Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.10.2017 16:49 Chop etish versiyasi

«Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda mahalla institutining o‘rni» mavzuida anjuman tashkil etildi

Poytaxtimizdagi «Kitob olami» ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan «Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda mahalla institutining o‘rni» mavzuida anjuman tashkil etildi.

Toshkent shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etgan anjumanda mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida ommaviy kitobxonlik madaniyatini oshirish, yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli, vatanparvar, barkamol shaxsni tarbiyalash yo‘lida samarali ishlar qilinayotgani alohida ta’kidlandi. Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, mahalla yoshlari orasida kitob o‘qishni targ‘ib etish orqali ularda yuksak ma’naviyat, xalqimizning tarixiy an’analari, madaniy merosiga cheksiz hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini teran anglash tuyg‘ularini shakllantirish, taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyatchilar bilan mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida uchrashuvlar, ma’ruzalar va davra suhbatlari tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, mahalladagi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini kutubxonalarda o‘tkazishni ta’minlash, mahallalarda zamon talablariga javob beradigan kitob do‘konlarini barpo etish va ularda kitoblarning arzonlashtirilgan sotuvlarini tashkil qilish, olis hududlarda sayyor kitob yarmarkalarini o‘tkazish masalalarini hal etishga e’tibor qaratildi.

– Mamlakatimizda mahalla institutining aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishdagi o‘rni nihoyatda katta, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining mas’ul xodimi Saodat Boymirzayeva. – Bu boradagi targ‘ibot ishlari ko‘lamini kengaytirish maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar rejasini tuzganmiz. Jumladan, joriy yil noyabr oyida mamlakatimiz miqyosida «Islom Karimov asarlari bilimdoni» kitobxonlik oyligini, kelgusida esa «Mahallamiz kitobxonlari» ko‘rik-tanlovini tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
5 368