Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 18:10 Chop etish versiyasi

Kitobxonlarga munosib tuhfa

Nukusdagi “Kitoblar olami” savdo markazida Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami oldidan yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning joriy yil 3-avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi” degan fikrlari ifodasi sifatida atoqli davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning qoraqalpoq tilida chop etilgan “Kashmir qo‘shig‘i” asari keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, madaniyat va san’at namoyandalari, kitobsevarlar ishtirok etgan tadbirda Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlab “Bilim” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur asarda pokiza muhabbat tarannumi bilan birga, erkinlik va ozodlikka intilish, bu yo‘lda uchragan har qanday to‘siq va qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tish, xalqimizga xos mardlik va olijanoblik fazilatlari ulug‘langani ta’kidlandi.

Sharof Rashidovning 1957-yilda yozilgan ushbu asari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kenesboy Reyimov tomonidan qoraqalpoq tiliga o‘girildi. Tadbirda atoqli o‘zbek adibining “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin” romanlari, “Dil amri” qissasi haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, bastakor Najmatdin Muhammatdinovning 80-yilligiga bag‘ishlangan “Qoraqalpoq soz dunyosining sardori” deb nomlangan yangi asar taqdimoti ham mutaxassislar va san’at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.

Qoraqalpoq musiqa san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli bastakor hayoti va serqirra ijodi haqida hikoya qiluvchi ushbu asar Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Guliston Matyoqubova tomonidan yozilgan. Asarda bastakor haqida turli yillarda chop etilgan maqolalar, san’atshunoslarning u kishi haqidagi esdaliklari ham o‘rin olgan.

Shoira G.Matyoqubovaning yana bir yangi kitobi – “Guloyim operasiga libretto” asari qoraqalpoq xalqining “Qirqqiz” dostoni asosida yaratilgan. Qurbonboy jirov Tojiboy o‘g‘li ijrosidan yozib olingan “Qirqqiz” dostonida XYI asr oxiri va XYII asr boshlarida yurt himoyasi uchun g‘animga qarshi mardona kurashgan Guloyim va Arslonning hayoti tasvirlangan. Asar Toshkentdagi “Global boks” nashriyotida o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida chop etilgan.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
1 176






Все о погоде - Pogoda.uz