Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 17:44 Chop etish versiyasi

Kim Dong Yon o‘zbekistonlik talabalarga ma’ruza o‘qidi

Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkent shahridagi Inha universitetida poytaxtimizdagi sakkiz oliy o‘quv yurtidan kelgan talabalarga ma’ruza o‘qidi.

Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, davlat tashkilotlari va muassasalari, mahalliy korxonalar vakillari ham ishtirok etdi.

Kim Dong Yon yosh avlodning sifatli ta’lim olishi va professional ko‘nikmalarni egallashi g‘oyat muhim bo‘lib, ular yoshlarning kelgusida ishga joylashishi va shaxsiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishida ulkan ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Janubiy Koreya ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari hamda ushbu tizimga joriy etilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xususida so‘zlab berdi.

Ma’ruza davomida Kim Dong Yon Janubiy Koreya iqtisodiyotining barcha sohalariga faol tatbiq etilayotgan innovatsiyalar ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Jamiyat va ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun yaratilayotgan zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritdi.

Kim Dong Yon Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrifi yakunida mazkur oliy o‘quv yurtining faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
5 543