O‘zA O`zbek

24.03.2020 Chop etish versiyasi

Kitob – dunyoning sakkizinchi moʻjizasiKitob – dunyoning sakkizinchi moʻjizasi

Kitob – dunyoning sakkizinchi moʻjizasiKitob – dunyoning sakkizinchi moʻjizasi

#Men_kitob_mutolaasi_bilan_bandman #chellenj iga mulohazalarini yuborgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Orif Toʻxtash shunday deydi:

– “Men hayotda nimagaki erishgan, nimagaki aqlim yetgan boʻlsa, barcha-barchasiga kitob orqali yetishganman” qabilidagi iqror soʻzlarni koʻp ziyolilarning fikr-mulohazalarida uchratamiz. Qolaversa, dunyo ilm-fani, adabiyoti, madaniyati, sanʼati ming yillar mobaynida erishgan yutuqlar to bizga qadar kitob vositasida yetib kelgani ham haqiqat.

Bizning oilamizda ham kitobga boʻlgan mehr oʻzgacha. Farzandlarimizga yoshiga mos kitoblar olib berishga harakat qilamiz. Har kuni kechki nonushtadan keyin oʻqigan kitoblarimiz haqida bir muddat bahsga kirishamiz.

Bugun dunyo aholisi sarosimada. “Tojdor virus” balosi insonlarni oʻz uyiga qamadi. Bu holatdan vahima yasamoq nojoiz. Hayotning bizga berilgan bir sinovidir ehtimol...

Shunday lahzalarda biz oila aʼzolarimiz bilan sevimli mashgʻulotimiz – mutolaaga shoʻngʻidik. Ayni damlarda men taniqli adib va publitsist Xayriddin Sultonning “Haqiqat jamoli” nomli yangi kitobini oʻqiyapman.

Bu kitob muallifning qirq yillik ijodiy faoliyati davomida yozilgan maqola, badia va suhbatlaridan saralab olingan bitiklardan tarkib topgan. Kuyunchaklik kayfiyatidagi har bir maqola va suhbatni maroq bilan mutolaa qilyapman.

Muallif ushbu kitobi orqali adabiyotimizning zabardast vakillari hayoti va ijodi haqida, shuningdek, muhim ijtimoiy va ijodiy jarayonlar xususidagi oʻz qarashlarini maʼnaviy bedorlik kayfiyatida qalamga olgan. Mohir ijodkor publitsistikadagi oʻziga xos uslubi va mavzuga samimiyat ila yondashuvi orqali oʻquvchini kitobga “mahkam bogʻlaydi”.

13 yoshli qizim Parizoda atoqli adibimiz Tohir Malikning “Alvido, bolalik” qissalar toʻplamini oʻqib tugallash arafasida turibdi. 9 yoshli oʻgʻlim Boburjon esa taniqli shoira Zulfiya Moʻminovaning “Donishmand toshbaqaning koʻzoynagi” nomli ertak kitobi mutolaasida.

Yozuvchi Deni Didroning “Kimki kitob oʻqishdan toʻxtasa, bilingki, u fikrlashdan ham toʻxtabdi” degan mulohazasi bor. Demak “dunyoning sakkizinchi moʻjizasi” deya eʼzozli eʼtirof qilinadigan kitoblar olamiga sayohatlarimiz xayrli va bardavom boʻlgʻay!

4 755
OʻzA