iloj. Bir amallab turibmiz.

Keyingi manzilimiz qishloqda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimi boʻldi. Ushbu boʻlimni kompyuter xizmatlari markazi binosidan topdik. Bittagina xonaga omonatgina joylashgan tez tibbiy yordam boʻlimi xodimlarining ham ahvoli shu, ovoragarchilik, sarsonchilik...

– Qishlogʻimizdagi ahvolni koʻrdingiz, nihoyatda ayanchli, – deydi shu qishloqlik keksa onaxon Sora Bozorova. – Bogʻcha quraman deb, poliklinikadan ham chiqarib yuborishdi shifokorlarni. Yangi kasalxona esa sira ochilay demaydi. Ikki yildan buyon ahvolimiz shu. 4 ta kelinim, nevaralarim bor. Issiq jonni isitmasi boʻladi-da. Davolatishga sharoit yoʻq. Mashaqqat bilan tuman markaziga olib borishga majbur boʻlamiz. Qish kunlarida ahvolimiz bundanda ogʻirlashadi.

Yoshligimda ikkinchi jahon urushiga bagʻishlangan filmlarni koʻp tomosha qilardim. Urushda yaralanganlarga tezkor tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tibbiy punktlar tashkil etilgan. Ularda sharoit yetarli boʻlmagan. Qalqama qishlogʻidagi holat menga oʻsha urush davri manzaralarini eslatdi. Yaxshiyamki qalqamalik tadbirkorlarning tashabbusi bilan toʻyxona, goʻzallik saloni, kompyuter markazlari kabi subyektlar tashkil qilingan ekan. Yoʻqsa, ahvol bundan ham battar boʻlishi mumkin edi.

Xoʻsh, ahvol nega bunday? Nima uchun zamonaviy shifoxona qurilishi choʻzilib ketdi? Nima uchun qishloq aholisi ikki yildan buyon sifatli tibbiy xizmat ololmaydi. Quruvchi binoni nega haligacha topshirmagan? Tuman tibbiyot birlashmasi, tuman hokimi nega aholining oʻta jiddiy boʻlgan mazkur muammosiga eʼtibor qaratmayapti? Ushbu savollarga javob izlab tuman tibbiyot birlashmasiga bordik va mutasaddilardan ushbu vaziyatga izoh soʻradik.

– Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Qalqama boʻlinmamiz 2019-yil zamonaviy qurilish va xalqqa sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun investitsiya dasturiga kiritilgan, – deydi Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi oʻrinbosari Odiljon Shaymanov. – Loyiha qiymati 1 milliard 600 million soʻmdan ziyod. Hozirgi kunga kelib qurilish ishlari yakunlanmasdan toʻxtab turgani sababini quruvchidan soʻraganimizda mablagʻ yetmayotganini, unga loyihada koʻrsatilgan summa toʻliq ajratilmayotganini bildirgan. Biz bu boʻyicha tegishli mutasaddi idoralarga murojaatlar qilganmiz va nasib boʻlsa tez kunlarda qurilish ishlari yakunlanib, 25 oʻrinli zamonaviy shifoxona ishga tushadi.

Darhaqiqat, qurilish ishlari tumandagi “Marjona muhandis” xususiy firmasiga yuksatilgan. Ushbu masalaga quruvchi nima derkan. Shu maqsadda quruvchini izlab topdik.

– Chiroqchidagi Qalqama shifoxonasi 25 oʻrinli boʻlib, tuman tibbiyot birlashmasi filiali hisoblanadi. Ushbu obyektning qurilishi 2019-yilda 1 milliard 603 million soʻmga baholangan, – deydi “Marjona muhandis” xususiy firmasi muhandisi Jumaqul Bekjonov. – Shundan qoʻshimcha kelishuvlarga asosan 692 million soʻm rejaga kiritilgan. Oʻsha 2019-yilda jamiyatimiz tomonidan 692 million soʻm olib ishlatilgan. Ushbu mablagʻ umumiy summaning 42 foizini tashkil qiladi. Lekin biz 85 foiz qurilish taʼmirlash ishlarini bajarganmiz. Jumladan, binoning tashqi pardozlash ishlari yakunlangan boʻlib, binoning ichki qismida pol, kanalizatsiya, issiq suv, sovuq suv tizimi, isitish tizimi oʻrnatilmagan hali. Bino ichidagi eshik va romlar ham mavjud emas. Qurilishni yakunlanishi uchun mablagʻimiz yetarli boʻlmay qolgani sababli hozircha ish toʻxtab turibdi. Agar mablagʻ boʻlsa biz xalqimizga shifoxonani tez kunlarda foydalanishga topshirishga soʻz beramiz. Bundan tashqari, 2020-yilda qurilishni davom ettirishimiz uchun bizda qoʻshimcha shartnomalar ham mavjud emas. Xullas asosiy masala mablagʻga borib taqalmoqda.

Haqli savol tugʻiladi, mablagʻni kim berishi kerak? Bu savol bizni Qashqadaryo viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi sari boshladi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, bino qurilishi uchun buyurtmachi xuddi mana shu tashkilot boʻlgan.

– Kompaniyamizning buyurtmachiligida viloyat boʻyicha 15 ta sogʻliqni saqlash inshootlarida qurilish taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi rahbarining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Bahrom Nurillayev. – Bugungi kunda ushbu obyektlarning umumiy loyiha qiymati 23 milliard soʻmni tashkil qilib, shundan 10 milliard soʻm mablagʻlar moliyalashtirib berilgan. Inshootlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. 2020-yildagi dasturga kirgan inshootlarimizdan iqtisod qilingan mablagʻlarimiz boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritganmiz. Ushbu mablagʻlar yechilishi bilanoq sogʻliqni saqlash inshootlari uchun moliyalashtirib beriladi va chala qolgan qurilish montaj ishlari toʻliq yakuniga yetkaziladi. Shular qatorida Chiroqchi tumanidagi Qalqama shifoxonasi ham.

Bir muammo ketidan kun boʻyi yurib, shu yergacha yetib kelganimizda kalavani uchini yoʻqotdik, afsus...

Eskidan bir maqol bor yangisini qurmasdan eskisini buzma, degan. Mablagʻ yoʻq ekan, uning manbalari aniq boʻlmay turib, viloyat mutasaddilari nimaga ishonib, obyektni investitsiya dasturiga kiritgan. Toʻgʻri, zamonaviy shifonaning qurilgani nur ustiga aʼlo nur, lekin yangisini qurmasdan eskisini vayron qilib, butun boshli shifoxonani koʻchada qoldirilganini nima bilan izohlash mumkin? Aslida qosh qoʻyaman deb koʻzni chiqarish mutasaddilarimiz uchun odat tusiga kirib qoldi. Taxmin qilib aytishim mumkinki, ushbu maqoladan soʻng ham ular muammoni yechimini yaʼni yetmagan magʻlagʻni izlashmaydi. Balki qishloqda qiyin boʻlsada, faoliyat yuritib, xalqqa xizmat qilib turgan tibbiyot xodimlari faoliyatiga nuqta qoʻyishadi. “Moslashtirilgan” binochalardagi shifo maskanlarini antisanitariya deb yopishadi. Tamom shu bilan bori ham yoʻq boʻladi. Jabrini esa yana xalq tortadi.

Mutasaddilar Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqni rozi qiling. Chin koʻngildan izlansa mablagʻ ham topiladi. Muammo yana-da gazak olib ketmasligi uchun ahvol bundanda battar boʻlmasligi uchun xalqni dardini tinglang, muammosiga quloq tuting.

Umid qilamizki, keyingi gal Qalqamaga shifoxonaning tantanali ochilish marosimiga boramiz. Ushbu masalaning yechimini mutasaddilarning vijdoniga havola qilamiz.

3 028
Oʻ.BAROTOV, OʻzA