O‘zA O`zbek

18.07.2019 Chop etish versiyasi

Kitob ulugʻvor oʻzgarishlar ogʻushida

Kitob ulugʻvor oʻzgarishlar ogʻushida
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!

Samarqanddan Qashqadaryoga Taxtiqoracha dovoni orqali oʻtayotganda, pastda kishi koʻz oʻngiga baland chinorlari, koʻrkam archayu doʻlanalari yerga soya solib, qadamida buloqlar otilib, chashmalar oqayotgan Qaynar qishlogʻidan boshlanguvchi Kitob tumani tashlanadi.

Yoʻl tuman markazi tomon yetaklaydi va har lahzada taraqqiyot sari boʻy choʻzayotgan yangiliklarni, ulugʻvor oʻzgarishlarni koʻrsatadi. Bir-biriga tutashib ketgan past-baland qiru adirlar Qaynar adirlarida oʻtgan ommaviy tadbirlarni, koʻpkari musobaqalarini esga soladi.

Qariyb uch ming yillik tarixga ega Kitob azaldan bogʻ-rogʻlari, shirin-shakar mevalari bilan tanilgan. Tumandagi Uzunqir qishlogʻi Janubiy Sugʻd hududida vujudga kelgan ilk shaharlardan biri boʻlgan. Bu yerdan topilgan madaniy oʻsimliklar – arpa, soʻli urugʻlari, turli uzum navlari qoldiqlari hududda dehqonchilik va bogʻdorchilik azaldan taraqqiy etganidan darak beradi.

Gapni uzoqdan boshlashimiz bejiz emas. Negaki, mustahkam poydevor ustiga qurilgan imorat baquvvat boʻladi. Kitob tumanida istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi uch-toʻrt yilda amalga oshirilgan ishlar haqida har qancha toʻlqinlanib gapirsa, arziydi.

Joriy yilda tuman markazining qiyofasi tubdan oʻzgardi. Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga safar chogʻida bergan topshirigʻiga binoan Kitob-Shahrisabz avtomobil yoʻlining 5 kilometr qismi kengaytirilib, atrofiga manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Chiroqlar oʻrnatildi.

Kitob shahridagi Katta yoʻl koʻchasini Buyuk ipak yoʻli koʻchasi bilan tutashtiruvchi bir kilometr masofada yangi yoʻl qurildi va tuman markazidagi tirbandlikka barham berildi. Ayni paytda “uying buzilib, koʻcha oʻtadi”, degan soʻzlardan xavotirlanib yurgan odamlarning koʻnglini xotirjam qildi. Yuridik va jismoniy shaxslarning buzilishga tushgan obyektlari zarari qoplanib, tegishli tartibda yer uchastkalari ajratib berildi. Endilikda yoʻl chetida 5 qavatli uy- joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda “Kitob dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati oldida joylashgan eski savdo doʻkonlari rekonstruksiya qilinib, 46 obyektda qurilish ishlari nihoyasiga yetmoqda.

Shu bilan birga, Kitob-Miraki yoʻlining 3 kilometr qismini kengaytirish ishlari amalga oshirilayotir.

Maʼlumki, Kitob tumani ekoturizm va ziyorat turizmi borasida katta imkoniyatga ega. Bu yerda 6 ziyoratgoh, 201 tarixiy yodgorlik boʻlib, Kitob davlat geologik paleontologik qoʻriqxonasi va xalqaro kenglik nuqtasi kabi diqqatga sazovor joylar bor. Tumanda turistlar uchun qulay sharoitga ega 30 xonadon aniqlanib, “uy mehmonxonalari” tashkil etildi. Shuningdek, “GISSAR ASIA TOUR” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 milliard 200 million soʻmlik mablagʻ hisobidan 50 oʻrinli uch yulduzli mehmonxona barpo etildi. U tezkor internet serverlari, boshqa zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan. 2020-yilda tumanda yana 2 ta mehmonxona qurish rejalashtirilgan.

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 2019-2020yillarda 1 trillion 610,3 milliard soʻmlik 56 loyiha ishlab chiqildi va shu asosda 1 ming 314 ish oʻrni yaratilishi belgilandi. Dasturga muvofiq, hozirga qadar 2019-yilda amalga oshirilishi moʻljallangan 46 loyihaning 31 tasi yakunlandi.

Mahalliy aholining 30-40 yillik orzulari roʻyobga chiqmoqda. Masalan, Kitob tumanida sement zavodi qurish haqida takliflar shoʻro davrida ham bor edi. Lekin 2018-yildagina xitoylik investorlar tomonidan 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan zavod qurish loyihasini amalga oshirish maqsadida “QARSHI CONCH CEMENT” xorijiy korxonasi tashkil etildi, qurilish-montaj ishlari boshlab yuborildi. Zavod 2020-yil dekabr oyida ishga tushiriladi va 500 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, tumanda “ERCAN MACHINERY” Oʻzbekiston – Turkiya qoʻshma korxonasi tomonidan un, yorma va omixta yem tegirmon dastgohlari ishlab chiqarish loyihasi uchun 1 million dollarlik investitsiya kiritish belgilangan. Turkiyalik hamkorlar 600 ming dollarlik texnologik uskunalar yetkazib berdi va montaj ishlari olib borilmoqda. Loyiha ishga tushsa, uskunalar “Oʻzdonmahsulot” AJga qarashli 44 korxonaga yetkazib beriladi, qoʻshni davlatlarga eksport qilinadi. Bu yiliga 2 million dollarlik import uskuna oʻrnini qoplash imkonini beradi.

“Nasafagro impeks” MCHJ 56,7 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 200 gektar maydonda Turkiyadan olma koʻchatlari keltirib, zamonaviy usulda intensiv bogʻ tashkil etdi.

Prezidentning “Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, tumanda qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi istiqbolli gʻoya va takliflarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtgan yili kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda hozirgacha 5 loyiha amalga oshirildi. Jumladan, “Inter Mega Biznes” xususiy korxonasi 20 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. 2019-2020yillar davomida mazkur hududda meva-sabzavotni qayta ishlash, trikotaj mahsulotlari tayyorlash, turli xil eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Tumanda xalq taʼlimi sohasi jadal isloh etilmoqda. Keyingi ikki-uch yil ichida turli dasturlar orqali 31 maktab, 22 maktabgacha taʼlim muassasasi mukammal taʼmirlandi. Investitsiya dasturi boʻyicha qiymati 3 milliard 184,7 million soʻm boʻlgan 135 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi yangidan qurildi.

Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi va zamonaviy tibbiyot muassasalarida oʻz aksini topmoqda. 9 qishloq oilaviy poliklinikasi, tuman markaziy kasalxonasi, markaziy poliklinika kapital taʼmirdan chiqarildi. Tuman markaziy kasalxonasida yangidan endokrinologiya va kardiologiya boʻlimlari qurildi. Shuningdek, 140 oʻrinli tugʻruq kompleksi, qator oilaviy poliklinikalar bunyod etildi. Hozir loyiha qiymati qariyb 4,6 milliard soʻm boʻlgan 100 oʻrinli bolalar shifoxonasi qurilmoqda.

Tibbiyotda xususiy sektor oʻrni oshmoqda. Oʻtgan yili Sanam mahallasida “Doctor S-Xakim” xususiy korxonasi va Yangi zamon mahallasida “Kitob kafolat med servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli xususiy shifo maskanlari tashkil etildi. “Kitob sifat qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Salomatlik akademiyasi”da statsionar davolash faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Sogʻlom turmush tarzi masalasi – doimiy eʼtiborda. Oʻtgan yillarda tuman markaziy oʻyingohi qayta taʼmirlandi, bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, taʼlim muassasalarida 29 zamonaviy sport zali qurilib, jihozlandi. Mahallalarda 25 ta sunʼiy qoplamali futbol maydonchalari barpo etildi. Qiymati 7,58 milliard soʻm boʻlgan yopiq suv havzasi qurilib, tennis korti rekonstruksiya qilindi. Bularning barchasi aholi, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylandi.

Uy-joy masalasi har bir davrda dolzarb boʻlib kelgan. Tumanda 2018-yildan arzonlashtirilgan namunaviy uylar qurilishiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Oʻtgan yilning oʻzida uch xonali 244 uy qurildi, 126 xonadonga moʻljallangan koʻp qavatli binolar barpo etildi. “Obod qishloq” dasturi doirasida Sevaz va Denov qishloqlarida jami 13,1 milliard soʻmlik ish bajarildi. 2019-yilda Alaquyliq, Tupchoq, Yangiobod qishloqlarida bu ish davom ettirilmoqda. Bu ichimlik suvi, elektr taʼminotini yaxshilash, yoʻllarni taʼmirlash, ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashni nazarda tutadi. Shuningdek, bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish, xususan, 19 savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarini yangidan barpo etish rejalashtirilgan.

Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash ishlari ham tahsinga loyiq. 2017-yilda 8 transformator oʻrnatilib, 40 kilometrlik tarmoqlar tortilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkichlar mos ravishda 17 va 42 kilometrni tashkil etdi. Joriy yilda 21 transformator oʻrnatilib, 55,7 kilometrlik liniyalar tortilmoqda.

Shuni aytish kerakki, tumanda qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, bogʻdorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirishning juda katta imkoniyatlari bor. Oʻtgan yili 10,3 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan boʻlsa, shuning 10,2 ming dollari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keldi. 2018-yilda 32 ming 220 tonna kartoshka, 67 ming 328 tonna sabzavot, 26 ming 897 tonna meva, 43 ming 483 tonna uzum, 9 ming 362 tonna poliz mahsulotlari, shuningdek, 28 ming tonna don yetishtirildi.

Iqtisodiyot va maʼnaviyat bir qushning ikki qanoti kabidir. Tumanda kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. 61- va 62-maktablarda homiylar koʻmagida yangi kutubxona binosi qurilmoqda. Tuman hokimligi tashabbusi bilan 20-aprel kuni “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” shiori ostida oʻtkazilgan kitob marafoni ommaviy tus olib, maktablardagi kutubxonalar fondi 40 mingga yaqin kitob bilan boyidi. Yaqinda oʻqituvchi Jasur Usmonov hamda “Fariddin ota” fondi va ”Medikom” kompaniyasi rahbari Shohruh Shukrullayev tashkilotchiligi va homiyligidagi “Zukko kitobxon” tanlovi gʻoliblariga noutbuk va planshetlar, ularning ustozlariga printer va qariyb ikki million soʻmlik kitoblar sovgʻa qilindi. Bunday maʼnaviy-maʼrifiy tashabbuslar faqat rasmiy idoralardan emas, aholi orasidan chiqayotgani kishini quvontiradi.

Tumanda xalq xoʻjaligining barcha jabhalarida muvaffaqiyatlarga erishish yoʻlida imkoniyatlar katta va ularning barchasi ishga solinmoqda. Qilinadigan ishlar esa xalqimiz farovonligi oshishi, turmush darajasi yaxshilanishi va Vatanimiz ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Lola OʻROQOVA,
faxriy jurnalist

6 339
Jamshid NORQOBILOV (surat), OʻzA