Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 19:57 Chop etish versiyasi

Kiyinish va muomala madaniyati

Mamlakatimizda qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish, kiyinish va muomala madaniyatini yuksaltirish, ongi va qalbini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, oilaviy hayotga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Buxoroda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkazilgan “Yosh oilalar va qizlar” birinchi respublika forumi tadbirlarida shu xususida so‘z yuritildi.

Viloyat hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, turli davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Men ham yetakchi bo‘laman” mavzusidagi uchrashuv bilan boshlandi. Deputatlar, rahbar ayollar, ijtimoiy faol, shuningdek, uyushmagan qizlar ishtirok etgan uchrashuvda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida xotin-qizlarning munosib o‘rni borligi alohida ta’kidlandi.

Buxoro viloyat, tuman va shaharlar mahalliy Kengashlariga 80 dan ziyod xotin-qiz deputat etib saylangan. Mahalliy hokimiyat boshqaruvi organlari, turli davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari orasida yuzlab ayollar faoliyat yuritmoqda. Ularning tajribasini ommalashtirish qizlarning ijtimoiy faolligi va daxldorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Tadbirda shu maqsadga qaratilgan loyihalar samaradorligini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Forum tadbirlari orasida “Ta’lim va fan” mavzusidagi yosh olima xotin-qizlar ishtirokidagi ilmiy-amaliy anjuman ayniqsa qiziqarli o‘tdi. “Buxoro kitob olami” majmuasida tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda yosh ijodkorlar o‘zlarining ilk asarlari taqdimotini o‘tkazdi.

– Yurtimizda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Go‘zal Ro‘ziyeva. – O‘tgan yili “Bahor yaqin” deb nomlangan ilk she’riy to‘plamim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 20 ming nusxada chop etildi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan "Kim nimaga qodir?” loyihasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, kasanachilikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Unda doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan 60 dan ziyod xotin-qiz uchun tikuvchilik, milliy hunarmandlik, oila salomatligi kabi o‘nga yaqin yo‘nalishda mahorat darslari o‘tkazildi.

– Men elita pardalar tikishga qiziqaman, – deydi Olot tumanidan Hamida Fayziyeva. – Mahorat darsida ishtirok etgach, shu yo‘nalishda hunarli bo‘lishga qat’iy qaror qildim. Tikuvchilik sirlarini yanada puxta o‘rganib, o‘z xususiy tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yaman.

“Sog‘lom turmush tarzi” aksiyasida sog‘lom turmush tarziga rioya qilishning asosiy qoidalari, jumladan, kun tartibini rejalashtirish, to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish, zararli odatlardan xalos bo‘lish usullari, shaxsiy gigiyena, tibbiy madaniyat bo‘yicha keng tushunchalar berildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
3 928






Все о погоде - Pogoda.uz