O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Klaster faoliyatidan aholi mamnun

Klaster faoliyatidan aholi mamnun

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati – koʻp tarmoqli klasterga jurnalistlar uchun press-tur oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda asosiy eʼtibor Prezidentimiz tashabbusi asosida katta ishonch bildirilayotgan klaster usulini amaliyotga keng tatbiq qilishning dolzarb ahamiyatiga qaratildi. Maqsad qishloq xoʻjaligida yigʻilib qolgan muammolarni hal etish, uni jahon standartlari darajasida rivojlantirish, yetishtirilgan xomashyoni oʻzimizda qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatni shu yerda yaratish, eksport salohiyatini oshirish, pirovardida odamlarning toʻq va farovon yashashini taʼminlashdir.

Bunda mahsulot yetishtiruvchilar, uni chuqur qayta ishlovchilar va sotuvchilar manfaati mushtarakligini taʼminlash, sodda qilib aytganda, yaratilgan qoʻshimcha qiymatni adolatli taqsimlash orqali sohada sifat oʻzgarishlarini taʼminlash mumkin. Tabiiyki, bu vazifani klaster zanjiri hal qiladi.

Press-tur davomida mutaxassislar “TCT Cluster” MCHJ faoliyati boʻyicha jurnalistlarga atroflicha maʼlumot berdi. Mazkur klaster Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan. Oʻtgan davrda bu yerda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlarini rivojlantirish uchun istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Xususan, paxta va gʻalla yetishtirish, sholichilik korxonalari tashkil etildi. Korxona tarkibida ochilgan mashina-traktor parkida 2019-yilda Fransiya, Germaniya, AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy davlatlaridan 2 ming 485 ta yuqori unumli maxsus qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlar olib kelingan. Buning uchun mutasaddilar oʻz mablagʻi, mahalliy va xorijiy banklarning kreditlari evaziga qariyb 260 milliard soʻm sarfladi.

Mazkur texnikalar evaziga tumandagi 35 ming gektardan ortiq maydon shudgorlanib, borona qilindi. Mahalliy va mineral oʻgʻit sepilib, ariq-zovurlar qaytadan tozalandi. Bu kabi agrotexnik tadbirlar natijasida 2019-yilda 8 ming 450 gaktar maydondan 30 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi olinib, davlat shartnomaviy rejasi 111 foizga bajarildi. Oʻrtacha hosildorlik esa 32 sentnerga yetkazildi. Shuningdek, 2 ming 619 gektar maydonda 10 ming 139 tonna sholi va 2 ming 360 gektar maydonda 26,2 milliard soʻmlik 2 ming 480 tonna baliq yetishtirildi.

Tumanda avval fermer xoʻjaliklari davrida ishchilar soni 898 nafarni, oʻrtacha ish haqi 550 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa, “TCT Cluster” MCHJda 5 ming 536 ta ish oʻrni yaratildi. Ishchilarning oylik maoshi esa 2-2,5 million soʻmga oshirildi. Klaster tomonidan 2019-yilda fermer xoʻjaliklari davridagi 7,9 milliard soʻm oʻrniga 28,7 milliard soʻm soliq tushumlari toʻlandi.

Press-turda mazkur paxta-toʻqimachilik klasteri taʼsischisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, senator Murtazo Rahmatov tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan rejalar yuzasidan axborot berildi.

Joriy yilda klaster tarkibida 12 ming bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etiladi. Unda 7 ming bosh sut uchun, 5 ming bosh goʻsht uchun moʻljallangan qoramol boqiladi. Bu yerda sut va goʻsht mahsulotlari tayyorlanib, ichki va tashqi bozorga chiqariladi. Qoramollardan chiqadigan oʻgʻit oʻz navbatida dalalarga sochiladi.

Shuningdek, klaster tarkibidagi 10 gektar joyda baliqchilik kompleksi ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan. Tumanda mazkur tarmoq avvallari toʻgʻri tashkil etilmagani, ayniqsa, baliq boqishda bor imkoniyatga qarab ish qilinmagani tufayli koʻplab muammolar yigʻilib qolgan edi. Shu tufayli belgilangan reja asosida maxsus yopiq suv havzasi barpo etiladi. Unda forel, losos va syomga kabi baliq turlari parvarishlanadi. Mazkur turdagi baliqlar uchun suv harorati 10-12 daraja boʻlishi lozim. Shuning uchun maxsus texnika oʻrnatiladi. Natijada yiliga 15 ming tonna baliq yetishtiriladi.

Oʻz navbatida klaster xududida 115 million dollarga teng qiymatda paxta-toʻqimachilik shaharchasi tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Buning uchun Hindistondan zamonaviy paxta tozalash uskunalari keltiriladi. Paxta zavodida chigit ajratilib, yogʻ ishlab chiqariladi. Olingan paxta tolasidan kalava ip yigiriladi, soʻng zamonaviy bolalar tagligi, sochiq va pardalar uchun mato tayyorlanadi. Ushbu saʼy-harakatlar tufayli yiliga 67 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Moddiy ragʻbatlantirish maqsadida chorvachilik kompleksidagi 2 ming bosh qoramoldan olinadigan sut har hafta klaster ishchilarining oilalariga beriladi. Bundan tashqari, 5 kilogrammdan goʻsht va un, 5 litr paxta yogʻi tarqatiladi.

– Tumandagi qishloq aholisining turmushini yaxshilash maqsadida yangi turar joy binolarini barpo etishni rejalashtirdik, – deydi “TCT Cluster” MCHJ rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, senator Murtazo Rahmatov. – Masalan, har biri ikki qavatli binoning birinchi qavatida mehmonxona, oshxona va yuvinish xonalari boʻlsa, ikkinchi qavati yotoqxonalar uchun ajratiladi. Hovlidagidan qolishmaydigan shart-sharoitga ega uylarda bemalol mehmon kutish, kelin tushirish mumkin. Bunday uylarda yashash uchun aholi oʻz xohishi bilan kelishiga esa shubham yoʻq. Masalaning yana bir jihati bor. Hozir mamlakatimizda qishloqlar juda katta hududni egallagan. Ularning joylashuviga koʻra, shahardagi sharoitni qilib berish imkonsiz. Toʻliq gazlashtirish, elektrlashtirish, kanalizatsiyaga ulash juda katta mablagʻ talab etadi. Aholi yashash punktlari tumanlar markazi atrofida joylashtirilsa, tuman va shahar atrofida megapolislar paydo boʻladi. Barcha qishloqlar aholisi tumanlar atrofida jipslashib, urbanizatsiya, shaharlashish jarayonlari tezlashadi. Kommunikatsiyadan uzoq, hech bir rejasiz, pala-partish va oʻz holicha qurilgan qishloqlar qolmaydi. Ular markazlashgan kommunikatsiya tarmoqlariga ulanib, tabiiy gaz, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi taʼminotida muammo boʻlmaydi. Klasterlar kelajagini shu kabi ijtimoiy dasturlar ijrosidagi faollikda, tashabbuskor boʻlishida koʻraman. Buning uchun hali oldimizda ulkan vazifalar turibdi.

Tadbirda klasterning afzalliklari, paxta-toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik tarmoqlarida ish samaradorligini oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

7 328
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA