O‘zA O`zbek

06.09.2018 11:57 Chop etish versiyasi

“Kiki-challenge“ epidemiyasi“ yurtimizga ham yopirilib kirdi

“Kiki-challenge“ epidemiyasi“ yurtimizga ham yopirilib kirdi

Koʻcha-koʻyda chiroyli, yarashgan kiyim kiyganni koʻrsak havas qilamiz. Kinolardagi qahramonlar, taniqli sanʼatkorlarning kiyinishi, xatti-harakatlariga taqlid qilishni aytmasa ham boʻladi. Bu insonga xos odat. Hatto farzandlarimiz bolaligidanoq ota-onasiga oʻxshashga intiladi, taqlid qiladi.

Ammo aqli joyida, voqea-hodisalarni toʻgʻri anglay oladigan insonlar ham ayni kasallikka chalinganiga nima deysiz? Oʻzini biroz ehtiyot qilsa boʻlardi? Shunda bu yuqumli kasallik uning ongiga kirib olmasmidi? Bunda ham bir chegara, meʼyor boʻlishi kerak emasmi?

“Kiki-challenge“ epidemiyasi“ bizning yurtimizga ham yopirilib kirdi. Bu taniqli sanʼatkorlar tomonidan ommalashtirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini koʻz-koʻz qilish, atrofdagilar eʼtiborini tortish, diqqat markazida boʻlish “kasalligi” juda avj olayotgani maʼlum. Ammo bu odob-axloq chegarasini bosib oʻtish yoki milliy mentalitetimizga xos boʻlmagan xatti-harakatlarni bajarish mumkinligini anglatmaydi. 

Bu koʻngilxushlik, kayfiyatni koʻtarish, shunchaki raqsga tushish emas. Balki koʻr-koʻrona kimgadir taqlid qilish va madaniyatsizlikning bir koʻrinishidir. Buning ortida axloqsizlik bor, deyayotganimizning sababi, ushbu qoʻshiqning soʻzlariga borib taqaladi. Uni quyidagicha tarjima qildik:

Kiki meni sevasanmi? Sen kim bilansan? 

Sen meni hech qachon tashlab ketmayman, deb aytganding.

Men seni xohlayman, sen menga keraksan,

Va men har doim sen bilan koʻrishishga tayyorman...

Keyingi bandlarda boshqasini sevib qolgani, uni qora tanli yigitga almashtirayotgani haqidagi jumlalar ham bor.

Inson taom tanlayotganida uning sifati, tayyorlanishi, saqlanishi, foydasi kabi jihatlarga eʼtibor qaratadi. Aniqrogʻi ong bu kabi maʼlumotlarni “filtr”dan oʻtkazadi. Ammo madaniyatimiz, milliy tafakkurimizga berilayotgan ozuqani nega saralamay qabul qilayapmiz? Bugun biz oʻylamay bosgan qadamimiz, ertaga kelajagimiz, farzandlarimizning taqdiriga salbiy taʼsir koʻrsatmaydimi? Axloqsizlik, koʻr-koʻrona ergashish, taqlid qilish kabi illatlarning avj olishiga sabab boʻlmaydimi?

Nega atrofimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil etmasdan, beparvo, eʼtiborsiz boʻlayapmiz?

Ijtimoiy tarmoqlarda ham “ommaviy madaniyat”ning bu koʻrinishiga kimdir oʻylamay ergashayotgan boʻlsa, koʻpchilik qatʼiy qoralamoqda.

Mavluda: Madaniyat qani, uyat, ibo qani? Artistlarimizning ahvoli shu boʻlsa, boshqalardan nimani kutamiz...

Dilfuza: ...hamma narsaning joyi, vaqti, javobi bor, oʻzbekona tarbiya, madaniyatga umuman toʻgʻri kelmaydi.

Oʻzbekiston hududida endi avj olayotgan bu “kasallik“ boshqa davlat yoshu qarisining ongini allaqachon zaharlab boʻldi. Bunga qarshi taʼsir sifatida tasvir olishga ham ulgurishdi.

“Kiki-challenge“ tufayli qancha odam gʻildiraklar ostida qolib ketayotgani, turli falokatlarga yoʻliqayotgani har kuni internetda chiqib turibdi. 

Shunchaki bizni olomon sifatida har yoʻriqqa, istalgan maqomga “yoʻrgʻalatish” juda osonligi tashvishga soladi. Axir inson ongli mavjudot-ku. Koʻrgani, eshitgani, kimningdir qiligʻini koʻr-koʻrona takrorlashi qanchalik toʻgʻri?

Gʻarbliklar “Kiki-challenge“ pandemiyasiga qarshi kurashni allaqachon boshlab yuborgan. Masalan, ispan politsiyasi rasmiy saytida “Oʻsmir yoshlar avtomobil vositalarida ushbu fleshmobni qoʻllashi taqiqlanadi. Avtomobil oʻyinchoq emas, uni masʼuliyat bilan boshqaring“ degan taʼkidlar paydo boʻldi. Boadilya-del-Monte shahri huquqni muhofaza qiluvchi idorasi oʻzining rasmiy tvitteriga mazkur fleshmob oqibatida vafot etgan yoki jarohatlanganlar videosini joylashtirgan.

Yoʻl harakati qoidalarini nazorat qiluvchi yana bir yevropalik mutaxassis televideniye orqali: “Bu men internetda koʻrgan eng ahmoqona narsalardan biri. Siz, “hurmatli“ kasallik tarqatuvchilar, bu xatti-harakatingiz bilan, avvalo oʻzingizni, keyin esa boshqalarning hayotini xavf ostiga qoʻyayapsiz“, dedi. 

Qarmoqqa aylanayotgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan oʻlja olomon tomonidan saralab ham oʻtirilmayapti. Uni tarqatayotganlarga “ofarin, yashang, millatimizga zid illatlarni ommaviy yoyishga koʻmaklashayotganingiz uchun”, demasligimiz aniq. Bu maʼlumotlarga zid ravishda, kulgu asnosida tarqatilayotgan xabarlar eʼtiborimni tortdi. Qanday ajoyib taʼsir usuli. Ammo baʼzilar bu jarayonga juda berilib ketib, asl maqsadni ham unutib qoʻyayotgandek nazarimizda.

Barno Meliqulova, OʻzA
2 089