O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:15 Chop etish versiyasi

Kim manfaatdor yoki...

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari mamlakatimizga yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, “Yallama” chegara bojxona postida qo‘shni davlat fuqarosi A.T. boshqaruvida kirib kelgan yuk avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, yuklar va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘rtasida tafovut mavjudligi aniqlandi.

Hujjatga ko‘ra, yuk mashinasiga Xitoydan keltirilgan 3 ming 700 AQSH dollari qiymatidagi 25 tonnadan ortiq tovar-moddiy boyliklar ortilgan bo‘lishi lozim edi. Ammo ko‘rik davomida avtomashinada hujjatlarda umuman qayd etilmagan 4 ming 800 dona parda bezaklari va 1 ming 200 dona elektr hisoblagich mavjudligi aniqlandi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi yorliqlarga ega, muqaddam o‘zimizdan eksport qilingan hisoblagichlarning qayta respublikamizga olib kirilishidan kim manfaatdor? Yoki ushbu hisoblagichlar mahalliy mahsulotlarimizning xorijdagi kontrafakt nusxalarimi?

Bu savollarga endi tergov jarayonida javob topiladi. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Davron Sunnatov, O‘zA
1 834