Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2018 19:55 Chop etish versiyasi

Kino san’ati taraqqiyotga yuz tutadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ziyolilari bilan uchrashuvda “Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, deb ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, madaniyat va san’atga oid barcha yo‘nalishlardagi kamchiliklar, muammolarni tahlil etib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi.

Kino san’ati inson ma’naviyatini yuksaltirish, davr muammolarini olib chiqish, zamonamiz qahramonlarini bor bo‘y-basti bilan namoyon etish, ajdodlarimiz tarixi va hayotini ko‘rsatish va tasvirlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham kino san’ati namoyondalari, xususan, rejissyor va aktyorlar zimmasidagi mas’uliyat juda katta.

Kino sohasida muammolarimiz bor. Ammo kinomiz tarixini, bugunini bilmay, uning mohiyatini anglamay, yengil-yelpi fikrlab, so‘z yuritayotganlarga ishonib, umuman ko‘rishga arziydigan kino yaratilmayapti, deb o‘ylash xato. Yaratilgan filmlar nafaqat xalq ko‘nglidan joy egalladi, balki dunyoda ham o‘zining munosib bahosini topayotganini e’tirof etish joiz. Bugun o‘zbek tilida yaratilgan kino va sahna asarlari xorijda ham shuhrat qozonib, xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘layotir.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirish, kelgusida salmoqli natijalarga erishishda muhim huquqiy va amaliy dastur bo‘lib xizmat qiladi.

Qarorda “O‘zbekkino” Milliy agentligi uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratishning hajmlari belgilangan edi.

2018 yilda – 20 ta, 2020 yildan boshlab – 30 tadan to‘liq metrajli badiiy filmlar, 2018 yilda – 40 qismdan iborat 20 ta, 2019 yilda – 50 qismdan iborat 25 ta va 2020 yildan boshlab – 60 qismdan iborat 30 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar ishlab chiqarish, multiplikatsion filmlarni esa 2018 yilda 15 ta, 2022 yildan boshlab har yili 50 tadan ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, yosh kino ijodkorlarning 10 soatdan iborat qisqa metrajli filmlari, bolalar uchun yumoristik kinojurnallar suratga olish, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish, milliy kinematografiyaning eng sara asarlarini tiklash, restavratsiya qilish va zamonaviy formatga o‘tkazish ham birlamchi vazifalardan etib belgilangan.

Bu boradagi ishlar qizg‘in davom etmoqda. Yanvar oyida ayni maqsadga xizmat qiladigan e’lonlar berilib, ishlar boshlab yuborilgan. Hozirgi vaqtda qaror asosida, turli janr va mavzularda 57 film loyihasi ustida ishlanmoqda. Ayrimlari yil oxirigacha yakunlanish arafasida. Shu bilan birga bu boradagi ishlar davom etadi.

Kino bu, avvalo san’at, albatta. Lekin u shunday o‘ziga xos san’atki, tabiatan sanoat bilan omuxtalikda dunyoga keladi, ya’ni texnika va turli texnologik jarayonlar birligida yaratiladi. Demak kinoni ham san’at ham industriya sifatida rivojlantirish kino san’ati taraqqiyotining asosiy shartlaridan. Shu ma’noda agar 2017 yil 7 avgust kuni qabul qilingan qaror mamlakatimizda, avvalo, kinoning san’at sifatidagi mavqei va taraqqiyotini ustuvor shaklda mustahkamlagan bo‘lsa, shu yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori kinoni aynan industriya – sanoat sifatidagi imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish va kuchaytirish haqidagi qaror sifatida avvalgi qarorning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Davlat ko‘magisiz kinoning yashashi qiyin. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatga aylanib bormoqda. Umuminsoniy qadriyatlar targ‘iboti, ma’naviy taraqqiyoti, uning istiqboliga xizmat qiladigan filmlar uchun davlat sarmoya ajratsa va suiiste’mol qilinmasa, kutilgan natijaga erishiladi.

Ayni vaqtda yurtimizda yuzga yaqin xususiy kinostudiyalar mavjud. Ular har tomonlama rag‘batlantirilib, qo‘llab-quvvatlansa, sog‘lom raqobat muhiti yaratilsa, samarali natijalarga erishilishi mumkin. So‘nggi vaqtlardagi islohotlar ayni maqsadlarga xizmat qiladi.

Prezidentimizning joriy yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra sohada chuqur islohotlar olib boriladi. Unda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi prodyuser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki saralashdan o‘tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (BKDI) qoshidagi “Kino va televideniye”ning oliy kurslariga o‘qishga yuborilishi belgilandi.

Bundan tashqari, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yo‘nalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi prodyuser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual san’at rejissurasi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish tashkil etiladi.

Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha BKDI filialini (qo‘shma fakultetini) ochish, o‘qituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislarni, shuningdek, master-klasslar o‘tkazish uchun institut professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Bundan tashqari, qaror asosida badiiy kengash tizimi yanada takomillashtiriladi. Endi raqobat, oshkoralik, tanlov ruhi yanada kuchayadi, xususiy kinostudiyalar tomonidan taqdim etiladigan filmlarga davlat granti ajratilib, ularga keng imkoniyatlar beriladi. 2016-2017 yillarda davlat granti asosida tayyorlangan filmlarning xususiy studiyalarda suratga olinishi 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshidan boshlab bu 70 foizgacha kengaytirildi.

Sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilgan ushbu harakat filmlarimizning yuksak saviyali, ko‘rishli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shundagina kinoekranlarda namoyish etilayotgan kinolarning “umri uzoq" bo‘ladi.

Mazkur qaror asosida yurtimizda 2021 yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan“Yo‘l xaritasi”tuzilgan. Shu asosda “Uch shahar loyihasi” doirasida, ya’ni – Xalq diplomatiyasi, etnoshahar bilan birga maxsus kinoshaharcha qurish belgilangan. Filmlar, kliplar, shoular olish imkoniyati nihoyatda kuchayadigan mazkur shaharchada barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Bu milliy kinematografiyamiz rivojiga ijobiy ta’sir qilish bilan birga, xorijlik ijodkorlarning yurtimizda kino olishi uchun ham keng imkoniyat yaratadi.

Bunday shaharcha qurish namunasi AQSHdagi Gollivud yoki Mumbaydagi Bollivud, Xitoydagi Sindao kinoshaharchalari tajribasida o‘zining juda e’tiborli moddiy va ma’naviy samarasini bermoqda.

Sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Qaror asosida amalga oshiriladigan loyihalar ham talaygina. Bu borada hammamizning hamjihatlikda harakat qilishimiz yaxshi samara beradi, albatta.

Shuhrat Rizayev,
“O‘zbekkino” Milliy agentligi
Bosh direktori birinchi o‘rinbosari.

O‘zA
2 746