O‘zA O`zbek

22.02.2019 17:10 Chop etish versiyasi

Kimlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi?

Kimlarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan palatadagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi bilan hamkorlikda “Ijtimoiy sohani rivojlantirish – kuchli ijtimoiy himoyaning kafolati” mavzusida anjuman oʻtkazildi.

Tadbirda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan vazifalar toʻgʻrisida atroflicha soʻz yuritildi.

Davlat dasturining 99 ta bandi aynan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan. Bunda aholi oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadlari va oilaviy farovonligini taʼminlash, bandlik, mehnat qilish, pensiya va ijtimoiy nafaqalar, keksalarga, nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida boshlangan ishlarning samaradorligini oshirish, mazkur sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishga oid qonunchilikni takomillashtirish borasida fuqarolarning davlat pensiya taʼminotida milliy va xalqaro tajriba, mavjud muammolar, istiqboldagi rejalar, jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimini rivojlantirish, yangi zamonaviy xizmatlar joriy etish masalalari ham muhokama markazida boʻldi.

“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonun va qonunosti hujjatlarini bugungi zamon talablari asosida qayta koʻrib chiqish, ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolar hamda ularning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilish, pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan qariyalarga, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. 16 yoshgacha boʻlgan nogiron farzandini tarbiyalayotgan onalarga ijtimoiy nafaqa turini joriy etish masalasi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, pensiya tizimini isloh qilishda pensiya tayinlash uchun zarur hujjatlarni yigʻish jarayonini tubdan takomillashtirish, arxivlardagi maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish, idoralararo axborot almashuvini joriy etish, davlat xizmatlari markazi orqali pensiya va Pensiya jamgʻarmasi tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy nafaqa tayinlash davlat xizmatini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi loyihalarni ishlab chiqishda qoʻmitaning takliflari ham inobatga olingani taʼkidlandi.

Oʻtgan davr mobaynida qoʻmita tomonidan Muruvvat va Saxovat internat-uylarida toʻliq davlat taʼminotiga olingan 8,3 ming nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshimizning yashash sharoitlari oʻrganildi. Aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish, mazkur muassasalar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan berilgan takliflar mutasaddi rahbarlar tomonidan inobatga olindi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
554