Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 08:00 Chop etish versiyasi

Kimyogarlar qo‘rg‘onida nechta bekat bor? Narpay ko‘chasida-chi?

Kimyogarlar qo‘rg‘onida nechta bekat bor? Narpay ko‘chasida-chi? Gap Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘oni va ushbu manzilga eltadigan Narpay ko‘chasi haqida bormoqda.

Kimyogarlar qo‘rg‘oni o‘tgan asrda Samarqand kimyo zavodi qurilishi bilan tashkil etilgan aholi maskani hisoblanadi. Ayni paytda ushbu hududda 25 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

1.JPG

Qo‘rg‘on Samarqand shahri markazidan 9-10 chaqirim uzoqlikda joylashgan. O‘rtada Samarqand tumanining ayrim mahallalari ham bor. Transport qatnovida deyarli muammo uchramaydi. Bir necha yo‘nalishda avtobus, mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘nalishsiz taksilar ham tunu kun yo‘lovchilar xizmatida.

8.JPG

Ammo Samarqand shahri va qo‘rg‘onni bog‘laydigan asosiy yo‘l – Narpay ko‘chasida ham, qo‘rg‘onning o‘zida ham birorta avtobus bekati yo‘q. Borlari ham foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Hatto savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalariga aylanib ketgan bekatlar bor.

9.JPG

Shunday sharoitda aholi qayerda avtobus kutyapti, haydovchilar yo‘lovchilarni qayerdan mindiryapti?

7.JPG

– Qayerda bekat borligi yoki bo‘lishi kerakligi ham esimizdan chiqib ketgan, – deydi yo‘lovchi R.Hayitov. – Qulay joydan Narpay ko‘chasiga chiqamiz yoki bozorcha oldiga borib turamiz. Yog‘in-sochinli kunlarda avtobus kutish uchun bekat yo‘qligidan taksi yoki mikroavtobusdan foydalanishga majbur bo‘lamiz. Biz-ku sharoitga qarab yo‘lga chiqaveramiz, lekin yomg‘ir yoki qor yoqqan paytlarda bolalar va keksalarning avtobus kutishi azob-da.

6.JPG

6, 15, 93-yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus haydovchilarining aytishicha, Kimyogarlar qo‘rg‘onidan Samarqand shahrigacha 4-5 bekatda to‘xtab yo‘lovchi olish va tushirish belgilangan. Lekin belgilangan manzillarda bekatning o‘zi yo‘q. Shu sababli haydovchilar qayerda yo‘lovchi bo‘lsa, o‘sha yerda to‘xtashga majbur. Bu esa yo‘nalishlardagi qatnov tartibi va vaqtining buzilishiga sabab bo‘ladi.

3.JPG

Kimyogarlar qo‘rg‘oni markazidagi bozorcha oldida, yo‘lovchilar aytganidek, taksi ham, “Damas”lar ham ko‘p. Lekin ularning aksariyati noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanar ekan. Bu yerda ham na biror bekat va na bekat borligini anglatuvchi yo‘l belgisi bor. Umuman, Narpay ko‘chasi va Kimyogarlar qo‘rg‘onida bekatni ko‘rsatuvchi birorta belgiga ko‘zimiz tushmadi.

11.JPG

Bugun Samarqand shahrida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bir muddat faoliyat ko‘rsatmagan kimyo zavodi kam quvvat bilan bo‘lsa-da, ishlab turibdi. Zavodning foydalanilmay turgan hududlari esa tadbirkorlarga berilib, bu yerda ham yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish sexlari tashkil etilmoqda. Bu yaqin orada Kimyogarlar qo‘rg‘oni sanoatchilar, tadbirkorlar maskaniga aylanishini anglatadi. Bunday zamonaviy shaharchada yo‘l-transport infratuzilmasi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ham shunga yarasha bo‘lishi kerak, nazarimizda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
12 987