O‘zA O`zbek

11.08.2018 19:38 Chop etish versiyasi

Kim bemashaqqat yetuk olim bo‘lishni istaydi?

Kim bemashaqqat yetuk olim bo‘lishni istaydi?
Bugun ko‘plab yoshlar ilm o‘rganish borasida yaxshigina harakat qilishsa-da, xotira jihatdan pand yeyayotganidan nolishadi. Ilmning keraksizi bo‘lmaydi, faqat bizning bugungi va ertangi kunlarimizga asqatishi mumkin bo‘lganlarni ajrata olishimiz va xotiramizga biz olayotgan axborotlarni saqlab qolishda biroz ko‘mak berib turishimiz kerak bo‘ladi. Aslida duch kelishimiz mumkin bo‘lgan savollarning javobi umrimiz davomida voqea tarzda yuz berishiga nima deysiz?

O‘ZINGIZGA SAVOL BЕRING...
Aksariyat kishilar ilm izlashni aynan biror oliygohda ta’lim olish bilan qiyoslashadi. Bu noto‘g‘ri, siz o‘zingizni va ongingizni rivojlantirish uchun qo‘lingizga tushgan va sizni qiziqtirgan kitobni o‘qib ham ilm sari intilishingiz mumkin-ku! O‘zingizga savol berib ko‘ring, biror kitob o‘qiyotganingizda yoki hodisaga duch kelganingizda, nega aynan shu kitobni o‘qiyapman, bu hodisaga nega men duch keldim, deya.
Ko‘p hollarda bu savolga o‘zingiz ham javob topolmaysiz. Demak, ongingiz ayni jarayondan manfaat kutmayapti, hatto hodisadan ham. Unda kitobni o‘qishdan avval yoki hodisa yuz bergan joydan niyat qiling: “Buni men ertaga ma’lum bir vaqtda tahlil qilaman, bu mening ertagi kunimga kerak”, deya.
Agar o‘sha kungi – yodga olishingiz kerak bo‘lgan omilni yoddan chiqarmasangiz, uning detallari – o‘qigan yoki duch kelgan vaqtingiz, atrofdagi muhit kabilari bilan ko‘z oldingizga keltiring.
Mabodo bu yodingizdan ko‘tarilsa, niyatingizni amalga oshira olmasangiz, uning ortga surilishiga o‘zingiz sababchi bo‘lasiz, bu o‘zingizni koyishga arzisa kerak?!
Ammo bu hayotimizda yuz berayotgan barcha hodisalarni eslab turish kerak degani emas. Ularni saralab, ba’zi keraksizlarini yoddan chiqarishga harakat qilish lozim. Xususan salbiy xotiralarni yodga soluvchi hodisalarni shunday unutingki, go‘yo bu sizning hayotingizda yuz bermagandek va buni shunchaki biror gazeta yoki jurnallardan o‘qigandek his qilishga urining. Shunda fikringiz teranlashib, ongingiz hordiq olishi uchun yordam bergan bo‘lasiz.

1..jpg

TABIATINGIZ ORQALI TOIFANGIZNI BILASIZMI?
Biror ilmdan, kitobdan yoki hodisadan xulosa chiqara olishni mashq qiling va chiqargan mulohazalaringizga amal qilishni imkon qadar bajaring. Donishmandlar kishilarni uch toifaga taqsimlaganlar: biri butun va to‘liq kishi, ikkinchisi yarim kishi, uchinchisi esa hech narsa bo‘lmagan kishi.

Birinchi toifaga kiruvchilar qadri butun hisoblanib, ular to‘g‘ri fikrlovchi va mulohazaga ega sanaladi. Shunday bo‘lsa-da, maslahat bilan ish yuritishni kanda qilishmaydi.

Ikkinchi toifa kishilari
fikri bo‘lsa ham maslahatlashmaydi, o‘zgalar mulohazasi bilan qiziqmaydi. Fikri tez o‘zgarib, nima foyda, nima zararligini ajratolmaydi va o‘zboshimcha bo‘lishadi.

Uchinchi toifa kishilarining mulohazasi bo‘lmaydi, maslahat bilan ish ko‘rmaydi va ularni o‘zgalar fikri qiziqtirmaydi.

Demak, inson oila va jamiyatda o‘z mavqeiga ega bo‘lishida yuqoridagi toifalarning qaysi biriga tegishli ekanini anglab, o‘z xatolarini tuzata olish yo‘lida iroda topishi lozim. Bu ham inson ongining o‘z-o‘zini mulohaza eta olishida muhim bir sinovdir.

2..jpg

AQLSIZLIK VA JINNILIKNING DALOLATI BOR
O‘zni aldamay tan olish kerak, ko‘pchiligimiz bir kitobning sarlavhasi qiziq tuyulsa, uni uzog‘i bilan yigirma sahifasini o‘qishgagina sabr topa olamiz. Bu paytda yoki uyqu bosadi, yoki boshqa biror yumushni undan ko‘ra muhimroq deya o‘ylab qolamiz. Kitobdan kulminatsiya yoki oxir-oqibat degan jihatlarni izlamang. Bu fikringizni betartiblikka olib keladi, xolos.
Donishmandlarimiz kitobga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ilm yo‘lidagi ishlardan sanashgan. Xususan, o‘qilsa-o‘qilmasa ham kitoblar tomon oyoq uzatmaslikni, dinga oid kitoblarni boshqa kitoblardan balandroq qo‘yish, uni bekordan-bekorga varaqlamaslik, shuningdek, xat bitish, yozish jarayonida esa mayda harflarda yozmaslik, qisqartma so‘zlardan foydalanmaslik, turli ortiqcha belgilar qo‘llamaslik kabi jihatlar ham ong faoliyatiga salbiy ta’sir etar ekan. Bu ishlar sizdan sabr talab qilishi tayin, albatta bu mashaqqatdek tuyuladi...
Imom Zarnujiy hazratlari o‘zining “Ilm olish sirlari” kitobida keltirgan hikmatli so‘zlarga e’tibor qarating: “Bemashaqqat, mehnat qilmay, qiyinchilik ko‘rmay cho‘qur bilim egasi, munozara o‘tkaza oladigan yetuk olim bo‘lishni istaysanmi? Bilgilki jinnilikning turlari ham juda ko‘p. Ya’ni, bunday yo‘l bilan ilm talab qilish aqlsizlik va jinnilikdan dalolatdir...”.
Shunday ekan, inson o‘zining salohiyatini yuksaltirish uchun arzimas bo‘lib tuyulsa-da, yuqorida keltirilgan so‘zlarga e’tiborli bo‘lib, dangasalikdan uzoq yurishi lozim.

Hind kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Xarobadan chiqqan millioner” filmini eslang. Film qahramoni berilgan savollarga o‘zi duch kelgan voqealarni saralab eslab, undan javob topadi. Bunday qobiliyatni har birimiz shakllantirishimiz mumkin. Buning uchun esa ma’lum qoidalarni va ongimizga xizmat qiluvchi omillarni qo‘llashda bequntlik qilmasligimiz lozim. Shunday ekan, ilm olishda va hayotiy hodisalarni saralab eslab qolishda kerak bo‘ladigan muhim jihatlarga e’tibor qarating.

Darhaqiqat, bir paytlar ayrim kishilar orasida “O‘qib, dunyo olib berarmiding?” degan jaydari fikrlar ham yo‘q emas edi. O‘qib dunyoni emas, o‘zingizni biroz bo‘lsa-da, kashf etsangiz, mana shuning o‘zi bir yetuklikdir. Ilmga qiziqmaslikning o‘zi bir dangasalik sanaladi.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, dangasalik, erinchoqlik kabi illatlar asosan ilm va uning fazilati to‘g‘risida fikr yuritmaslik yoki bularni yig‘ishtirib qo‘yish tufayli hosil bo‘lar ekan.

Naql qilinishicha, dangasalik insonga hayosizlik, ojizlik va aybu-nuqson keltirar ekan. Keling, “Xarobadan chiqqan millioner” bo‘lolmasangiz ham ilmning o‘zi bir xazina ekanini anglashga urining. Ana shundagina siz o‘zingiz istagan mavqeini zabt eta olasiz. 

Abdulaziz Rustamov, O‘zA
3 373