O‘zA O`zbek

18.07.2019 18:36 Chop etish versiyasi

Kitoblik Jasurbek Gʻulomov 15 yoshida talaba boʻlishi mumkin

Kitoblik Jasurbek Gʻulomov 15 yoshida talaba boʻlishi mumkin

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi Jasurbek Gʻulomov 15 yoshda. U bu yil bir vaqtning oʻzida uchta oliy taʼlim muassasasiga – Qarshi davlat universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining biologiya yoʻnalishiga hujjatini topshirdi.

Jasurbek bu yoshda oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirishga qanday erishdi?

– Toʻrt nafar farzandim bor – 3 oʻgʻil 1 qiz. Jasurbek uchinchisi, – deydi uning onasi Munavvar Ismatullayeva. – Oʻgʻlimning maktabga borishi ham qiziq boʻldi. Akasi maktabga qatnay boshlaganda Jasurbek 4 yoshda edi. U ham qoʻshilib qatnayverdi. Olib qolishga qancha harakat qilmaylik, oʻjarlik qilib turib oldi. Oʻqituvchilari bola hali yosh, eʼtibor qilmang, darslar boʻlavergach zerikib qoladi va asta oʻqishni tashlab ketadi, deyishdi. Unga ham rozi boʻldik. Vaqt oʻtib, oʻgʻlim sinfdoshlariga nisbatan ham tezroq oʻzlashtira boshladi. Xullas, keyingi yil akasining izidan 5 yoshida uni ham maktabga berdik. Shu-shu oʻqishni davom ettirdi.

Oʻrta maktabda 4-sinfgacha oʻqigach Jasurbek Gʻulomov 5-sinfdan oʻqishni tumandagi 2-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatida davom ettirdi. 9-sinfni namunali xulq bilan tamomlaganda u endigina 12 yoshni qarshi olgan edi. Keyin Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi 3-sonli akademik litseyda taʼlim oldi. Nihoyat joriy yilda ushbu taʼlim muassasasini ham qizil diplom bilan bitirdi.

– Litseyimizda iqtidorli bolalar koʻp. Shu bois har yili 90 foiz bitiruvchilarimiz oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kiradi, – deydi litseyning kimyo fani oʻqituvchisi Ulugʻbek Tursunov. – Jasurbekning yoshiga qarab, eplab ketolmaydi, deb oʻylaganman. Hatto, oila aʼzolariga ham aytganman. Sababi kimyo fani aniq fan. Uni oʻzlashtirish oson emas. Aql yoshda emas, boshda, deganlari shu boʻlsa kerak, oʻylaganlarim xato chiqdi. Jasur hamma mavzularni oʻzlashtirib ketdi. Eng iqtidorli oʻquvchilarimizdan biri boʻldi.

– Tengdoshlarim koʻchada oʻynab yurgan kezlari men oʻzimga yarashmagan katta sumka bilan maktabga borardim, – deydi J.Gʻulomov. – Akamdagi maktab forma, oʻquv qurollari, barcha-barchasi menda ham boʻlishini juda istaganman. Bu qiziqish erta oʻqishimga sabab boʻlgan. Ota-onamning, ustozlarimning koʻmagi, daldasi menga kuch bergan. Yillar oʻtib maqsadim qatʼiylashdi. Kimyo-biologiya faniga qiziqib qoldim. Kelajakda ushbu sohalar boʻyicha yetuk olim boʻlishni maqsad qilganman.

Ha, ezgu maqsad doim xayrli boʻlgan. Jasurbek Gʻulomovda ancha erta koʻp ezgu maqsadlariga erishish imkoni bor.

Oʻ.BAROTOV,OʻzA
729