O‘zA O`zbek

16.08.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Kitob, kutubxona va kutish...

Kitob, kutubxona va kutish...
Rus shoiri Pushkin duelda yaralanib, uyida og‘ir ahvolda yotganida kitoblari bilan xayrlashgan ekan. Darhaqiqat, kitob eng yaqin va ishonchli do‘st. Do‘stni ardoqlash va uning sahifalaridagi bilimlarni puxta egallash kerak. Kitobdek sodiq, dilkash do‘stlarning ko‘p bo‘lgani esa yanada yaxshi.

Bizning qahramonimiz ham maktabga ilk qadam qo‘yganidan boshlab, kitobga o‘zgacha mehr qo‘ygan. Ular bilan tillashib, sonini kun sayin ko‘paytirishga uringan.

– Men bir “kasallik”ka yo‘liqqanman, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos Suvon Meliyev. – Topgan pulimga kitob sotib olaman. Esimda, ikkinchi sinfda o‘qib yurganimda uchinchi sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan o‘qish kitobini sotib olganman. O‘qib chiqib, olib qo‘yganman. Shundan boshlab kitob yig‘aman va albatta, muntazam o‘qiyman. Bu “kasallik” tuzalmaydi. Qayerga bormay, birinchi kitob sotiladigan do‘kon, yoyma rastalarga nazar tashlayman. Ayniqsa, makulaturalarda hozir nashrdan chiqmayotgan eng yaxshi kitoblarni topish mumkin. Ulardan arzon narxlarda sotib olaman. Bugungi kunda kitoblarim soni 60 mingdan oshdi. Badiiy adabiyot, falsafa va ezoterika (boshqa olamlar haqida) bo‘yicha jamlangan kitoblarim uyimga sig‘may qoldi. Shundanmi, hatto oshxonadan ham turli kitoblarni topishingiz mumkin.

Buncha kitobni o‘qib adog‘iga yetib bo‘larmidi. Buning ustiga kunora yana yangi kitoblar xarid qilinadi. Demak, kattagina kutubxona qurish kerak.

– Hovlimizga tutash 2 sotix tashlandiq hududda Xalq kutubxonasi qurilsa, kitoblarimni shu yerga olib o‘tardim, – deydi Suvon Meliyev. –Kimga qanday kitob kerak bo‘lsa, kelib bemalol foydalanishi mumkin. O‘zim esa, adabiyot ishqibozlariga saboq bermoqchiman. Ammo o‘sha 2 sotix tashlandiq yerda kutubxona qurilishi uchun Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi qaror chiqarib berishi kerak-da. Hozir deyarli barcha tumanlarda Xalq kutubxonalari qurilyapti. Ular soni yana bittaga ko‘paysa, kitob fondi 60 mingdan oshiq kutubxonadan adabiyot shaydolarining oyog‘i uzilmasa, degandim. Shu masalada amaliy yordam so‘rab, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasiga xat yo‘lladim. Qo‘mita raisi murojaatimni uyimga kelib o‘rgandi, kitoblarim va o‘sha tashlandiq hududni ko‘zdan kechirdi. Masalani hal etish yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga xat yuborilganini, ijrosi nazoratga olinishini aytdi.

Toshkent shahar hokimligi ushbu murojaatni bee’tibor qoldirmaydi, degan umiddamiz. Chunki ko‘plab adiblarning kutubxonasidagi minglab kitoblar yillar o‘tib yo‘qolib ketgan. S.Meliyev esa, uzoq yillar davomida to‘plagan kitoblaridan yosh avlod foydalanishini, ular orasida kitobxonlik madaniyatini oshirishni istaydi, xolos.

Xurshid Qodirov, O‘zA
1 981