O‘zA O`zbek

14.09.2018 17:40 Chop etish versiyasi

Kitob oʻqigan va uqqan odamdan yomonlik chiqmaydi

Kitob oʻqigan va uqqan odamdan yomonlik chiqmaydi Oʻzbek kitobxonligi, uning rivojlanish bosqichlari, bugungi kunda noshirlik sohasiga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, kitobxon yoshlar safi kengayayotgani, mutolaa madaniyati xususida “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati bosh muharriri Ahror AHMЕDOV Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Agar insoniyatning shu kunga qadar erishgan eng katta yutugʻi, katta kashfiyoti nima, deb soʻrasa, men hech ikkilanmay kitob, deb javob bergan boʻlardim. Kitob bilimlarni oshiruvchi, nazariy bilimlar beruvchi manba boʻlmaganida edi, oʻz-oʻzidan boshqa koʻplab yoʻnalishlarda rivojlanish boʻlmasdi.

Xalqimiz azal-azaldan kitobni sevgan, qadrlagan. Kitobxonlik madaniyati juda yuksak boʻlgan. Bir muddat turli holat va vaziyatlar sabab bu qadimiy anʼana biroz sustlashgandek, goʻyo hech kim kitob oʻqimayotgandek, hamma faqat turmush tashvishlari bilan ovoradek koʻrindi. Ammo mamlakatimizda kitob chop etish, uni oʻquvchiga yetkazib berish borasidagi ishlar toʻxtab qolgani yoʻq. Demak, kitobxonlar ham kamaygani yoʻq. Ammo noshirlik sohasi eʼtibortalab sohalardan biri boʻlib qolayotgan edi. Bu esa huquqiy, iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni talab etardi.

Prezidentning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni tizimlashtirish va rivojlantirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Yurtimizning qay goʻshasida qurilish ishlari boʻlayotgan boʻlsa oʻsha inshootlar qurish rejasida, albatta, kutubxona yoki kitob doʻkoni boʻlishi belgilangan. Bu bizni quvontiradigan, farzandlarimiz kamoli, ularning porloq kelajagi uchun oʻylangan puxta rejadir. Shu tariqa qisqa muddatda yurtimiz “Kitob va kitobxonlar mamlakati”ga aylandi.

Kitob maʼnaviy boʻshliqni toʻldiradi, madaniyatni yuksaltiradi. Maʼnaviyati butun, madaniyatli insondan esa yomonlik chiqmaydi. U xiyonat qilmaydi. Ammo oʻzini kitobxondek koʻrsatib soxta yashaydigan, oʻzini koʻz-koʻz qiladiganlar asl maʼnaviyatli emas. Ularning kitob oʻqishiga ham shubha bilan qarayman.

...Bir vaqtlar yoyma savdo-sotiq boʻlayotgan joyda koʻp kuzatgan voqea yodimga tushdi. Savdoga qoʻyilgan yoyma mahsulotlarning oxirida kitob sotiladigan joydan oʻtib kichkina yemakxonaga kirilardi. Koʻpchilik kitobni aylanib oʻtib (salkam bosib oʻtardi) oʻsha yemakxonada ovqatlanardi. Yonginasidagi kitoblar eʼtiborni tortmasdi ham. Beparvo oʻtib ketganlar orasida davralarda kitob oʻqish kerak, kitob sotib olishni takomillashtirish kerak, deb maʼruza qilganlarni ham koʻrganman.

Erkin iqtisodiy jarayonda tadbirkorlar kitob savdosini ham erkinlashtirib yuborgani narx-navoning sunʼiy koʻtarilishiga sabab boʻldi. Qogʻoz chetdan keltiriladi. Kitobning tannarxi ham shu bois qimmatroq. Ammo tahlil etib koʻrilganda, tadbirkorlikdagi birinchi qoʻl deganda ham kitobning qadrini faqatgina narx belgilaydi, deb hisoblaydigan ishbilarmonlarning koʻpayib ketgani achinarli. Shunday fikrlash va xatti-harakat natijasida kitobxon kitobdan uzoqlashmoqda. Agar bu jarayon uzoq davom etsa, millat maʼnaviyati, kitobxonlik madaniyatiga jiddiy taʼsir etishi mumkin. Ayni tizimni tartibga soladigan huquqiy normalar joriy etilishi kerak, deb hisoblayman.

“Sharq ziyokori” kitob doʻkonining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlarida filiallari bor. Bundan tashqari, koʻchma kitob savdolari ham muntazam tashkil etiladi. Bundan tashqari, yuqoridagi qaror asosida mahallalarda kutubxonalar tashkil etilmoqda. Kitobxonlik kechalari, suhbatlar oʻtkaziladi. Bu saʼy-harakat bugun natija bermasligi mumkin. Ammo vaqti kelib oʻzining shirin, totli mevasini beradi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida “Yosh kitobxon” tanlovi oʻtkazila boshlandi. Shu jarayondagi bir maʼlumot eʼtiborimni tortdi. Mazkur tanlovning oʻtgan mavsumida 250 ming oʻgʻil-qiz ishtirok etib, ular orasidan saralangan yoshlar Prezident sovgʻasi – yengil avtomashinaga ega boʻldi. Bu yil ushbu tanlovda qatnashish uchun 720 ming yosh murojaat etgani nechogʻlik ahamiyatli tanlovga aylanganini koʻrsatmoqda. Qolaversa, bu yoshlar kitob oʻqimayapti, degan qarash xato ekanining ham isbotidir. Bu har yili nashriyotimiz tomonidan chop etilayotgan adabiyotlarni sotib olishga boʻlgan talab oʻsib borayotganida ham namoyon boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbarining yuqorida aytilgan qarori noshirlikka keng yoʻl ochish barobarida kitobxonlar safini kengaytirishga xizmat qiladigan ezgu ishlarni ham boshlab berdi. Eng sara asarlar koʻproq bosmadan chiqarilib, kitobxonlarga yetkazib berilmoqda.

Ishlab chiqarishga, tadbirkorlarga berilayotgan eʼtibor sabab noshirlikda ham erkin, mustaqil ish boshlagan va faoliyat yuritayotgan xususiy nashriyotlar safi kengayib ketdi. Bu kabi bosmaxonalarda kitoblar koʻp hollarda muallifdan soʻralmay chop etiladi. Yoki sotuvi tezroq boʻladigan oldi-qochdi asarlar nashr etilmoqda. Ularning koʻpi kitobxonlik talabiga javob bermaydi. Kitob biznes manbai boʻlmasligi lozim. Buni anglab yetgunimizcha aynan shunday asarlarni oʻqishga kitobxon oʻrganib boʻladi. Undan keyin bu jarayonni toʻxtatish, tartibga solish, sara asarlar mutolaasiga erishish juda qiyin kechadi.

Aytiladigan gap bitta – kitob oʻqish bu boʻsh vaqtni “oʻldirish”, yo koʻngilxushlik emas. U jamiyatning umumiy saviyasini koʻtaradigan, taraqqiyotga, rivojlanishga xizmat qiladigan eng muhim omil. Ilmdan, maʼrifatdan, kitobdan foydalangan millatgina oʻzligini anglaydi, yuksaladi.

Barno Meliqulova, OʻzA
1 279