Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 17:08 Chop etish versiyasi

Kichik sanoat zonalaridan kimga, qanday foyda?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida sobiq «Mo‘ynoq baliq konserva» kombinati va ilgari 5-qurilish boshqarmasi joylashgan hududlardagi 20,5 gektar maydonda «Mo‘ynoq kichik sanoat zonasi» barpo etildi. 2018-2021 yillarda Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Taxiatosh, Beruniy, Amudaryo va Chimboy tumanlarida ham kichik sanoat zonalari tashkil etish rejalashtirilgan. Albatta, bu kabi sanoat zonalarini ko‘plab qurish mumkin, lekin bundan qanday foyda ko‘zlangan, degan savol paydo bo‘ladi.

Masalan, Prezidentimizning 2017- yil 3- maydagi «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni asosida "Nukus-farm" erkin iqtisodiy zonasi uchun Nukus tumani hududidan 50 gektar yer maydoni ajratildi. 2017- yil 13- sentabrda «Nukus-farm erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Asosan farmatsevtikaga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasida jami 48,9 million dollarlik 8 loyiha amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Kichik sanoat zonalari va erkin iqtisodiy zonalardan kim, qanday foyda ko‘radi? Quyida mutaxassislarning bu boradagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Jahongir Yunusov, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

– Bunday sanoat zonalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaror qilgan tadbirkor har tomonlama yutadi. Birinchidan, davlat mulkini 10 yillik uzoq muddatli ijaraga olish (boshqa turdagi davlat obyektini maksimal ijaraga berish muddati 5 yil) va minimal stavkalar bo‘yicha ijara haqini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tadbirkorlik subyektiga shu vaqt ichida investitsiya loyihasini amalga oshirish, kerak bo‘lsa, qurilish, ta’mirlash ishlarini olib borishga imkoniyat yaratib beriladi, muhandislik-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanadi. Ikki yilgacha foyda, mol-mulk va yagona soliq to‘lovlaridan ozod etiladi.

Aydos Qayipbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari:

– Kichik sanoat zonalari davlat qaramog‘idagi qarovsiz yotgan katta hududni egallab turgan ishlab chiqarish maydonlarini obodonlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. «Nukus-farm» erkin iqtisodiy zonasida hozircha 8 tadbirkorlik subyekti o‘z loyihalarini amalga oshirmoqda. Amalga oshirganda ham, loyihalar oddiy ishlab chiqarishga emas, yuqori texnologiyalar asosida mahsulotlarni eksportga yo‘naltirib, kerak bo‘lsa, import o‘rnini bosa oladigan mahalliylashtirish loyihasiga kiritilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Xomashyo va mineral resurslar, hududning taraqqiyot istiqbollaridan kelib chiqqan holda, farmatsevtikaga ixtisoslashtirilgan bu kichik sanoat zonasidan kelajakda yiliga 14,86 million dollardan ortiq mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Ichki bozorning mahsulot bilan ta’minlanishi bu alohida muvaffaqiyat degani. Ular yiliga 2267 tonnadan oshiq mahsulot ishlab chiqarishi va 1109 million 500 mingdan ortiq shpris, infuzion sistema, tibbiyot shisha idishlari, shuningdek, tayyor dori mahsulotlari yetkazib berishi nazarda tutilgan. Bu 563 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Kichik sanoat zonasining tashkil etilishi natijasida shu hududdagi aholi gaz, elektr va ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shimoliy avtovokzal ko‘chirilgandan so‘ng, bu yer shimoldagi 6 tumanga chiqish darvozasiga aylanadi. Shuningdek, kelajakda Buyuk ipak yo‘li trassasi ham shu yerdan o‘tishi kutilmoqda. «Nukus-farm» atrofidagi 50 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, ikki-uch qavatli ofislar, dorixonalar hududning ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shadi.

Xolida Matjonova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti O‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasi boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi:

– Yurtimiz sanoatida mahalliy shifobaxsh o‘simliklardan dori mahsulotlari tayyorlash dolzarb muammo bo‘lib kelmoqda. «Nukus-farm» ushbu muammo yechimi yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi. Nukus shahri hududida bir qancha kasalliklar bilan kurashishga imkon beradigan madaniy va yovvoyi dorivor o‘simliklar o‘sadi. Qandli diabet va jigar kasalliklari, gastrit, pankreatitni emlashda yordam beradigan, aterosklerozning oldini oladigan «Amarant» o‘simligi, ruhiyatning buzilishiga shifo bo‘ladigan «Adiraspan», ovqat hazmini yaxshilaydigan, bolalarda qabziyatni yengillashtiradigan «Sachratqi», og‘riqni qoldirish, balg‘am ko‘chirish xususiyatlariga ega «Altey», ichki qon ketishini, bo‘g‘imlardagi og‘riqni to‘xtatuvchi «Okopnik», nafas yo‘llari kasalliklarida davo bo‘ladigan «Qizilmiya ildizi», jigar, oshqozon, bronxit, kamqonlik va allergik xastaliklar davosi «Otquloq» singari tabiiy holda o‘sadigan va ko‘payadigan shifobaxsh o‘simliklar shular jumlasidandir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ko‘p tarqalgan, tez o‘sadigan va alohida parvarish talab qilmaydigan shifobaxsh o‘simliklar ko‘p. Ushbu o‘simliklardan mahalliy sanoatda xomashyo yoki tayyor dori ishlab chiqarish, ichki bozordagi dorilar bahosini arzonlashtirish, sintetik va sifatsiz dori-darmonlarni ichki bozordan siqib chiqarishga imkon yaratadi. Buning uchun ekologik toza hududlarda dorivor o‘simliklarni o‘stirish va ko‘paytirish maqsadida plantatsiyalar tashkil etish lozim. Yuqorida nomi zikr etilgan ilmiy hamda xalq tabobatida keng qo‘llaniladigan shifobaxsh o‘simliklar asosan yovvoyi holda o‘sib, urug‘idan ko‘payadi, yer tanlamaydi. Masalan, xalq tilida kovrak deb nomlanuvchi "Ferula" dorivor o‘simligining normal rivojlanishi uchun yiliga 150 millimetr namlik kifoya. Bu o‘simlik xalqaro tibbiyotda ichakni qurtlardan tozalash, immunitetni mustahkamlash, sil kasalligini davolashda foydalaniladi.

Ko‘rinadiki, kichik sanoat zonalari qanday sohaga ixtisoslashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash, foydalanilmasdan qarovsiz yotgan joylarda yangi, zamonaviy korxonalar barpo etish orqali bu yerlarni obodonlashtirish hamda faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasini ko‘tarishga xizmat qiladi.

M.Pirnazarova,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi

O‘zA
7 194