O‘zA O`zbek

10.09.2018 11:00 Chop etish versiyasi

Klaster: terilgan hosil shu yerda qayta ishlanadi

Klaster: terilgan hosil shu yerda qayta ishlanadi

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “BCT Cluster Agrokompleks” masʼuliyati cheklangan jamiyatida klaster usulida yetishtirilgan paxtani yigʻib-terish boshlandi.

Mazkur korxona tumanning Nurafshon, Bogʻiturkon, Qoqishtuvon, Mirishkor va Shoʻrcha hududlaridagi 8 ming gektar ekin maydonlarini tasarruf etmoqda.

– Oʻtgan yili bu maydonlar paxta va gʻalla ekadigan fermer xoʻjaliklariga tegishli boʻlib, 436 nafar kishi mehnat qilgan boʻlsa, hozirda ularning soni 3 mingdan ortiq, – deydi “BCT Cluster Agrokompleks” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Matlub Noʻʼmonov. – Biz joriy yilda 28 ming tonna paxta yigʻishtirib olishga qatʼiy bel bogʻlaganmiz. Eng muhimi, ishchidan tortib, menejer-rahbarlargacha har tomonlama maqbul oylik ish haqlari belgilangan va yangidan mehnat daftarchasi ochildi. Bitta oiladan uch-toʻrt kishi mehnat qilib, oyiga qariyb 6 million soʻm daromad qilmoqda.

Kelgusida korxonaga 123,1 million dollar investitsiya yoʻnaltirish orqali dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan uskunalar xarid qilish koʻzda tutilgan. Xususan, zamonaviy kalava oʻrash, uni boʻyash va toʻquv-trikotaj fabrikalari kabi sakkizta kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur jamiyatda tarkibida gʻoʻza ekish agrokompleksi, paxtani qayta ishlash va tozalash zavodi, yogʻ-moy zavodi, 12 ming bosh qoramolga moʻljallangan ferma, biogaz ishlab chiqarish zavodi, tejamkor texnologiyalarga asoslangan 20 gektarli issiqxona, 25 turdan ortiq sut va goʻsht mahsuloti tayyorlanadigan korxona ham mavjud.

Eng muhim yangilik – matoni boʻyashda ishlatiladigan qimmatbaho tabiiy boʻyoq olinadigan indigo-ferum oʻsimligi ham aynan klaster hududida ekilmoqda.

Albatta, dala ishlarida yutuqlarni taʼminlovchi asosiy omil texnikalarning yetarlicha ekanligidir. Klaster korxonasida bu borada muammo yoʻq. Vaholanki, oʻtgan davrda xorijdan 20 haydov, 122 “MTZ” chopiq traktori, 40 ortiq yuk tashuvchi “MTZ” traktori, haydov texnikasiga tirkaladigan 25 omoch, 8 “Keys-1200” chigit ekish seyalkasi, 122 ta kultivator va boshqa texnikalar olib kelindi. Hozirda mazkur qishloq xoʻjalik texnikalariga xizmat koʻrsatish parki qurib bitkazildi.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
2 223